
⚡️ Joriy yilning 26-27 yanvar kunlari X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida Odil sudlov akademiyasi tinglovchilari uchun sud ekspertiza imkoniyatlari, amaliy jarayonlari hamda ekspertiza turlari bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi – bo‘lajak sudyalarga sud ekspertiza tizimi, uning vazifalari va sud-huquq sohasidagi o‘rni haqida batafsil tushuncha berishdan iborat bo‘ldi.
✔️ Tadbir davomida Markazning tajribali ekspertlari tomonidan sud ekspertizasining turli yo‘nalishlari: Sud-qurilish texnik ekspertizasi, Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi hamda sud xatshunoslik ekspertizasi bo‘yicha ma’ruzalar qilindi. Har bir bo‘lim vakillari o‘z yo‘nalishidagi ekspertiza jarayonlari, qo‘llaniladigan zamonaviy uslublar, laboratoriya sharoitlari va amaliyotda uchraydigan dolzarb masalalar haqida ma’lumotlar berishdi.
✔️ Tinglovchilar tomonidan sud ekspertiza jarayonida dalillarni o‘rganish, ekspert xulosasining sud qarorlaridagi ahamiyati, ekspertiza o‘tkazish muddati va huquqiy tartib-qoidalar yuzasidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berildi. Uchrashuv davomida sud ekspertiza sohasining real amaliyotdagi ahamiyati, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha xolis va ilmiy asoslangan xulosa tayyorlash jarayoni amaliy misollar orqali tushuntirib berildi.