Oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvor shakllanishining ijtimoiy-psixologik jihatlari: muammolar, oqibatlar va profilaktika

Annotatsiya

Mazkur maqolada oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvor shakllanishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy va psixologik omillar kompleks tahlil qilingan. Tadqiqotda oilaviy muhit, ota-ona mehrining yetishmasligi, migratsiya jarayonlari, oilaviy ziddiyatlar, tarbiyaviy savodxonlik darajasi va tengdoshlar taʼsiri kabi omillar alohida oʻrganilgan. Shuningdek, oʻsmir psixologiyasida jinsiy xulq-atvorning notoʻgʻri shakllanishi,  muammolar, ularning oqibatlari hamda proflaktik tavsiyalar ilmiy jihatdan asoslab berilgan.

Kalit soʻzlar: oʻsmirlik, jinsiy xulq-atvor, oila, migratsiya, tarbiya, psixologik omillar, jinsiy zoʻravonlik, YUNISEF, ekspertiza, genetik (DNK) tekshiruvlar.

Аннотация

В статье анализируются социально-психологические факторы раннего сексуального поведения подростков, включая семейную среду, эмоциональную депривацию, миграцию и влияние окружения. Кроме того, научно обоснованы проблемы неправильного формирования полового поведения в психологии подростков, их последствия и рекомендации по профилактике.

Ключевые слова: подростки, семья, поведение, миграция, воспитание, сексуальное насилие, ЮНИСЕФ, судебно-медицинская экспертиза, генетическое тестирование (анализ ДНК).

Абстраcт

This article examines socio-psychological factors influencing early sexual behavior among adolescents, including family environment and emotional deprivation. Also, the problems of improper formation of sexual behavior in adolescent psychology, their consequences, and preventive recommendations are sciyentifically substantiated.

Keywords: adolescence, behavior, family, psychology, sexual violence,Unicef, forensic examination, genetic (DNA) testing

Hozirgi globallashuv sharoitida oʻsmirlar oʻrtasida erta jinsiy munosabatlarga moyillik masalasi dolzarb ijtimoiy-psixologik muammolardan biriga aylanmoqda. Bu holat shaxs rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatishi bilan birga, jamiyatdagi maʼnaviy muhitga ham taʼsir qiladi. Oʻsmirlik davri inson hayotida oʻta murakkab bosqich boʻlib, bu vaqtda biologik, psixologik va ijtimoiy oʻzgarishlar bir vaqtning oʻzida kechadi. Shaxs oʻzini anglash, ijtimoiy rollarni qabul qilish va mustaqillikka intilish jarayonida turli taʼsirlarga juda sezgir boʻladi. Kuzatishlar shuni koʻrsatadiki, erta jinsiy xulq-atvor koʻp hollarda tasodifiy emas, balki maʼlum ijtimoiy va psixologik omillar taʼsirida shakllanadi. Xususan, oilaviy muhitdagi muammolar, mehr yetishmasligi, migratsiya va ota – onalarda bola tarbiyasiga oid bilimning pastligi kabi omillar muhim ahamiyat kasb etadi va oʻsmirning erta jinsiy hayotga kirib ketishiga, jinsiy zoʻrovonlik qurboni boʻlishiga zamin yaratadi.

Oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvorning shakllanishi natijasida erta jinsiy munosabatlar oddiy holatga aylanib bormoqda. Bu esa voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik holatlarining koʻpayishiga olib kelmoqda. Birgina misol sifatida YUNISEFning 2024-yilda eʼlon qilingan birinchi global hisobotiga koʻra, dunyo boʻyicha 18 yoshga toʻlgunga qadar 370 milliondan ortiq qiz va ayol (har 8 nafardan biri) zoʻrlash yoki jinsiy tajovuzga uchragan. Agar internet orqali shahvoniy bezovtalik, majburiy shahvoniy kontent namoyishi, onlayn taʼqib va boshqalar ham hisobga olinsa, jabrlanganlar soni 650 million nafarga (har 5 nafardan biri) yetadi. Bugungi kunda voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik dunyo miqyosida eng dolzarb ijtimoiy muammolardan biri sifatida eʼtirof etilmoqda. Bu holat nafaqat oʻsmirlarning jismoniy va ruhiy salomatligiga, balki jamiyatning maʼnaviy barqarorligiga ham jiddiy xavf tugʻdiradi. Bunday koʻrsatgichlar jamiyatning barcha qatlamlarini tashvishga solishi lozim boʻlgan murakkab ijtimoiy-psixologik muammodir.

Jinsiy zoʻravonlikka oid jinoiy ishlar boʻyicha DNK ekspertizasi zoʻrovon shaxsni aniqlashda eng yuqori ishonchlilikka ega ilmiy dalillardan biri hisoblanadi. Biologik izlar boʻyicha olingan DNK profillari tergov va sud jarayonida obyektiv dalil sifatida katta ahamiyatga ega boʻlib, jabrlanuvchi oʻsmirning huquqlarini himoya qilishga xizmat qilayotganligi sababli, jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar boʻyicha tayinlanayotgan DNK ekspertizasining ahamiyati va unga boʻlgan ehtiyoj yildan-yilga ortib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda 2020-yilda 156 ta, 2021-yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan boʻlsa, 2020-yilda 154 ta, 2021-yil 208 ta jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish jinoyati sodir etilgan(17). Shuningdek, 2023-yil 10-oktabr kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston Adliya vazirligi va UNICEF hamkorligida oʻtkazilgan davra suhbatida soʻzga chiqqan prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva oʻz nutqida Oʻzbekistonda 2023-yilning toʻqqiz oyida 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari qayd etilgan boʻlsa, shundan 417 tasi jinsiy zoʻravonlikka toʻgʻri kelishini taʼkidladilar(13). Bu kabi holatlar qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga chiqardi hamda Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 31-mayda “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi  qonun qabul qilindi hamda qonunning ijrosi yuzasidan bir qancha rejali ishlar amalga oshirilmoqda(18).

Oʻsmir psixologiyasining nazariy asoslari tadqiq qilinganda, oʻsmirlik davri bu shaxsning ichki dunyosida jiddiy oʻzgarishlar yuz beradigan davr hisoblanib E.Erikson taʼkidlaganidek, bu bosqichda shaxs identifikatsiya inqirozini boshdan kechiradi(3). Oʻsmir oʻz oʻrnini topishga harakat qiladi va bu jarayonda tashqi taʼsirlar hal qiluvchi rol oʻynaydi. L.S.Vigotskiyga koʻra, shaxs rivojlanishi ijtimoiy muhit bilan uzviy bogʻliq. Demak, oʻsmir qanday muhitda oʻssa, uning xulq-atvori ham shunga mos shakllanadi. A.Bandura nazariyasi esa xulq-atvor modellari kuzatish va taqlid orqali oʻzlashtirilishini koʻrsatadi va oʻsmirlar xulq -atvorida jinsiy munosabatlarga qiziqish uning atrofidagilarning unga boʻlgan munosabatidan, koʻrgan kechirgan hayot modellaridan kelib chiqadi(4). Quyida oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvor shakllanishining asosiy omillarini koʻrib chiqamiz: 1.Ota-ona mehri yetishmasligi. Oʻsmirda mehr va emotsional qoʻllab-quvvatlash yetishmasligi uning ichki dunyosida boʻshliqni yuzaga keltiradi. Bu holatda u yaqinlikni boshqa manbalar orqali izlaydi va jismoniy munosabatlar hissiy ehtiyojni qondirish vositasiga aylanishi mumkin. 2. Migratsiya omili. Ota-onaning chet elga ketishi oʻsmirda nazoratsizlik va yolgʻizlik hissini kuchaytiradi. Bu esa uning xavfli ijtimoiy muhit va munosabatlarga tushib qolish ehtimolini oshiradi. 3. Oilaviy ziddiyatlar. Doimiy oilaviy janjallar sharoitida oʻsgan oʻsmirlarda stress yuqori boʻladi va ular koʻpincha ziddiyatli muhitdan “qochish” mexanizmi (mehr, gʻamxoʻrlik, muloqot ehtiyoji, tinchlanish) sifatida tashqi munosabatlarga kirishadilar. 4. Tarbiyaviy savodxonlik pastligi. Ota-onalarning bola tarbiyasi boʻyicha bilimsizligi oʻsmirni notoʻgʻri odamlar bilan muloqotga va notoʻgʻri axborot manbalariga yoʻnaltiradi. Ayniqsa jinsiy tarbiyadagi boʻshliq jiddiy oqibatlarga olib keladi.  5. Tengdoshlar taʼsiri. Oʻsmir uchun doʻstlar fikri juda muhim. Agar muhit salbiy boʻlsa, u ham shu modelni qabul qiladi. 6. Internet va ommaviy madaniyat. Ommaviy axborot vositalari jinsiy munosabatlarni notoʻgʻri va ideallashtirilgan tarzda koʻrsatadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvor shakllanishi birgina omil bilan emas, balki bir nechta ijtimoiy va psixologik omillarning oʻzaro taʼsiri natijasida yuzaga keladi. Ayniqsa, oilaviy muhit bu jarayonda markaziy oʻrin egallaydi. Ota-ona mehrining yetishmasligi, migratsiya va oilaviy ziddiyatlar kabi omillar oʻsmir psixikasida ichki boʻshliq va emotsional noustuvorlikni keltirib chiqaradi. Bu esa shaxsning tashqi taʼsirlarga nisbatan sezgirligini oshiradi. Natijada, tengdoshlar guruhi va internet muhiti kabi tashqi omillar kuchli taʼsir koʻrsata boshlaydi. Shuningdek, tahlillar shuni koʻrsatadiki, jinsiy xulq-atvor koʻp hollarda ongli qaror emas, balki psixologik ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan kompensator mexanizm sifatida namoyon boʻladi. Bu esa muammoning faqat axloqiy emas, balki chuqur psixologik tabiatga ega ekanligini koʻrsatadi. Oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvor shakllanishi murakkab va koʻp omilli jarayon boʻlib, ushbu jarayonga oilaviy muhit, emotsional yaqinlik darajasi, talim -tarbiya sifati, ijtimoiy taʼsirlar va axborot muhiti bevosita taʼsir koʻrsatadi. Tadqiqot natijalari shuni koʻrsatadiki, sogʻlom oilaviy munosabatlar, samarali tarbiya va psixologik qoʻllab-quvvatlash mavjud boʻlgan hollarda, oʻsmirlarda salbiy xulq-atvor shakllanish ehtimoli sezilarli darajada kamayadi. Shu bois, ushbu muammoni hal qilishda faqatgina oʻsmir bilan ishlab qolmasdan, balki oila va ijtimoiy muhit bilan kompleks yondashuvni amalga oshirish lozim boʻladi. Bunga quyidagilar orqali erishish mumkin; Ota-onalar farzandlari bilan ochiq va ishonchli muloqot oʻrnatishlari: -Ularning emotsional ehtiyojlariga eʼtibor qaratishlari zarur. Ayniqsa, oʻsmirlik davrida qoʻllab-quvvatlash va tushunish muhim ahamiyatga ega. Jinsiy tarbiyani yoʻlga qoʻyish: -Oʻsmirlarga yoshiga mos, ilmiy asoslangan va axloqiy jihatdan toʻgʻri jinsiy tarbiya berish zarur. Bu notoʻgʻri axborot taʼsirini kamaytiradi. Psixologik xizmatlarni kuchaytirish: -Maktab va taʼlim muassasalarida psixologik maslahat xizmatlarini rivojlantirish, oʻsmirlar bilan individual va guruhli ishlarni yoʻlga qoʻyish kerak. Migratsiya taʼsirini yumshatish: -Ota-onasi chet elda boʻlgan bolalar bilan doimiy aloqa oʻrnatish, ularni nazoratsiz qoldirmaslik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kuchaytirish lozim. Tengdoshlar muhitini nazorat qilish: -Oʻsmirlarni sogʻlom ijtimoiy muhitga jalb qilish, sport, ijod va taʼlimiy faoliyatlarga yoʻnaltirish muhim. Internet madaniyatini shakllantirish: –Oʻsmirlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish, axborotni toʻgʻri qabul qilish koʻnikmalarini shakllantirish zarur. Muammoning yechimi faqat oʻsmir jinsiy zoʻrovonlik qurboni boʻlgandan keyin aybdorni aniqlash, qonun ustuvorligini taʼminlash emas, balki bu turdagi zoʻrovonliklarni oldini olish, bolalarning psixologik barqarorligini mustahkamlash, sogʻlom oilaviy muhitni shakllantirish va raqamli xavfsizlik madaniyatini rivojlantirishdan iborat. Shu sababli profilaktika choralari faqat huquqiy javobgarlik bilan cheklanmasdan, oilada sogʻlom psixologik muhit yaratish, oʻsmirlarning raqamli savodxonligini oshirish, maktab psixologlari faoliyatini kuchaytirish, ijtimoiy tarmoqlarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish kabi kompleks yondashuvni talab etadi(5).

Xulosa qilib aytganda, oʻsmirlarda erta jinsiy xulq-atvorning shakllanishiga taʼsir etuvchi ijtimoiy-psixologik omillar nafaqat ularning shaxsiy rivojlanishiga, balki jamiyat xavfsizligiga ham bevosita taʼsir koʻrsatadi. Oiladagi nosogʻlom muhit, migratsiya, tengdoshlar taʼsiri, internet orqali tarqalayotgan nazoratsiz axborot va jinsiy tarbiyaning yetarli emasligi oʻsmirlarni turli xavfli vaziyatlarga, jumladan, jinsiy zoʻravonlik qurboniga aylanish ehtimolini oshiradi.

Shu bois, oʻsmirlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etilgandan keyin aybdor shaxsni aniqlash va huquqiy javobgarlikni taʼminlash mazkur muammoning yechimi sifatida qaralmasligi lozim. Asosiy eʼtibor profilaktikaga, yaʼni bolalar va oʻsmirlarda sogʻlom psixologik muhitni shakllantirishga, ilmiy asoslangan va yoshga mos jinsiy tarbiyani yoʻlga qoʻyishga, raqamli savodxonlik hamda internet xavfsizligi madaniyatini rivojlantirishga, taʼlim muassasalarida psixologik xizmatlar samaradorligini oshirishga qaratilishi zarur.

Shu bilan birga, jinsiy zoʻravonlik holatlari yuz bergan taqdirda, DNK ekspertizasi kabi zamonaviy ilmiy usullar jinoyatlarni tezkor va xolisona ochish, aybdor shaxslarni aniqlash hamda jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikka qarshi kurashishda profilaktik chora-tadbirlar, psixologik va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquqiy mexanizmlar hamda ilmiy-texnik imkoniyatlarni oʻzaro uygʻunlashtirgan kompleks yondashuv eng samarali yechim hisoblanadi.(7)

Фойдаланилган адабиётлар

  1. Божович Л.И. Личность и ее формирование в детском возрасте. – М.: Просвещение, 2008. – 398 с.
  2. Выготский Л.С. Психология развития человека. – М.: Смысл, 2005. – 1136 с.
  3. Эриксон Э. Идентичность: юность и кризис. – М.: Флинта, 2006. – 352 с.
  4. Бандура А. Теория социального научения. – СПб.: Евразия, 2000. – 320 с.
  5. Кон И.С. Психология ранней юности. – М.: Просвещение, 1989. – 255 с.
  6. Боули Дж. Привязанность. – М.: Гардарики, 2003. – 477 с.
  7. Райс Ф.П. Психология подросткового возраста. – СПб.: Питер, 2000. – 624 с.
  8. Feldman R.S. Development Across the Life Span. – New York: Pearson, 2017.–800п.
  9. Santrock J.W. Adolescence. – New York: McGraw-Hill Education, 2018. – 720 п.
  10. Steinberg L. Adolescence. – New York: McGraw-Hill, 2014. – 600 п.
  11. Ўзбекистон Республикаси Оила кодекси. – Тошкент, 2023.
  12. Ўзбекистон Республикаси Президенти қарорлари ва ёшларга оид давлат сиёсати материаллари. – Тошкент, 2022.
  13. Adolescent development and participation. – New York, 2020.
  14. Adolescent health and development. – Geneva, 2021.Каримова В.М.
  15. Оила психологияси. – Тошкент: Фан, 2018. – 256 б.
  16. https://www.unicef.org/press-releases/over-370-million-girls-and-women-globally-subjected-rape-or-sexual-assault-children
  17. Олий мажлис сенатининг сайти -https://senat.uz/controlactivity/post-678 -2023й
  18. “Болаларни зўравонликнинг барча шаклларидан ҳимоя қилиш тўғрисида”га қонуни 11.2024 йилдаги ЎРҚ-996-сон.
  19. https://cyberleninka.ru/article/n/bolalarni-zo-ravonlikning-barcha-shakllaridan-himoya-qilish-to‘g‘risidagi-qonunchilikning-asosiy-prinsiplari-huquqlari.

Baxramova Abira Abdullayevna– Samarqand Davlat Universiteti, amaliy psixologiya kafedrasi katta oʻqituvchisi.

Mardiyev Abdulaziz Bahronqul oʻgʻli- X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Samarqand viloyat boʻlimi eksperti.