Barchamizga ma’lumki, Respublikamizda har bir insonga o‘z salohiyatini amalga oshirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tabiiy resurslarni tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va xalqaro munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan ishlar faol olib borilmoqda. Xalq salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini saqlab qolishiga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan yillar davomida xalqimiz tomonidan haydovchi va yo‘lovchilarni yozning jazirama issig‘idan himoya qilishda yetarlicha sharoitlar yaratish masalasi bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, murojaatlarda asosiy masala sifatida, yozning issig‘idan, quyoshning nurlaridan, ayniqsa, ultrabinafsha nurlaridan saqlanishda avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsat berish so‘ralgan.
Shunga ko‘ra, Respublikamizda “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (465-son, 28.07.2021 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 oktabrdan avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish bo‘yicha davlat xizmati faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
Qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra, avtotransportlar oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) ishlari avtotransport vositasi egasi tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.
Avtotransport orqa oynasining tusini yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish), shuningdek, old oynasining tepa qismi tusini 14 sm dan ko‘p bo‘lmagan polosa shaklida yorug‘lik o‘tkazuvchanligi cheklanmagan darajada o‘zgartirish (qoraytirish) uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.
Shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, davlat mulkini muhofaza qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori 2012 yil 4 iyul kunidagi 191-son bilan «Avtotransport vositalari konstruksiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risida»gi umumiy texnik Reglamentni tasdiqlash haqida Qarori tasdiqlangan. Mazkur Reglamentda barcha avtotransport vositalarda oynalarining tusini o‘zgartirish (qoraytirish) bo‘yicha talablar belgilangan.
Biroq keyingi yillarda avtotransport vositalari egalari tomonidan Reglament talablariga rioya qilmaslik holatlari, masalan, old oynalarni tusini (qoraytirish) belgilangan me’yordan ortiq, ko‘zgu effekti bilan oynadan foydalanishlar, ranglarni to‘g‘ri idrokini buzilgan holda qoraytirish va hokazolar ko‘payishi tendentsiyasi kuzatilmoqda.
Bunday nizolarga oydinlik kiritish hamda oldini olish maxsus uskunalar va mutaxassislar yordamida amalga oshirilish mumkin bo‘ladi, shunga ko‘ra, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-avtotexnika laboratoriyasida yangi turdagi tadqiqotlar joriy qilinib, ulardan biri Transport vositalari oynalari tusi o‘zgartirilganligini aniqlash tadqiqotlari bo‘lib, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tomonidan fuqarolar va yuridik shaxslarga mutaxassis fikrini, dastlabki tergov va sud-tergov organlariga sud ekspert xulosalarini berilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur tadqiqotlarni amalga oshirish uchun “TONIK” uskunasi yordamida amalga oshiriladi, ushbu uskuna oynalarning yorug‘lik o‘tkazuvchanligini o‘lchash uchun mo‘lljalangan. Shuningdek, hozirgi kunda sud-avtotexnika ekspertizalarini bajarish jarayonida transport vositalarning oynalarini “TONIK” uskunasi yordamida yorug‘lik o‘tkazuvchanligini o‘lchash uchun ekspertlar va mutaxassislar uchun uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari, Respublika sud ekspertiza markazining Sud-avtotexnika laboratoriyasida bir qator yangi tadqiqot turlari joriy etilgan va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, transport vositalarni zamon talablariga mos ravishda tadqiqotlar olib borilmoqda. Batafsil, Markazining Sud-avtotexnika laboratoriyasining faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar www.sudex.uz web-saytida yoritilgan.
Murodjon Zaxidovich Maxkamov – X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti direktori