Avtotransport vositalarini urilganligi yoki transport vositalarini bo‘yalganligini aniqlashning muhim jihatlari

Transport vositasini avvalgi vaziyatlarda yo‘l transport hodisasida ishtirokida etgan yoki etmaganligini, shuningdek, tashqi qismlarini qayta ta’mirlanganlik yoki bo‘yalganlik holatlarini aniqlashda ushbu transport vositasini ko‘zdan kechirish jarayoni alohida tartibda o‘tkazilishni va tadqiqotlarni sinchkovlik bilan  olib borishni talab etadi.

Mazkur vaziyatda avtomobilni tashqi qismlarini ko‘zdan kechirish quyidagi tartibda amalga oshirish tavsiya etiladi.

Birinchi navbatda avtomobilni ko‘zdan kechirish jarayonida avtomobil  mutlaq toza bo‘lishi lozim. Avtomobilni tashqi qismlarida chang yoki mayda bo‘lsada iflosliklarni mavjud bo‘lishi ko‘zdan kechirish jarayonida turli xatoliklarni olib kelishi mumkin. Buning oldini olish uchun avtomobilni to‘liq yuvish va yuvilgan qismlarini mutloq holda quritish lozim bo‘ladi. Natijada avtomobilning tashqi qismlarida turli soyalarni, hiraliklarni hamda ko‘zdan kechirish davomida ikkilantiruvchi omillarni keltirib chiqaradigan chang va iflos qatlamlar qolmaydi.

Avtomobilni tashqi qismlarini ko‘zdan kechirish yorug‘lik yetarli bo‘lgan sharoitda o‘tkazilishi kerak. Bunday sharoit uchun eng maqul sharoit ochiq ob xavo sharoitida ko‘zdan kechirish hisoblanadi. Agar ochiq sharoitda ko‘zdan kechirish imkonisiz bo‘lsa (sutkaning qorongi vaqti, qor, yomg‘ir, shamolli ob-havo sharoiti va h.k) yopiq binoning ichida (yopiq muhitda) ko‘zdan kechirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bunday sharoitda ko‘zdan kechirish vaqtida binoning ichida sun’iy yorug‘likning yetarli darajada bo‘lishi asosiy omil hisoblanadi.

Yorug‘likni avtomobil tashqi qismlariga tushishi davomida tashqi qismlarda soya va hiraliklarni hosil bo‘lishi ko‘zdan kechirish tadqiqotlarni o‘tkazishni murakkablashtiradi. Bu esa ko‘zdan kechirilayotgan avtomobilning tashqi qismlari garchi texnik shikastlanmagan yoki qayta bo‘yalmagan bo‘lsada, ushbu qismlarga sun’iy yorug‘likni noto‘g‘ri tushishi ushbu sirtdagi buyoqni turli darajada jilolanishiga olib keladi. Bu esa ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan tadqiqotchida ushbu qismlar rang palitrasi bo‘yicha bir biriga yaqin bo‘lgan bir necha bo‘yoq yordamida qayta bo‘yalganidek, ishlov berilganidek tasavvur uyg‘otishga olib kelishi mumkin. Tadqiq qilinayotgan avtomobilning orqa yoki oldi burchak qismlari atrofida o‘tirib olgan holda, avtomobil tashqi qismlarini qiyalagan holda ko‘zdan kechirish mazkur qismlarini turli vaziyat va кўриниш (rakurs)larda ko‘zdan kechirishni ta’minlab beradi. Aynan shunday holatlar tashqi ko‘zdan kechirish vaqtida qismlarda qaytadan o‘tkazilgan bo‘yash va ta’mirlash izlari mavjud bo‘lsa, ularni o‘z vaqtida payqashda asosiy omil hisoblanadi. Agar qayta bo‘yash va ta’mirlash izlari mavjud bo‘lsa bunday izlar avtomobilining eshigi, qanotlari va g‘ildiragining yuqoridasidagi arka qismlarining burmalarida, shakli o‘zgargan qismlarida ko‘zga tashlanishi extimoli katta bo‘ladi.

Avtomobil qismlarini qayta bo‘yalganlik holatini aniqlashda bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr) yordamidan foydalaniladi.  Hozirgi kunda bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr)ning bir necha turlari mavjud bo‘lib, bularga: magnitli, ultratovushli, elektromagnitli va uyurmatokli (vixretokovoy) turlarini kiritish mumkin.

Magnitli bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr)ning ishlash prinsipi ushbu qurilmada mavjud bo‘lgan magnitni kuzovning metal qismiga nisbatan tortish kuchi qiymatini o‘zgarishiga asoslangan. Bunday turdagi qurilmani afzalligi uning tannarxi arzonligi, foydalanishning oddiyligi hamda batareykasiz ishlashi bo‘lsa, uning kamchiligi sifatida o‘lchash ko‘rsatkichlarini pastligi deb ko‘rsatiladi.

Elektromagnitli bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr) vositasi tannarx jihatidan biroz qimmat hisoblanadi, biroq uning o‘lchash ko‘rsatkichlari yuqori hisoblanadi. Bu turdagi qurilma faqat temir qoplamadagi lok bo‘yoq qoplamasini o‘lchashga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu turdagi qurilma yordamida rangli metall va plastmassa qatlamli detallarning bo‘yalish sifatini tekshira olmaslik ularning asosiy kamchligi hisoblanadi.

Uyurmatokli (vixretokovoy)  bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr) yuqori aniqlikdagi o‘lchash imkoniyatiga ega bo‘lib, tannarx jihatidan elektromagnit turidagi qurilmalardan qimmat hisoblandi. Bu turdagi qurilmalarning asosiy kamchiligi o‘lchash aniqligini tadqiq qilinayotgan materialning tok o‘tkazish qobiliyatiga bog‘liqligi hisoblanadi. Agar tadqiq qilinayotgan qatlam alyumin yoki mis kabi tokni yaxshi o‘tkazuvchi qatlam bo‘lsa, ushbu qurilma yuqori aniqlikda ishlaydi, agar oddiy metall qatlam bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazishda noaniqliklar ortadi.

Ultratovushli bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr)lari universal va eng aniq o‘lchov qurilmasi hisoblanadi. Bu turdagi qurilmalar bilan metall, plastmassa, kompozit va boshqa turdagi materiallar ishtirokida tadqiqotlar o‘tkazish mumkin. Bunday turdagi qurilmalarning asosiy kamchiligi ularning tannarxi yuqoriligi hisoblanadi.

Zavod sharoitida tayyorlangan bo‘yoq qatlamining qalinligi o‘rtacha 90 dan 160 mikrometr (0,09-0,16 mm) atrofini tashkil etib, turli avtomobil modellarida ushbu o‘lchamlar turli qiymatlarni tashkil etishi mumkin (masalan: Volswagen Jetta avtomobillarida 0,12-0,15 mm ni, Mazda-3 avtomobillarida 0,08-0,1 mm ni tashkil etadi). Yuqori va quyi o‘lchash qiymatlarining farqi 0,03-0,04 mm dan oshmasligi lozim bo‘ladi. Agar tadqiqot natijasida kuzovning bir yoki bir nechta elementlaridagi bo‘yoq qatlami belgilanganidan kattaroq qiymatga ega ekanligi aniqlansa, u holda mazkur transport vositasi qismlari texnik shikastlangan va qayta bo‘yalgan bo‘lishi mumkin.

Agar tadqiqot davomida avtomobilning biron-bir elementi (qanot, kapot va boshqalar) bo‘yicha maksimal ko‘rsatkich 50 mikronga oshgan bo‘lsa, ushbu holat mazkur qismda kichik hajmdagi tirnalgan soha ta’mirlanganligini ko‘rsatadi, ya’ni ta’mirlanganidan keyin ushbu sohani qoplash bo‘yoq qatlamini 0,05 mm ga oshiradi.

Agar tadqiqot davomida o‘lchov me’yori 300-500 mikrometrdan ortib ketsa, u holda avtomobilning ushbu qismlari jiddiy shikastlangan bo‘lishi mumkinligi, shunga ko‘ra ushbu qismlar tekislangan va shpaklovka surtilganligini ko‘rsatadi.

Agar o‘lchov me’yori o‘rtacha 1000 mikrometr va undan ortib ketsa, bu holat  ushbu qismlar avval jiddiy shikastlanganligini ko‘rsatadi. Bunday o‘lchamli qatlamlar yuzasidagi lak, bo‘yoq qoplamalari sirtida kelgusida turli yoriqlar paydo bo‘lishi inkor etilmaydi.

Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda lak, bo‘yoq qoplamalari bo‘yicha  tadqiqot o‘tkazish quyidagi ketma-ketlik (algoritm) asosida tartiblanadi:

-avtomobilni yaxshilab yuvish va quritish. Agar tadqiq qilanayotgan qismlarda chang va loy qatlami saqlanib qolsa, bu holat o‘lchovlarning aniqligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;

– bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr)ni kalibrlash. Buning uchun ushbu qurilma to‘plamiga kalibrlash uchun maxsus metall plastinkalar va asbob sozlanadigan plyonka kiritilgan bo‘ladi;

-avtomobilning turli qismlari bo‘yicha kerakli o‘lchovlarni amalga oshirish. Tadqiqot o‘tkazish uchun qalinlikni o‘lchash vositasi (tolshinometr) yuzaga tik holatda (perpendikulyar) qo‘llaniladi. Har bir element (tom qismlari, kapot, qanotlar, eshiklar, yukxona qopqoqlari) qalinlikdagi farqlarni darhol sezish uchun turli nuqtalarda o‘lchash amallarini bir necha bor qayd etish kerak;

-olingan raqamlarni tegishli avtomobil modeli uchun zavod tomonidan belgilangan ko‘rsatkichlari bilan solishtirish. Mazkur solishtirish bir oz farqni ko‘rsatishi mumkin, lekin umumiy qoidaga ko‘ra, agar qalinlikni o‘lchash vositasi (tolshinometr) o‘lchovlari 200-300 mkm dan ortiq (kuzovning ichida – 100 mkm dan ortiq) farqni ko‘rsatsa, ushbu vaziyatda avtomobil qayta bo‘yalgan hisoblanadi. Agar farq 1000 mkm dan oshib ketsa mazkur avtomobil ishtirokida avvalgi holatlarda jiddiy YTH sodir bo‘lganligini inkor etilmaydi.

Buguni kunda sud avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasida Etari.pro ET 700Max rusumidagi bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr) yordamida tadqiqotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Ushbu qurilmadan foydalanish jarayonida uning ekrani (displey)dagi asosiy raqamlar tadqiq qilinayotgan sirtdagi bo‘yoq qatlamini mikrometrdagi kattaligini ifodalaydi, shuningdek, ekranning yuqori qismida shpaklevka mavjud yoki mavjud emasligi (Fe, NFe), qatlamning qalingligini (μm, mkm) qurilmani USB (), Bluetooth () qurilmalari orqali ulanish imkoniyatlari, shuningdek, batereykalarni quvvat miqdori ()ni ko‘rsatuvchi belgilar mavjud.

Qurilmani sozlash menyusidan tadqiqot xususiyatida kelib chiqqan holda kerakli funksiyalar tanlab olinishi mumkin. Mazkur sozlash menyusidagi funksiyalarning turlari, bajariladigan tadqiqot amallarini ketma-ketligi, qurilmadan foydalanish davomidagi texnik talablar bo‘yicha ko‘rsatmalar ushbu foydalanish menyusida yordamchi axborotlar (“podskazka”) sifatida taqdim etib boriladi. Bu esa Etari.pro ET 700Max rusumidagi bo‘yoq qalinligini o‘lchash vositasi (tolshinometr) qurilmasidan foydalanish jarayonini soddalashtirish va tadqiqotlarni samarali olib borishda asosiy  omil hisoblanadi.

Sud avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasi mudiri Umidillaev Qahramon Xasanovich