Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi

      Ish xaqi fondlarini me’yordan ortiqcha sarflanishi, mehnat resurslaridan samarasiz foydalanishiga oid dalillarni aniqlashda huquqni muhofaza qilish idora xodimlari tomonidan sud-mehnat iqtisodi ekspertizasidan foydalanishni taqozo etadi.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasining predmeti bo‘lib, mehnat va ish haqi to‘lovlari hujjatlaridagi ish haqini to‘lash, ularni hisobotlarda to‘g‘ri aks etishi, mehnat va ish haqini rejalashtirishdagi qoida buzilish holatlarini aniqlash hisoblanadi.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi ob’ektlari bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:

  1. a) iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish rejalari (texnik iqtisodiy reja me’yorlari, mehnat va xodimlar bo‘yicha rejalar, iqtisodiy barqarorlashtirish fondi rejalari) ko‘rsatkichlari, asoslovchi hisob-kitoblari bilan;
  2. b) rejalashtirish va reja ko‘rsatkichlari o‘zgarishlari bo‘yicha hujjatlar, ish haqi fondi va moddiy rag‘batlantirish fondi rejalari, faoliyat turlari, choraklar bo‘yicha yillik tasdiqlangan holda;
  3. v) birlamchi hujjatlar (buyruqlar, ishga qabul qilish, boshqa ishga o‘tkazish, mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar, shaxsiy varaqalar, mehnat ta’tiliga chiqish bo‘yicha buyruqlar, ish haqi va ish soati bo‘yicha tabellar, to‘lov, hisob-kitob qaydnomalari);
  4. g) o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari (bajarilgan ishlarni nazorat o‘lchov dalolatnomalari);
  5. d) yig‘ma hujjatlar (yig‘ma tabellar, brigadalar bo‘yicha oylik ish haqi hisob-kitoblari, sex-uchastkalar bo‘yicha hisoblangan mukofot qaydnomalari);
  6. ye) mehnat bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlarni bajarilishi bo‘yicha davlat statistika hisobotlari hujjatlari.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi ham hal etadigan vazifalariga ko‘ra uch guruhga bo‘linadi.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi tomonidan hal etiladigan birinchi guruh vazifalari korxonada ishlayotgan ishchilar soni hisob-kitobi, qo‘llanilayotgan tarif setkasining asosliligi va ushbu ma’lumotlarning korxona hisobotlarida to‘g‘ri aks etganligi bo‘lib, quyidagi masalalarni hal etadi:

– korxona ishlab chiqarish tarkibining soni, tizimi va tuzilmasi hamda undagi o‘zgarishlarni iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri;

– mehnatga xaq to‘lash tarif sistemasini inobatga olgan holda xodimlarning lavozim darajalari  bo‘yicha hisob-kitobining asosliligi;

– yuqorida keltirib o‘tilgan holatlarning tashkilot (korxona) hisobotlarida to‘g‘ri aks etishi.

Birinchi guruhning asosiy vazifalaridan biri – ishlab chiqarish jarayonining to‘xtovsiz ishlashi va shartnomaviy majburiyatlarning bajarilishini ta’minlovchi har xil darajadagi ishchi xodimlarga bo‘lgan talabni aniqlashdir.

Ikkinchi guruhning asosiy vazifalaridan biri ish haqi fondining to‘g‘ri shakllanishi va chiqim qilinishi hamda ularning hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirilganligini aniqlashdir.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi ish haqi fondiga taalluqli quyidagi masalalarni hal etadi:

– ish haqi fondi (mehnatga haq to‘lash fondi) taqsimlanishi va ajratilishini asosli va to‘g‘riligini aniqlash;

– ish haqi fondi sarflanishining asosliligi, uning belgilangan me’yordan chetga chiqishi va buning sabablari aniqlash;

– mehnatga haq to‘lash fondiga korxonaning ishlab chiqarishiga taaluqli bo‘lmagan to‘lovlarning ta’siri aniqlash;

  • ishchi xodimlarni ish haqi fondidan mukofatlashni asosliligini aniqlash;

– zararli, o‘ta zararli sharoitlarda ishlovchi ishchi xodimlarga to‘lanadigan qo‘shimcha haqlarning asosliligini aniqlash;

– mehnatga haq to‘lash fondi bo‘yicha aks etgan ma’lumotlarni korxona hisobotlarida to‘g‘ri aks ettirilganligini aniqlash.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasi hal etadigan uchinchi guruhga taalluqli vazifalar ish haqi bo‘yicha mehnatni rejalashtirish va rejalarni bajarish vaqtidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash hisoblanib, u quyidagi savollarni hal etadi:

– ish haqi fondi bo‘yicha mehnat reso‘rslarini ajratish va ulardan foydalanishdagi qoidabuzilish holatlarini aniqlash;

– ish haqi va mehnat ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha hisobotlarni tuzilishi va to‘g‘ri rejalashtirilishini ta’minlovchi shaxslar doirasini aniqlash.

Sud-mehnat iqtisodi ekspertizasini o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1) xodimlar ro‘yxati;

2) rejalashtirilgan texnik-iqtisodiy me’yorlar; iqtisodiy rag‘batlantirish, ish haqi jamg‘armasi, moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasi bo‘yicha rejalar;

3) ish vaqtini hisoblash tabeli;

4) ish haqi bo‘yicha shaxsiy hisoblar;

5) ishchilar soni bo‘yicha qaydnomalar;

6) shaxsiy moddiy javobgarlik haqidagi shartnomalar;

7) statistik hisobotlar.