Yer resurslari har bir davlatning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi. Yer maydonlariga bo‘lgan huquqiy munosabatlar esa ushbu resursdan oqilona va samarali foydalanishni tartibga soladi. Xususan, yerga bo‘lgan foydalanish huquqini baholash – yer bozorini shakllantirish, davlat va xususiy mulk manfaatlarini muvofiqlashtirish, yer solig‘i va boshqa to‘lovlarni hisoblashda muhim omil hisoblanadi.
Yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqi tushunchasi
Yerga bo‘lgan foydalanish huquqi – bu yuridik va jismoniy shaxslarga ma’lum maqsadlarda (qishloq xo‘jaligi, qurilish, sanoat, turar joy va boshqalar) yer uchastkasini ma’lum muddatga yoki doimiy tarzda foydalanish huquqini beruvchi huquqiy munosabatdir.
Foydalanish huquqini baholash zarurati
Yerga bo‘lgan foydalanish huquqini baholash bir necha sabablarga ko‘ra muhim ahamiyat kasb etadi:
– Yer bozori ishtirokchilarining manfaatlarini muvofiqlashtirish
– Mulk va foydalanish huquqlarini kafolatlash
– Davlat tomonidan undiriladigan soliqlar va to‘lovlarni adolatli belgilash
– Investitsion loyihalarning iqtisodiy asoslarini aniqlash
Baholash usullari
Yerga bo‘lgan foydalanish huquqini baholashda quyidagi asosiy yondashuvlar qo‘llaniladi:
- Taqqoslash (solishtirish) usuli – hududdagi o‘xshash yerlar bilan taqqoslanadi.
- Daromad usuli – yerning iqtisodiy foydasi baholanadi.
- Sof aktivlar usuli – yer maydonining mavjud aktivlari asosida baholanadi.
Baholashga ta’sir etuvchi omillar
Yerga bo‘lgan foydalanish huquqi qiymatini aniqlashda quyidagi omillar muhim hisoblanadi:
– Yerning joylashuvi
– Yer maydonining o‘lchami va shakli
– Foydalanish turlari va cheklovlar
– Atrof-muhitga ta’siri, ekologik talablar
– Infratuzilmaning mavjudligi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14 noyabr kunidagi 321-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Ushbu qarorga asosan, sud-ekspertlik amaliyotini kengaytirish, sud ekspertizalarining sifati va ishonchliligini oshirish maqsadida Markazda tadqiqotlarning yangi turlarini joriy etish belgilangan. Tadqiqotlarning yangi turlaridan biri yer maydonlariga bo‘lgan egalik huquqlari qiymatini ekspert baholash hisoblanadi.
Ushbu qarorga asosan, O‘zbekiston Respublikasida normativ-bozor usullari bilan yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha Markazning sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi tomonidan ekspertlar uchun uslubiy tavsiya ishlab chiqilgan va amaliyotga tadbiq etilgan.
Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi 811-I-sonli Qonuni, Mulkni baholash milliy standartlari, O‘zbekiston Respublikasida normativ-bozor usullari bilan er maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha ekspertlar uchun uslubiy tavsiyalar va boshqa tegishli hujjatlar asosida Markaz va uning hududiy bo‘limlari sud qurilish-texnik ekspertlari tomonidan yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash bo‘yicha mutaxassis fikri va ekspertizalar o‘tkazilmoqda.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, sud qurilish-texnik ekspertizasi bo‘limi ekspertlari tomonidan bevosita yerning o‘zi emas, balki yer maydonlariga bo‘lgan foydalanish huquqining qiymati aniqlanadi.
Markaz va uning hududiy bo‘limlari sud-qurilish texnik ekspertlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga ko‘ra shartnoma asosida mutaxassis fikri berish ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarning ortiqcha ovvoragarchiliksiz huquq, manfaatlari ta’minlanib, sud tergov ishlari tezroq yakunlanishi uchun amaliy hizmat qilib kelmoqda.
RSEM Andijon viloyati bo‘limi sud-qurilish texnikaviy eksperti X.O.Jabborov