Odam o‘ldirish, zo‘rlash, zaharlanish, ko‘zbo‘yamachilik, o‘g‘irlik, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarni qo‘llash, tayyorlash, saqlash va sotish kabi har xil toifadagi jinoiy ishlarni tergov qilish, sudda ko‘rish jarayonida giyohvandlik va kuchli ta’sir qilish xususiyatlariga ega bo‘lgan dori vositalari, ko‘knori, nasha va boshqa o‘simliklardan qo‘lda tayyorlangan giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlar ashyoviy dalil sifatida uchrashi mumkin.
Predmeti: Maxsus bilimlar asosida ushbu moddalarning muayyan massalarini o‘zaro solishtirish orqali umumiy manbaini belgilash, tekshirilayotgan moddalarni ma’lum bir sinf, turga taalluqliligini, ularning o‘sgan joyi, vaqti va ishlab chiqarish usulini aniqlash bilan bog‘liq faktlar ekspertizaning predmetini tashkil qiladi.
Giyohvandlik vositalarining ob’ektlari: Nasha va ko‘knor o‘simliklari, ulardan qo‘lda tayyorlangan giyohvandlik vositalari, farmasevtika sanoatida va dorixonalarda tayyorlangan giyohvandlik dori vositalari shu ekspertizaning ob’ektlaridir.
Psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning ob’ektlari: kukun (poroshok)lar, tabletkalar, eritmalar, surtmalar, aralashmalar va ularning qoldig‘ini saqlaydigan turli buyumlar (shpris, igna, ampula, stakan, piyola va boshq.) farmasevtika sanoatida ishlab chiqarilgan uyqu chaqiruvchi va narkotik xususiyatlariga ega bo‘lgan barbitur kislotasi va benzodiazepin hosilalari (barbital, natriy barbitali, barbamil, fenobarbital, natriy etaminali, siklobarbital, geksabarbital, noksiron, xloralgidrat, xlorbutanolgidrat va boshq.), markaziy asab tizimini tinchlantiruvchi psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, fenotiazin, butirofenon qatori preparatlari, epilepsiyaga qarshi va neyroleptik hamda boshqa kuchli ta’sirga ega, tana skeletining mushaklarini bo‘shashtiruvchi va shunga o‘xshash me’yordan ko‘p qabul qilganda narkotik ta’sir etuvchi dorivor preparatlar bo‘lishi mumkin.
Prekursorlarning ob’ektlari: kukunlar (poroshok), suyuqliklar va ularning qoldig‘ini saqlaydigan turli buyumlar (shpris, igna, ampula, stakan, shisha idish va boshq.), ishlab chiqarishda qo‘llanadigan organik erituvchilar: aseton, toluol, etil efiri, metiletilketon, piperidin; kislotalar: antranil, N-asetilantranil, sulfat, xlorid kislotalari, lizergin kislotasi; alkaloidlar: ergometrin, ergotamin, efedrin va h.k. bo‘lishi mumkin.
Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlar ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar qisqa, aniq, ekspertning bilimiga taalluqli bo‘lishi kerak, jumladan:
– voqea joyidan olingan, topilgan modda(lar) giyohvandlik vositasi (psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi modda yoki prekursor)mi, agar giyohvandlik vositasi (psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi modda yoki prekursor) bo‘lsa, qaysi turiga mansub?
– taqdim etilgan ob’ektlar (shpris, igna va shisha idishlar)da giyohvandlik vositasi (psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi modda yoki prekursor) ning qoldig‘i mavjudmi?
– taqdim etilgan o‘simlikning tarkibida giyohvandlik vositalari bormi?
– gumon qilinayotgan shaxsdan va uning uyidan musodara qilingan namunalar umumiy bir tur yoki turkumga mansubmi, agar shunday bo‘lsa, qaysi tur yoki turkumga taalluqli?
– musodara qilingan moddalar umumiy manbaga (umumiy massaga) mansubmi?
– musodara qilingan moddalarga qo‘llanilgan xomashyo va ularning o‘sgan joyi, tayyorlanishi, ishlab chiqarilish usuli, saqlash sharoiti bo‘yicha umumiy manbaga mansubmi?
– musodara qilingan o‘simlik ma’lum bir tomorqada o‘sganmi?
Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlar ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarni tekshirishda ekspertiza oldiga qo‘yilgan vazifalarning samarali bajarilishi materiallarni ekspertizaga to‘g‘ri tayyorlash bilan bog‘liq. Bu faoliyat ob’ektlarni olib qo‘yish, protsessual rasmiylashtirish va ekspertiza tayinlashni o‘z ichiga qamrab oladi.
Surishtiruvchi yoki tergovchi voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasida ekspertiza o‘tkazishga oid hamma voqea va ma’lumotlarni ko‘rsatishi lozim. Jumladan, giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda prekursorlarni topilgan joyi, uning saqlanish sharoiti (namlik, yorug‘lik) aniq belgilanadi. Agar ekin topilgan bo‘lsa, uning hosili olingan vaqti, tuproq turi, o‘sgan joyi qayd etilishi kerak.
Jinoyat sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda asosiy e’tibor giyohvandlik vositasini, psixotrop va kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi modda hamda prekursorlarni topishga qaratilishi lozim. Ularning mayda zarralari va yuqi har xil buyumlar – kiyimda (cho‘ntagida, ro‘molchada), transport vositalarida hamda giyohvandlik vositasini tayyorlashda ishlatilgan asboblarda (elak, shpris, ignalar va chilim) mavjud bo‘lishi mumkin. Ko‘pincha ekspertizaga giyohvandlik vositasining eritmasi ro‘molcha yoki dokaga shimdirilgan holda keltiriladi.
Afyunni (opiy) ishlab chiqarishda qayta ishlash texnologiyasi va har xil bosqichlariga qarab, olingan chiqindilarning rangi, hidi, maydaligi bo‘yicha tuproq bo‘laklari, bitum va smolalardan farq qilish qiyin. Ko‘p hollarda tergov idoralari xodimlari bunday ob’ektlar xususiyatlarini bilmasliklari tufayli giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish, saqlash va sotish bilan shug‘ullanayotgan shaxslardan ularni olib qo‘yish choralarini ko‘rmaydilar.
Giyohvandlik vositasi, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning har bir namunalari ekspertizaga yuborilayotganda alohida idishga (shisha idish, probirka, polietilen xaltacha) joylanadi.
Afyun ekstrakti, suyuq nasha kabi suyuq holda bo‘lgan ashyoviy dalillar og‘zi mahkam berkitiladigan maxsus idishga solinadi.
Yangi uzilgan nasha va ko‘knor o‘simliklari chirib, tekshirishga yaroqsiz bo‘lib qolmasligi uchun ekspertizaga yuborishdan oldin soyada xona haroratida quritilishi lozim.
Musodara etilgan o‘simlik massasini ekspertizaga uning hamma qismlari (guli, bargi, poyasi, ildizi) saqlangan holda va 1 kg dan kam bo‘lmagan miqdorda yuborish kerak.
Agar o‘simlik massasida qo‘shimcha zarralar mavjud bo‘lsa, ularni tashlab yubormay birga taqdim etish lozim, chunki ular jinoyat sodir etilgan joy haqida ma’lumot berishi mumkin.
Basharti, agar o‘sgan joyini aniqlash bilan bog‘liq vazifalar hal etilayotgan bo‘lsa, tekshiriladigan modda (ko‘knor va nasha o‘simligi, nasha va maydalangan ko‘knor o‘simligi namunalari) bilan birga solishtirish uchun taxmin qilingan o‘sha joyda o‘sgan boshqa o‘simliklar taqdim etilishi kerak.
Ekspert oldiga giyohvandlik vositasini tayyorlash usulini aniqlash vazifasi qo‘yilganda tekshirilayotgan moddalar bilan birga ekspertizaga ularni tayyorlashda ishlatilishi mumkin bo‘lgan har xil asbob (press moslama, elaklar, pichoq, kurakcha, tarozi, qiyma qiladigan asbob va h.k.)lar ham yuborilishi shart.
Identifikatsion masalalar hal etilayotgan bo‘lsa, ob’ektlar butunligicha yuboriladi. Buning iloji bo‘lmagan taqdirda shu ashyoviy dalillarning fraksion va kimyoviy tarkibini to‘liq ifodalaydigan namunalari olinishi kerak.
Tekshirilayotgan ob’ektlarning bir butunga taalluqliligi aniqlanayotganda, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud iloji boricha bir butunning aniq hajmini ko‘rsatishi kerak.
Ashyoviy dalillarni saqlash qoidalariga rioya qilmaslik ularni tekshirishga yaroqsiz holga yoki butunlay yo‘qolib ketishiga olib keladi.
Ashyoviy dalillardan tashqari ekspert ixtiyoriga solishtirish uchun namunalar, sud-tibbiy ekspertizasining xulosasi, voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi, ashyoviy dalillarni olib qo‘yish bayonnomasi va boshqa zarur materiallar taqdim etilishi kerak.