SUD-FONOGRAFIYA EKSPERTIZASIDA HAL ETILADIGAN MASALALAR

Ilmiy-amaliy maqola

Annotatsiya. Mazkur maqolada sud-fonografiya ekspertizasining mohiyati, uning obyektlari hamda ekspert oldiga qo‘yiladigan diagnostik va identifikatsion masalalar tahlil etiladi. Tadqiqotda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi, «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi Qonun (2010-yil 1-iyun, O‘RQ-249-son) hamda 2026-yil 13-dekabrdan kuchga kiradigan «Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun (2026-yil 11-iyun, O‘RQ-1152-son) normalaridan foydalanilgan. Ekspertizani tayinlash, solishtirma namunalar olish va ashyoviy dalillarni saqlash tartibi bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Kalit so‘zlar: sud-fonografiya ekspertizasi, fonogramma, so‘zlashuvchi identifikatsiyasi, elektroakustik montaj, solishtirma namunalar, ekspert xulosasi, korrupsiyaga qarshi kurash.

Pora olish-berish, korrupsiya, tamagirlik va terrorizm kabi jinoyatlar ko‘p hollarda yashirin sharoitda sodir etilgani sababli, ularni fosh etishda qonunda belgilangan tartibda yozib olingan suhbatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq yozuv dalil kuchiga ega bo‘lishi uchun uning haqiqiyligi, muayyan shaxslarga tegishliligi va o‘zgartirilmaganligi ilmiy usullar bilan tasdiqlanishi shart, bu vazifani esa sud-fonografiya ekspertizasi bajaradi. Hozirgi vaqtda Respublika sud ekspertiza markazida u o‘zbek va rus tillarida o‘tkaziladi, zarur hollarda esa boshqa tillarni biluvchi mutaxassislar ham ekspert sifatida jalb etiladi. Mazkur maqolada ushbu ekspertizaning obyektlari, hal etadigan masalalar va hal etiladigan savollar doirasi tahlil qilinadi.

Sud-fonografiya ekspertizasining maqsadi tadqiq etilayotgan fonogramma yozib olingan asbob-uskunani, yozilgan suhbatning o‘zini (fonogrammani), suhbat mazmunini, ishtirokchilar soni va jinsini, zarur hollarda ularning hissiy-ruhiy holatini hamda suhbat sharoitlarini aniqlashdan iborat. Ekspertiza obyektlari sifatida esa diktofon, videokamera, raqamli diktofon, raqamli videokamera, uyali telefon, flesh-xotira kartasi, kompakt va raqamli disklarga yozilgan fonogrammalar, fonogrammaning stenogrammasi, ya’ni suhbatning so‘zma-so‘z bayoni, shuningdek ovoz yozish moslamasining o‘zi xizmat qilishi mumkin.

Sud-fonografiya laboratoriyasi mutaxassislari tergov va sud tomonidan tayinlangan ekspertizalar bo‘yicha diagnostik va identifikatsion masalalarni hal etadilar.

Diagnostik masalalar fonogramma va suhbat holatlariga oid savollarga javob beradi. Ular jumlasiga, birinchidan, ekspertizaga taqdim etilgan stenogramma tadqiq etilayotgan fonogramma mazmuniga mos kelish-kelmasligini aniqlash, ikkinchidan, yozuv sifati past bo‘lib, uni tashqi shovqinlardan tozalash zarur bo‘lganda suhbat stenogrammasini tuzish kiradi. Shuningdek, suhbatda necha nafar shaxs ishtirok etgani, ularning jinsi va ruhiy holati, nutq erkin holatdami yoki oldindan tayyorlangan matnni o‘qish shaklidami, suhbat qayerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va hokazo) yozib olingani aniqlanadi. Bundan tashqari, suhbat yozilgan tashuvchida mexanik montaj (faqat lenta tortuvchi mexanizmli obyektlarda) yoki elektroakustik montaj belgilarining mavjud yoki mavjud emasligi, taqdim etilgan fonogramma asl nusxa yoki nusxa ekanligi, fonogramma aynan qaysi ovoz yoki video yozish moslamasida yozib olingani hal etiladi, taqdim etilgan videolenta va videofonogrammalar ham tadqiq qilinadi.

Identifikatsion masala esa fonogrammadagi ovoz va nutqning muayyan shaxsga (masalan, gumon qilinuvchiga) tegishli yoki tegishli emasligini hal etishdan iborat. Ushbu masalani hal etish uchun dastlab fonogrammaning identifikatsiya uchun yaroqliligi aniqlanadi, so‘ngra tadqiq etilayotgan nutq shaxsning solishtirma namunalari bilan taqqoslanadi.

Sud-fonografiya ekspertizasi, shuningdek, fonogramma identifikatsion tadqiqot uchun yaroqli yoki yaroqsizligini, suhbat mazmuni uning stenogrammasi matniga to‘g‘ri kelish-kelmasligini, fonogrammada elektroakustik montaj belgilari mavjudligini, unda necha nafar shaxs ishtirok etgani va ularning jinsini, nutqi o‘qitilgan yoki erkin ekanligini hamda fonogramma qayerda (ko‘chada, xonada) yozib olinganini aniqlaydi. Stenogrammada shartli ravishda «B» deb belgilangan shaxsning ovozi va nutqi fuqaro K.ning ovozi va nutqiga tegishli-tegishli emasligi ham ekspertiza orqali hal etiladi. Fonogramma taqdim etilgan muayyan rusumdagi raqamli diktofonda yozib olinganmi yoki tadqiq etilayotgan fonogramma uning aslimi yoki nusxasimi, degan savollarni hal etish uchun fonogramma birlamchi yozib olingan deb taxmin qilinayotgan qurilma ekspertizaga taqdim etilishi lozim. Yozuv sifati qoniqarsiz bo‘lsa va uni tashqi shovqindan tozalash uchun maxsus bilim, asbob-uskuna yoki dastur talab etilsa, quyidagi shaklda savol qo‘yiladi: «Fonogramma tashqi shovqinlardan tozalanib, uning stenogrammasi matni tuzilsin».

Shu bilan birga, stenogramma matnini tuzish har doim ham maxsus bilimni talab etmaydi. Audio yoki video fonogramma sifati qoniqarli bo‘lsa, stenogramma tuzish (xolislar ishtirokida) surishtiruvchi, tergovchi va sud organlarining vakolatiga kiradi, ekspert esa faqat sifati past yozuvlar bo‘yicha maxsus bilimlar asosida stenogramma tuzadi. Bundan tashqari, JPK 172-moddasiga muvofiq ekspert oldiga uning maxsus bilimlari doirasidan chetga chiqadigan savollar, xususan, huquqiy baho berishni talab etadigan savollar qo‘yilishi mumkin emas. Masalan, «suhbat pora olish-berishni tasdiqlaydimi» degan savolga javob berish ekspertning emas, tergovchi va sudning vakolatiga kiradi.

Amaliyotda esa ekspertiza samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi kamchiliklar uchraydi: tadqiqot uchun yaroqsiz yoki taqqoslash imkoni bo‘lmagan solishtirma namunalar yuboriladi, qaror yoki ajrimda tadqiqot obyektlari to‘liq va aniq ifodalanmaydi, birlamchi fonogramma o‘rniga uning nusxasi yuboriladi, fonogramma yozib olingan texnik vositalar taqdim etilmaydi, stenogramma tuzishda xatolarga yo‘l qo‘yiladi. Ushbu kamchiliklar natijasida ayrim savollar hal etilmaydi, tadqiqot muddatlari cho‘ziladi va xulosani qat’iy shaklda berish qiyinlashadi. Shu sababli ekspertizaga tadqiq etiladigan suhbatlar yozib olingan asl tashuvchini (original qurilmani) taqdim etish maqsadga muvofiqdir, chunki ayrim hollarda montaj va o‘zgartirish belgilarini faqat birlamchi qurilma orqali aniqlash mumkin. Stenogramma esa suhbat ishtirokchilari so‘zlashgan tilda va shevada, aniq va to‘liq bayon etilishi lozim. O‘RQ-1152-sonli Qonunning 32-moddasiga ko‘ra, taqdim etilgan obyektlarning ishonchliligi hamda to‘g‘ri rasmiylashtirilishi uchun ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) javobgar hisoblanadi, ekspertiza muassasasi esa tegishli mutaxassislar yoki zarur texnik baza mavjud bo‘lmasa, materiallarni uch ish kuni ichida qaytarishga haqli (23-modda; amaldagi qonunda 13-modda).

Xulosa qilib aytganda, sud-fonografiya ekspertizasi yozib olingan suhbatni dalilga aylantiruvchi muhim vositadir. U stenogrammaning mosligi, suhbat ishtirokchilari soni va jinsi, suhbat joyi, montaj belgilari, yozuvning asl nusxa yoki nusxaligi, yozuv qurilmasi hamda ovozning shaxsga tegishliligi kabi masalalarni hal etadi. Ekspertiza natijasi ko‘p jihatdan tergovchining tayyorgarligiga bog‘liq bo‘lib, obyektlarning to‘g‘ri saqlanishi va rasmiylashtirilishi, solishtirma namunalarning sifati hamda savollarning aniqligi bunda hal qiluvchi ahamiyatga ega. 2026-yil 13-dekabrdan kuchga kiradigan «Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun mazkur jarayonga aniqlik va yangi talablar kiritadi, shu sababli huquqni qo‘llovchi organlar yangi normalarni oldindan o‘rganib, amaliyotni ularga moslashtirishi lozim.

FOYDALANILGAN MANBALAR:

  1. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi (1994-yil 22-sentabr), 172–187-moddalar, 188-modda.
  2. O‘zbekiston Respublikasining «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi Qonuni, 2010-yil 1-iyun, O‘RQ-249-son.
  3. O‘zbekiston Respublikasining «Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida»gi Qonuni, 2026-yil 11-iyun, O‘RQ-1152-son; kuchga kirish sanasi: 2026-yil 13-dekabr.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan «Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi namunaviy nizom.
  5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF-6256-son Farmoni «O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida».
  6. Respublika sud ekspertiza markazining sud-fonografiya va videotexnika ekspertizasiga oid uslubiy materiallari.

Yodgorova Shoxista Shokirjon qizi