Sud-biologiya ekspertizasi
Sud-biologik ekspertizasi ikki turga bo‘linadi:
1)sud-botanik ekspertizasi – o‘simliklarni tekshirish;
2)sud-zoologik ekspertizasi – hayvonlar bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektlarni tekshirish.
Odam o‘ldirish, zo‘rlash, o‘g‘rilik, yong‘in sodir etish, yo‘l-transport voqealari, noqonuniy tabiblik, zaharlash kabi jinoiy ishlarni ko‘rish jarayonida sud-biologik ekspertizasi tayinlanadi. Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-biologik ob’ektlarning zarralarini, izlarini topish;
-uning tabiatini aniqlash;
-ob’ektning qaysi tur, turkumga kirishini bilish;
-bir necha ob’ektlarning ma’lum bir tur va turkumga taalluqliligini aniqlash maqsadida solishtirib tekshirish;
-ob’ektning vaqtincha xususiyatlari (yoshi, rivojlanish bosqichi)ni aniqlash;
-ob’ektni o‘zgarish sabablari (malum bir sharoitda saqlash, mexanik ta’siri) ni aniqlash.
Sud-biologik ekspertiza ob’ektlariga, jumladan, quyidagilar kiradi: o‘simlik va uning qismlari (yog‘ochi, po‘stlog‘i, poyalari, barglari, ildizi, urug‘i,mevalari, guli), o‘simlik mahsulotlari (un, yorma(krupa), kraxmal, choy, tamaki), yem-xashak (pichan, somon, silos, kunjara), qog‘oz, karton, asal, hayvonlar tanasidan chiqqan qil va terisi, parrandalarning (qushlarning) pari va patlari, baliq tangachalari, hayvonlar axlati.
Daraxt yog‘ochi, po‘stlog‘i qotillik, o‘g‘rilik, o‘t qo‘yish, o‘rmon ho‘jaliklariga zarar yetkazish kabi jinoiy ishlarni fosh etishda ob’ekt tariqasida uchraydi. Ko‘pincha ularning mayda bo‘lakchalari-zarralari jinoiy ishni sodir etishda foydalangan asboblar (arra, bolta, lom)da, jabrlanuvchi va gumon qilinayotgan shaxslarning kiyimlarida transport vositalarida boshqa buyumlarda uchraydi.
Bunday hollarda ekspert hal etishi uchun quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
-Taqdim qilingan buyumlar (pichoq, arra, bolta) da yog‘och va daraxt po‘stlog‘i zarralari bormi?
-Hodisa joyidan olingan pichoqning yog‘och dastasi qanday daraxtdan yasalgan?
-Pichoqda, arrada, lomda, boltada topilgan yog‘och zarralari hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan yog‘och zarralari bilan daraxt yog‘ochining bir turi (turkumi) ga mansubmi?
-Avtomashinadan topilgan yog‘och zarrachalari yo‘l chetida o‘sayotgan daraxt turiga mansubmi?
Maydalangan va o‘zgargan o‘tsimon va daraxtsimon o‘simliklar bargining zarralarini tekshirish zarurati qotillik, zo‘rlash, o‘g‘rilik, zaharlanish, noqonuniy tabiblik qilish va boshqa jinoiy ishlarni ko‘rayotganda tug‘iladi.
Bu zarralar jabrlanuvchi va gumon qilinayotgan shaxsning ustki kiyimida transport vositasida, tuproq, qatlamlarida, oshqozonda, dorivor xomashyoda, o‘simlikdan qolgan dog‘larda, ko‘pincha, bu zarralar tashqi morfologik xususiyatlari bo‘yicha qaysi botanik turga taalluqligini aniqlash imkoniyati bo‘lmagan holda uchraydi.
Maydalangan, shakli o‘zgargan barg zarralarini tekshirishga yuborayotganda tergov tashkilotlari tomonidan quyidagi vazifalar qo‘yilishi mumkin:
-barg zarralari o‘simlikning qaysi tur va turkumga mansubligini aniqlash.
Bunday hollarda odatda ish materiallarida (hujjatlarida) zarralarni taxminan o‘simliklarning tor ma’lum bir doirasiga mansub bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar keltiriladi:
-topilgan barg zarrachasi (lari) voqea joyidan olingan butun o‘simlik namunasi bilan bir xil tur (turkum)ga mansubmi;
-topilgan bir necha xil barg mayda zarralari bir tur (turkum)ga mansubmi.
By vazifalarni bajarishda ekspert hal etish uchun quyidagi savollar qo‘yiladi:
-Tekshirishga taqdim etilgan barg zarralari o‘simliklarning qaysi turi (turkumi)ga mansub?
-Gumon qilinayotgan shaxs kiyimidagi dog‘lar qanday hosil (paydo) bo‘lgan? Agar o‘simlikdan paydo bo‘lgan bo‘lsa, voqea joyidan olingan o‘simlik turiga taalluqli bo‘lgan o‘simlikdan paydo bo‘lganmi?
-Gumon qilinayotgan shaxsning kiyimidan olingan barg zarralari va voqea joyidan olingan o‘simlik bir tur (turkum)ga taalluqlimi?
-Jabrlanuvchining oshqozonidan olingan barg zarralari o‘simliklarni qaysi turi (turkumi)ga mansub?
-Gumon qilinayotgan shaxsdan musodara qilingan moddaning tarkibidagi barg (zarralari hamda jabrlanuvchi oshqozonidan olingan barg zarralari o‘simliklarning bir xil tur (turkumi)ga mansubmi?
Don-dun o‘g‘irlash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy ishlarni fosh etishda odatda sud-biologik ekspertiza don namunalarning qaysi turkumga mansubligini aniqlash uchun tayinlanadi. Ekspert oldiga quyidagi savollar qo‘yiladi:
-Gumon qilinayotgan shaxsdan va omborxonadan olingan donlar bir umumiy manbaga mansubmi?
-Gumon qilinayotgan shaxsdan va omborxonadan olingan donlar avval bitta umumiy massada bo‘lganmi?
Hayvonlar juni qotillik, zo‘rlash, transport bosib ketishi, o‘g‘rilik, hayvonlarni noqonuniy yo‘l bilan o‘ldirish, uy hayvonlarini o‘g‘irlash, teri, jun mahsulotlarini o‘g‘irlash va shu kabi jinoiy ishlar ko‘rilayotganda tez-tez sud-biologik ekspertizasi ob’ektlari tariqasida uchrab turadi.
Junning ekspertizasi quyidagi vazifalarii hal etadi:
-topilgan ob’ekt junmi (sochmi);
-topilgan jun (soch) odamnikimi yoki hayvonnikimi;
-agar bu jun hayvonniki bo‘lsa, u holda hayvonlarning qaysi turi (urug‘dosh, oiladoshlari) ga mansub;
-tekshirilgan junlar hayvonlarning bir turi (urug‘dosh, oiladoshlari)ga mansubmi;
-jun ma’lum bir hayvon (ot, qo‘y, eshak)nikimi, yoki junli mahsulot (ondatradan quloqchin, qo‘y terisidan shuba) ga taalluqlimi;
-soch tolalari yulib olinganmi yoki o‘zi to‘kilganmi;
-soch tolalariga qanday tashqi mexanik ta’sir ko‘rsatilgan.
Ekspert oldiga hal etish uchun qo‘yilgan vazifalarni bajarish tekshirishga taqdim etilgan jun (soch) tolalarning soni va holatiga bog‘liq.
Uy parrandalarini o‘g‘irlash, otish bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy ishlar ko‘rilganda sud-biologik eks-pertizasiga pat va par kelishi mumkin. Boshqa sud-biologik ob’ektlari kabi bu ob’ektlarni ham tekshirishdan maqsad ularning qaysi taksonomik turga mansubligini aniqlashdir.
Parrandalar pari va patlari tekshirilayotganda ekspertizaga hal etish uchun quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
-Ekspertizaga taqdim qilingan ob’ekt parranda pati va parimi?
-Agar bu ob’ektlar parranda pari va patlari bo‘lsa, qaysi parrandaga mansub?
-Par va patlar bo‘lakchalari parrandalarning qaysi bir turi, oiladoshiga mansub?
-Ekspertizaga taqdim etilgan par bilan pat parrandalarning bir turiga mansubmi?
-Tekshirilgan par va patlar namunaga olingan par va patlar bilan bir xilmi?
-Tekshirilgan par va patlar ma’lum bir turkum parrandasiga mansubmi?
Bu ob’ektlar o‘ziga xos ma’lum xususiyatlarga ega bo‘lgan taqdirdagina yuqorida keltirilgan vazifalarni bajarish mumkin.
Sud-biologik ekspertizasiga tekshirish uchun baliq tangachasi ham kelishi mumkin. Bunday hollarda savollar quyidagicha bo‘ladi:
-ushbu ob’ektlar- baliq tangachalarimi?
-baliq tangachalari baliqlarning qaysi turi (oilasiga) ga mansub?
-baliq tangalari ma’lum bir turdagi baliqlarga mansubmi?
-Shu tekshirilgan baliq tangalari mansub bo‘lgan baliqning yoshi nechada?
-Baliq tangachalari namunalari bir tur baliqqa mansubmi?
-Baliq tangachalari (baliq) tuzlanmaganmi yoki quritilmaganmi?
-Ushbu tekshirilayotgan baliq tangachalariga mansub bo‘lgan baliqning yoshi nechada?
Ekspertizaga yana hayvonlar terisi, qayta ishlovning barcha bosqichidan o‘tgan va tayyor mahsulot holida teri bo‘laklari taqdim etilgan bo‘lishi mumkin.
Bunday hollarda ekspert hal etishi uchun shunday vazifalar qo‘yilishi mumkin:
-taqdim etilgan bo‘lakchalar terimi, agar teri bo‘lsa hayvonlarning qaysi turiga mansub;
-taqdim etilgan buyumlar (to‘pponcha qini,pichoq qini, kamar, qo‘lqop) tabiiy teridan tayyorlanganmi yoki sun’iy teridanmi;
-taqdim etilgan teridan tayyorlangan buyum qaysi tur hayvonlarga mansub;
-taqqoslanayotgan teridan qilingan buyumlar bir tur hayvonlarga mansubmi yoki bir necha turgami;
-taqdim etilgan teri mahsulotlariga qanday tashqi mexanik ta’sir ko‘rsatilgan (issiqlik, namlik).
Ekspertizaning muvaffaqiyatli hal bo‘lishi tergovchining materiallarni tekshirishga nechog‘lik mukammal rasmiylashtirishiga bog‘liq.