Korrupsiya, poraxo‘rlik, firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlarni ochish va tergov qilish murakkab hisoblanadi. Ko‘pincha pora olish va berish hech qanday guvohlarsiz sodir bo‘ladi. Shuning uchun tergov idoralari bu jinoyatlarni ochishda hozirgi zamon kriminalistika vositalaridan foydalanadi. Ular qatorida maxsus kukunlar va markerlar (qalamlar) ekspertizasi keng qo‘llaniladi.
Ob’ektlari: Ko‘zga ko‘rinmaydigan maxsus kukunlar (lyuminofor) va maxsus markerlar (qalamlar), pul kupyuralari, kiyim, konvert, gazeta, har xil predmet tashuvchilar.
Maxsus kukunlar va maxsus qalamlarning sud kimyoviy ekspertizasi oldiga quidagi savollar qo‘yiladi:
–ekspertizaga taqdim etilgan ashyoviy dalillarda (pul kupyuralarida, kiyimlar sathida, qo‘llardan artib olingan surtmalarda va h.k.) maxsus kukun izlari mavjudmi?
– ekspertizaga taqdim etilgan pullarda maxsus kukun va maxsus qalam izlari mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, ular taqqoslash uchun yuborilgan maxsus kukun va maxsus qalam namunalari bilan turdoshmi?
– ekspertizaga taqdim etilgan pullardagi «Pora» yozuvi namunasi taqdim qilingan maxsus qalamning yozuvi bilan bir xilmi?
Maxsus kukunlar va maxsus qalamlar ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Maxsus kukunlar ekspertizasini tayinlash o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ekspertizaga yuboriladigan ashyoviy dalillar (pul kupyuralari, kiyim, konvert, gazeta va h.k.) bevosita olingan joyida (masalan, gumon qilinuvchi shaxs ushlangan yerda) ko‘zdan kechiriladi. Bunda ashyoviy dalillar bilan ishlashda ehtiyotkorlik zarur, chunki undagi maxsus kukunlar izlari kam bo‘lib, yo‘qolib ketishi mumkin. Ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida qadoqlanadi va tegishli izohnoma surishtiruvchi yoki tergovchi, xolislar tomonidan imzolanadi. Ekspertizaga ashyoviy dalillar bilan birga quyidagi hujjatlar taqdim qilinishi lozim: ashyoviy dalillarga maxsus kukunlar bilan ishlov berish bayonnomasi, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomasi, ashyoviy dalillarni olib qo‘yish bayonnomasi. Ushbu hujjatlarning kseronusxalari ekspertga taqdim etilishi zarur.