O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini rivojlantirishning 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan konsepsiyasi bo‘yicha 2021-2023 yillarda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yo‘l xaritasining 45-bandida Sud ekspertiza muassasalari faoliyatiga davlatlararo va xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida amaldagi qonunchilikka muvofiq texnik qo‘mita tashkil qilish va Davlatlararo hamda xalqaro texnik qo‘mitalarga a’zo bo‘lish va ular faoliyati ishtirokni ta’minlash belgilangan.
Mazkur tadbir ijrosini ta’minlash maqsadida sud-ekspertiza muassasalari faoliyatiga davlatlararo va xalqaro standartlarni joriy qilish maqsadida amaldagi qonunchilikka muvofiq texnik qo‘mita tashkil qilish va Davlatlararo hamda xalqaro texnik qo‘mitalarga a’zo bo‘lish yuzasidan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi hamda dasturga asosan tegishli ishlar amalgaoshirildi. Chora-tadbirlar dasturlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-martdagi 220-son qarori bilan tasdiqlangan Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalarning faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 22-bandiga muvofiq O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining 2022-yil 26-avgustdagi “STQ 15 “Sud-ekspertiza” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi 48-son buyrug‘i bilan“Sud-ekspertiza” standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitasi tashkil etildi hamda uning faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, STQ 15 Sud-ekspertiza sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita to‘g‘risida Nizom, Sud-ekspertiza sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita ish dasturi, Sud-ekspertiza sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tuzilmasi, STQ 15 Sud-ekspertiza sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita maxsus logotipi ishlab chiqilib, Sud-ekspertiza sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita tarkibi belgilab olindi. Sud-ekspertiza sohasidagi standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita Nizom talablariga ko‘ra, ishchi guruh tomonidan umumiy ovoz berish yo‘li bilan texnik qo‘mita raisi, rais o‘rinbosarlari va kotibi tayinlandi.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitani tashkil etishning maqsadi quyidagilar hisoblanadi:
– davlat va iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib sud-ekspertiza sohasida milliy, davlatlararo va xalqaro standartlar ishlab chiqish;
– faoliyat sohasi doirasida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida uyg‘unlashgan siyosatni amalga oshirish bo‘yicha 2 manfaatdor tashkilotlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan hamkorlik qilish.
Sud-ekspertiza sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning vazifalari:
– standartlashtirish tizimlarining faoliyatini va rivojlanishini ta’minlashda qatnashish;
– standartlarni ishlab chiqish, qabul qilish, qayta ko‘rib chiqishda ilg‘or xorijiy tajribani joriy qilish yo‘li bilan, shu jumladan, ularda an’anaviy va ilg‘or texnologiyalarning, dastlabki talablarni belgilashni hisobga olgan holda ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatdoshligi oshirilishini ta’minlashda ishtirok etish.
Sud-ekspertiza sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitaning asosiy funksiyalari:
– standartlarni ishlab chiqishda manfaatdor tomonlarning takliflarini ko‘rib chiqish;
– standartlarni ishlab chiqish, o‘zgartirishlar kiritish, qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
– texnik qo‘mitaning ish dasturiga muvofiq standartlarni ishlab chiqish, ko‘rib chiqish va tasdiqlashga tayyorlash;
– O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan va ushbu texnik qo‘mitaga biriktirilgan standartlarni tahlil qilish;
– O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlarni joriy etish va amaldagi davlat standartlarini bekor qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;
– xalqaro, mintaqaviy va xorijiy davlatlarning milliy standartlarini qo‘llashda ko‘maklashish;
– texnik qo‘mita faoliyati sohasida standartlashtirish holati bo‘yicha tahliliy materiallar tayyorlash;
– standartlashtirish bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning texnik qo‘mita ishida ishtirok etish.
Standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita o‘z faoliyatida:
– O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi;
– O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlashtirish tizimi standartlari;
– Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya bo‘yicha davlatlararo Kengashi (MGS), Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ISO), xalqaro elektrotexnika komissiyasi (IEC) va O‘zbekiston Respublikasi a’zo sifatida kirgan boshqa xalqaro (mintaqaviy) tashkilotlarning rahbariy hujjatlariga amal qiladi.
Mazkur STQ 15 Sud-ekspertiza sohasida standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mita ish dasturida ko‘rsatilgan standartlarni ishlab chiqish va tahlil qilish, shuningdek, Standartlashtirish bo‘yicha Davlatlararo hamda xalqaro texnik qo‘mitalarga a’zo bo‘lish va ular faoliyati ishtirokni ta’minlash maqsadida joriy yilning 30-noyabr sanasidan boshlab ISO xalqaro tashkilotining direktorati tomonidan STQ 15 sud ekspertizasi sohasidagi texnik qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi texnik jihatdan tartibga solish agentligi orqali sekretariati Avstraliyada joylashgan ISO/TC 272 “Forensic science” xalqaro texnik qo‘mitasiga a’zolikka qabul qilindi va uning 19-kuzatuvchisiga aylandi. Shuningdek, sekretariati Rossiya Federasiyasida joylashgan “Sud ekspertiza” Standartlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashi MTK-545 ga ham a’zo bo‘lib hisoblanadi. ISO/TC 272 “Forensic science” ISO xalqaro texnik qo‘mitasi va “Sud ekspertiza” Standartlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashi МТК-545 ga vakili etib STQ 15 sud ekspertizasi sohasidagi texnik qo‘mitasi mas‘ul kotibi D.Tosheva nomzodi tayinlandi.
Bugungi kunda ISO/TC 272 “Forensic science” ISO xalqaro texnik qo‘mitasining 27 ta to‘laqonli a’zo davlat tashkilotlari va 19 ta kuzatuvchi maqomidagi davlat tashkilotlari mavjud.
Shuningdek, Belorus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Rossiya Federasiyasi, Armeniya Respublikasi, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikasi MTK-545 Standartlashtirish bo‘yicha davlatlararo kengashining to‘laqonli a’zolari, Tojikiston Respublikasi esa kuzatuvchi a’zo maqomida bo‘lib hisoblanadi.
Kelgusida texnik qo‘mita faoliyati orqali Sud ekspertlik faoliyati sohasidagi xalqaro, mintaqaviy va milliy standartlarni amaliyotga joriy etish sud ekspertlik faoliyatida sifatni ta’minlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan bo‘lib, o‘lchov natijalari birxilligini ta’minlashga, texnik va informasion muvofiqlikni ta’minlashga, sud ekspert tadqiqoti natijalarini solishtirishga, qidiruv va ma’lumotlarni yuborish tizimini rivojlantirishga, sud ekspertiza sohasida ishlarni birlashtirishga yordam beradi.