Sud Avtoтexnika Ekspertizasi nima?

Yo’lda avtomobil bilan to’qnashuv yoki boshqa hodisa sodir bo’lganda, ko’pincha kimning aybdor ekanligini aniqlash qiyin bo’ladi. Aynan shu paytda sud avto-texnika ekspertizasi yordam beradi. Bu – maxsus mutaxassislar tomonidan hodisani har tomonlama o’rganib, ilmiy xulosalar chiqarish jarayonidir. Keling, buni oddiy tilda tushuntirib beramiz…

Sud avto-texnika ekspertizasi nima?

Tasavvur qiling, ikkita mashina to’qnashdi. Bir haydovchi “Mening aybim yo’q, u qizil chiroqda o’tdi” deydi, ikkinchisi esa “Yo’q, men to’g’ri harakatlandim” deb da’vo qiladi. Tergovchi va surishtiruvchi ham, sud ham kim haq ekanligini qanday biladi? Mana shu yerda avto-texnika eksperti kerak bo’ladi. Ekspert – bu o’z ishini mukammal biladigan mutaxassis. U hodisa joyiga boradi, mashinalarni ko’zdan kechiradi, yo’ldagi izlarni o’rganadi, matematikaviy hisob-kitoblar qiladi va oxirida “Aslida gap shunday bo’lgan” degan xulosaga keladi. Uning xulosasi sodda muhim dalil hisoblanadi. Aslida qanday holatlar ekspertizani talab qiladi? Ekspertiza turli vaziyatlarda kerak bo’lishi mumkin. Birinchidan, agar hodisa jiddiy bo’lsa va odamlar jarohat olgan bo’lsa, albatta ekspertiza o’tkaziladi. Ikkinchidan, haydovchilar bir-biriga rozi bo’lmasa va har biri o’zini haq deb hisoblasa. Uchinchidan, sug’urta kompaniyasi to’lov miqdorini aniqlash uchun aniq raqamlar talab qilsa. To’rtinchidan, mashina juda qimmat bo’lsa va zarar katta miqdorda bo’lsa. Beshinchidan, hodisaning sababi noma’lum bo’lsa, masalan, “Mashina o’zi buzilib qolganmi yoki haydovchi xato qilganmi?” degan savollar va h.k. Yuqoridagi holatlar yuza berganda tabiiyki, ekspert oldiga hodisa vaqtida mashinalar qanday tezlikda harakatlangan?, haydovchiga xavf paydo bo‘lganda avtomashinaning hodisa joyidan uzoqlik masofasi?, haydovchi avtomashinani to‘xtatib qolish imkoniyati?, mashinaning tormozi ishlayaptimi yoki buzuq edi?, kim yo’l harakati qoidalarini buzmagan?, avtomashinaga yetkazilgan zarar miqdori? kabi savollar qo‘yiladi va ekspert tomonidan yuz bergan xatti harakat yok (harakatsizlik) yuzasidan aniq, raqamlar bilan javob beriladi.

Ekspertiza o’tkazish uchun ko’plab hujjatlar zarur. Tergovchi, surishtiruvchi, Sud qarori va sud ajrimiga yoki arizaga muhtoj bo’lasiz. Tergovchi va surishtiruvchi tomonidan tuzilgan hodisa to’g’risidagi ma’lumotnoma va sxema muhim. Ikkala mashinaning texnik pasporti talab qilinadi. Haydovchilik guvohnomalari nusxalari kerak. Agar odamlar jarohat olgan bo’lsa, shifokorlarning xulosalari ham taqdim etiladi. Hodisa joyidan olingan barcha foto va video materiallar juda foydali. Guvohlar ko’rsatmalari ham hisobga olinadi. Yo’lning holati, ob-havo sharoiti haqida ma’lumotlar ham kerak bo‘ladi. Barcha hujjatlar to‘planib, ekspertiza o‘tkazish bosqichiga o‘tiladi. Jarayon bir necha bosqichdan iborat. Avvalo, surishtiruvchi, tergovchi, sud yoki shaxs ekspertga murojaat qiladi va aniq savollar beradi. Ekspertga barcha hujjatlar topshiriladi: hodisa joyi haqidagi ma’lumotlar, hodisa joyi chizmalari, foto-suratlar, guvohlar gaplari va boshqalar. So’ngra u mashinalarni bevosita ko’zdan kechiradi, shikastlanishlarni diqqat bilan o’rganadi, o’lchaydi va rasmga oladi. Ekspert murakkab hisob-kitoblar qiladi. Protsessning davomiyligi ishning oddiy murakkabligiga bog‘liq bo‘ladi. Bunda barcha xujjatlar rasmiylashtirgandan so‘ng ekspert tomonidan murakkablik darajasidan kelib chiqib 10 kundan 30 kungacha talab qilinadi.

Ba’zan amaliyotda birinchi ekspertiza natijasi qoniqtirmasligi mumkin. Bunda ekspertning xulosasining qonuniyligi yuzasidan shubhali holatlar yuzaga kelganda va tomonlar rozi bo‘lmaganda qayta ekspertiza o’tkazilishi mumkin. Sud boshqa ekspertni tayinlaydi va u yana boshidan tekshiradi. Qayta ekspertiza o’tkazilishi kerak bo’lgan holatlar quyidagilar: birinchi xulosada tushunarsizliklar yoki qarama-qarshiliklar mavjudligi, xulosa asoslanmagan, yangi dalillar topilgan, tomonlar asosli e’tiroz bildirganligi va boshqalar

Eslatma sifatida shuni ta’kidlash lozimki, hodisa ishtirokchilari yo’l-transport hodisasiga duch kelsa, darhol bir necha muhim ishni qilishi zarur. Birinchidan, hodisa joyini telefoningiz bilan turli burchaklardan suratga olish, mashinalarning holatini, yo’ldagi izlarni, svetofor va yo’l belgilarini ham rasmga tushirish, ikkinchidan, agar guvohlar bo’lsa, ularning telefon raqamlarini yozib olish, keyinchalik ularning guvohliklariga muhtoj bo’lish mumkin. Uchinchidan, mashinani hodisadan keyingi holatida bir muddat saqlab turing, hech narsani ta’mirlatmaslik zarur. Ekspert uni shunday ko’rishi kerak. To’rtinchidan, Tergovchi, surishtiruvchidan va shifokorlardan barcha hujjatlarning nusxalarini olib qo’yish kerak.Xulosa o‘rnida shuni yodda tutish lozimki, sud avto-texnika ekspertizasi – bu oddiy fuqarolar uchun ham, sud uchun ham juda foydali vosita. U hodisaning haqiqiy rasmini ko’rsatib beradi va adolatli qaror qabul qilishga yordam beradi. Ekspertiza tufayli kim aybdor ekanligini aniqlanadi, zarar miqdori hisoblanadi va nizolar hal qilinadi. Ekspertiza uchun uch narsa muhim: tajribali va halol ekspert, to’liq hujjatlar to’plami va zamonaviy tekshirish usullari.

Muhim eslatma: Ushbu maqola sizga umumiy tushuncha berish uchun yozilgan. Har bir hodisa o’ziga xos va konkret holatingiz bo’yicha albatta yurist va ekspert bilan maslahatlashing. Ular sizga qanday qadamlar tashlash kerakligini aniq tushuntirib berishadi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza
Jizzax viloyat bo‘limi sud avtotexnika eksperti
A.I.Abdurasulov