Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi

Turli toifadagi jinoiy ishlarni tergov qilish va sudda ko‘rishda tolali tabiatga ega bo‘lgan ob’ektlarning (to‘qimachilik materiallari) tadqiqoti voqea vaziyatlarini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, nomusga tegish, qotillik, odam o‘ldirish va yo‘l transport hodisalari bo‘yicha jabrlanuvchi, ayblanuvchilarning kiyim-kechaklari va har xil buyumlar sathida qolgan mayda tolalarni tekshirish alohida ahamiyatga ega.

Predmeti: Maxsus bilimlar asosida ushbu tolalarni o‘zaro solishtirish orqali umumiy manbaini belgilash, tekshirilayotgan moddalarni ma’lum bir sinf, turga taalluqliligini aniqlash bilan bog‘liq faktlar ekspertizaning predmetini tashkil qiladi.

Ob’ektlari: Ko‘p hollarda tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (qop, gazlama, choyshab va boshq.), shuningdek, arqonlar, tasmalar va ip qoplamali elektr simlaridan jinoyatchilar o‘z qilmishlarini bekitishda keng foydalanishadi. Voqea sodir bo‘lgan joydan olingan bunday ashyoviy dalillarni ushbu ekspertiza turining ob’ektlaridir.

Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar:

– A.ning shimi va futbolkasida B.ning ichki ko‘ylagi va lozimi tolalari bilan turdosh tola zarralari bormi va aksincha?

– ZIL-130 avtomashinasining kardanida tolali materiallar bormi, agar bo‘lsa, ular jabrlanuvchi shimining tolalari bilan turdoshmi?

– Voqea joyidan topilgan tugma gumon qilinuvchidan olingan ip bilan tikilmaganmi?

– Taqdim etilgan kiyim qayta bo‘yalganmi? Agar bo‘yalgan bo‘lsa uning dastlabki rangi qanday bo‘lgan?

– Voqea joyidan olingan yong‘in qoldiqlarida to‘qimachilik materiali va buyumlarning yoki ularning qismlaridan tolalar bormi? Agar bo‘lsa, ularning turi va ishlatilish sohasi aniqlansin.

Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Ashyoviy dalillarning o‘z vaqtida to‘g‘ri olinishi hamda o‘zgartirmay ekspertiza muassasasiga yetkazilishi ekspert tekshiruvlarini samarali olib borilishining muhim omilidir.

Surishtiruvchi, tergovchi va sudya kiyimlarning o‘zaro kontaktda bo‘lganligini aniqlashga qaratilgan ekspertizaga ashyoviy dalillarni olish va ko‘zdan kechirish haqidagi bayonnomalarni taqdim qilishi lozim. Bayonnomada ashyoviy dalil sifatida olingan kiyimlar voqea sodir bo‘lgandan keyin tozalanganligi, yuvilganligi va ishlatilganligi to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar keltirilishi shart.

Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlarni topib olib qo‘yishda quyidagi qoidalarga rioya etish lozim:

– tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlarni ko‘zdan kechirishda lupa, qo‘lqop va pinsetdan foydalanish;

– tolali ashyolarni bir-biriga tegishiga yo‘l qo‘ymaslik;

– har bir kiyim alohida ko‘zdan kechirish, agar kiyim ho‘l bo‘lsa, quritish;

– har bir kiyimni alohida g‘ilofga (qalin qog‘ozga o‘rash yoki polietelen paketchaga) joylash va tegishli ma’lumotlarni yozib qo‘yish.

Shuni ham yodda tutish kerakki, mikrotolalar bo‘yicha ekspertiza boshqa turdagi ekspertizalardan (trasologik, ballistik, sud-tibbiy va boshq.) oldin o‘tkazilishi kerak, chunki ularni bajarish vaqtida mayda tolalar yo‘qolishi mumkin. Bu talabga amal qilinmaslik noto‘g‘ri xulosa berishga yoki ekspertiza oldiga qo‘yilgan masala yechilmay qolishiga olib kelishi mumkin.

Quyidagi talablarga rioya qilish yuqorida qayd etilgan xatolarni oldini oladi:

– ashyoviy dalillarni ko‘zdan kechirishni va tekshirishni usti silliq qalin qog‘oz yoki rangsiz sintetik plyonka solingan stol ustida olib borish;

– gumondor va jabrlanuvchi shaxslarning kiyimlari o‘zaro bir-biri bilan aloqada (kontaktda) bo‘lganligini aniqlash maqsadida ularni olib qo‘yish va ekspertizaga yo‘llashda bir-biriga tegib ketishdan (surkalishidan) ehtiyot qilish;

– sathida tola zarralari qolishi mumkin bo‘lgan kiyim va boshqa buyumlar boshqa tolali buyumlarga (masalan, tergovchining kiyimi, mebel matolari va h.k.) bilan surkalishga yo‘l qo‘ymaslik;

– ashyoviy dalillarni (kiyimlar) silkitish-qoqish, tozalash, yuvishga yo‘l qo‘ymaslik;

– har bir ashyoviy dalil alohida taxlanib qalin oq qog‘oz o‘rash yoki polietilen qopchaga solish;

– ashyoviy dalillarni (kiyimlar) gazetaga o‘ramaslik;

– nam kiyim-boshlarni albatta quritib taxlash kerak, chunki ulardagi biologik moddalar (qon, so‘lak va h.k.) quritilmasa kiyim buzilishi hamda tekshirishga yaroqsiz bo‘lib qolishi mumkin;

– har bir ashyoviy dalil solingan paketning tartib belgisi va tegishli izoh yozuvi bo‘lishi kerak;

– mayda tolalar yo‘qolmasligi uchun sathida mayda tolalar bo‘lishi mumkin bo‘lgan buyumlar (sovuq qurol, transport vositalarining alohida qismlari va detallari) juda ehtiyotlik bilan qog‘ozga o‘ralishi lozim;

 – transport vositalar, to‘siqlar va boshqa ko‘zdan kechirish murakkab bo‘lgan ob’ektlarda qoldirilgan qatlamlar yoki zarrachalar mutaxassislar ishtirokida olinishi shart;

– jabrlanuvchi, gumonlanuvchi shaxslarni har bir barmog‘ining tirnoq ostidagi mayda zarralarni alohida oq qalin qog‘ozga yoki probirkaga solish;

 – yongan narsalarning qoldiqlarini va mo‘rt ob’ektlarni shisha idishga solib, dastlabki ko‘rinishini o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak;

– qog‘ozga o‘ralgan ob’ektlarni asrash maqsadida qo‘shimcha plyonka qopchaga solish maqsadga muvofiqdir.

Skip to content