Sud-ballistik ekspertizasi

Sud-ballistik ekspertiza an’anaviy kriminalistik ekspertizalarning alohida bir sohasi hisoblanadi. Ushbu turdagi kriminalistik ekspertizalarning o‘ziga nazariy
va ilmiy-amaliy maxsus bilimlarning majmuasini qamrab olgan ilmiy asosi sud ballistikasi hisoblanadi.

Sud ballistikasi – kriminalistik texnikaning, o‘qotar qurollar, ularning patronlari va ularning qism va mexanizmlari hamda tarkibiy qismlari, o‘qotar qurollar va patronlarning ishlatish izlari bo‘yicha ma’lumotlarni aks etishi va olish qonuniyatlarini o‘rganadigan, jinoyatlarni ochish va tergov qilish hamda jinoyatchilikni oldini olish maqsadida yuqorida sanab o‘tilgan ob’ektlarni aniqlash, qayd etish, olish, saqlash va tadqiqot qilish uchun texnik usullar, vosita va metodlar ishlab chiqadigan bir sohasidir.

Ballistik ekspertiza – qonunda belgilangan protsessual shaklda tegishli ekspert xulosasini rasmiylashtirish bilan, tergov harakatlari va sud muhokamasi jarayonida o‘qotar qurol, o‘q-dorilar va ularning ishlatish izlari haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotlarni olish maqsadida o‘tkaziladigan maxsus ekspertiza tadqiqotlaridir.

 

Tadqiqot obyektlari:

  • buyumlar, o‘qotar qurollar va ularga o‘xshash qurilmalar;
  • qurollarning alohida qismlari va qurollarning tarkibiy jihozlari, qurollar saqlangan joylar;
  • jarohatlar: o‘q tekkan buyumlardagi o‘q yoki sochma o‘q tegishidan hosil bo‘lgan teshiklar, yoriqlar, ular atrofidagi kuyishlar; snaryad, gilza va pijlar deformatsiyalangan va ajralgan bo‘laklari;
  • zaharlovchi (ko‘zni yoshlantiruvchi, nafasni bo‘g‘uvchi), tutun hosil qiluvchi, bo‘yovchi ampulalar va boshqa zaryadlar bilan otuvchi qurilmalar;
  • o‘qotar qurol hisoblanmaydigan, ammo ularga o‘xshash buyumlar, masalan, qurilish montaj to‘pponchalari, gaz-signal qurol va moslamalari;
  • jangovar o‘q-dorilar, ya’ni patronlar va ularning alohida qismlari (gilza, kapsyul, o‘qlar, sochma o‘q, kartech (pitra), bo‘linib ketgan o‘qlarning parchalari va boshqa);
  • qurol stvollarining ishib va yorilib ketishi, qurolning alohida qismlarining buzilishi;
  • miltiq patronlari gilzalarini bilan jihozlash uchun mo‘ljallangan maxsus moslamalar;

  • o‘qotar qurol va jangovar o‘q-dorilarning tayyor bo‘lmagan va yarim tayyor alohida qismlari, ularning chizmalari va qolip-nusxalari, nomerli belgilar yozish uchun maxsus moslama-puansonlar;
  • moddalar: tutunli va tutunsiz porox va uning tarkibiy qismlari hamda gugurt donalari dorisi;
  • jarohatlangan buyumlardagi o‘q tegishidan hosil bo‘lgan va qurol, gilza, o‘q, pijlardagi qurum, quroldan otgan shaxsning qo‘llaridan olingan qurum;
  • moddiy qayd etiluvchi akslar, o‘q va gilzalardagi, ularni mahkamlash uchun ishlatilgan asbob-uskuna va otish uchun ishlatilgan qurol qismlaridan qolgan ezilish va shilinishlar;
  • snaryadlardagi, ularni tayyorlashda ishlatilgan press-shakl hamda gilza og‘zidan qolgan ezilish va shilinishlar;
  • jarohatlangan buyumdagi, o‘q tegishidan hosil bo‘lgan teshik atrofidagi, qurol stvoli oldi kesimining aksi (“shtansmarka”);
  • o‘q tegishidan hosil bo‘lgan kirish jarohatlari atrofidagi, snaryadlarning ishqalanish ta’sirida vujudga kelgan halqa – ishqalanish halqasi.

 

Ballistik ekspertizalarda hal etiladigan savollar. Ballistik ekspertizalarni o‘tkazish natijasida ekspertlar tomonidan quyidagi savollarga javob berilishi mumkin:

–  Klassifikatsion turdagi vazifalarni bajarishda:

– taqdim etilgan buyum o‘qotar qurollarga va o‘q-dorilar turkumiga tegishlimi?

– taqdim etilgan qurol qaysi tizim, model, namunaga taalluqli?

– taqdim etilgan qurolning (patron) kalibri qanday?

– tekshirilayotgan patronlar qurolning qaysi turiga, tizimiga taalluqli?

– berilgan o‘q va gilza qaysi model va namunaga taalluqli?

– berilgan o‘q qaysi usulda tayyorlangan?

Skip to content