Sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasi – kriminalistik ekspertizalar turiga kirib, uning predmeti, matn muallifi va shaxsiyatini aniqlash bilan bog‘liq jarayon tashkil etadi. Bunda ijrochisi yoki bajaruvchisi ko‘rsatilmagan anonim xatlar, muallifi va bajaruvchisi turli xil (misol uchun, matn aytib turib yoki ko‘chirib bajarilgan, bosmaxona usulida, yozuv mashinkasida bajarilgan) hujjatlar mualliflarini aniqlash ham kiradi.
Predmeti: Ushbu turdagi ekspertizaning o‘rganish predmeti bo‘lib yozma nutqning o‘ziga xos xususiyatlari, tadqiqotlarning vazifasi esa, muayyan matnning muallifini yoki yozma nutqda namoyon bo‘ladigan ayrim belgilarini (bilim-madaniyati darajasi, kasbi, yoshi va jinsi, tilining (shevasi) o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib qaerdanligi va shu kabilar) aniqlash hisoblanadi.
Ob’ektlari: Ushbu turdagi ekspertizalarni o‘tkazishda tadqiqot ob’ektlari bo‘lib turli (qo‘lyozma, tipografik) usulda bajarilgan matnlar hisoblanadi.
Sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar quyidagilar:
– tadqiqotga taqdim etilgan matnning muallifi ushbu shaxs hisoblanadimi?
– tadqiqotga taqdim etilgan matndagi yozma nutq belgilariga ko‘ra, ushbu matn muallifi qanday o‘ziga xos xususiyatlar bilan tavsiflanadi?
Sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Nutq tadqiqoti bilan bog‘liq maxsus bilimlar kriminalistikaning turli xil yunalishlari, ya’ni muallifshunoslik, xatshunoslik, fonografiya, hujjatlarning texnikaviy ekspertizasi kabi sohalarda o‘rganiladi.
Sud-filologiya (muallifshunoslik) ekspertizasini o‘tkazishga zaruriyat ayniqsa: kimnidir hayotiga tahdid qilib yoki aybiga iqror bo‘linganlik haqida yozilgan anonim (ijrochisi ko‘rsatilmagan) xatlar mavjud bo‘lganda va uni yozishda gumon qilinayotgan shaxs uni umuman bajarmaganligini yoxud qandaydir bosim ostida aytib turib yozilganligini vajini keltirgan paytda qo‘l keladi. Shu sababli ekspertiza tayinlaganda tekshiriluvchi matnning asl nusxasini taqdim etish maqsadga muvofiqdir. Hujjatning kseronusxasi, fotonusxasi bo‘yicha yozuvning dinamik, bosim, harakatlarni bog‘lanish va diagnostik belgilarni aniqlashning imkoni cheklangan. Shu sababli ekspertizaga tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan hujjatning nusxasini yuborish to‘liq tadqiqot o‘tkazishga to‘sqinlik qiladi va ayrim hollarda qat’iy xulosa berish imkonini bermaydi. Hujjatning nusxasi bo‘yicha yozuvlarni tadqiq qilish faqat istisnoli holat, ya’ni hujjatning asl nusxasi yo‘qotilgan taqdirdagina ruxsat etiladi.
Hujjatning aslini topishning imkoni bo‘lmaganda, bu holat ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimda ko‘rsatilishi lozim.
Ekspertiza tayinlash uchun sabab bo‘lgan hujjatni tergovchi (surishtiruv, sud) sinchiklab o‘rganib chiqishi va quyidagi tavsiyalarga amal qilishi zarur:
Tekshiriluvchi matnga hech qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishi (turli ko‘rsatkichlar bilan belgilash, turli izohli yozuvlarni kiritishi) mumkin emas.
Tekshiriluvchi matnni saqlash maqsadida uni alohida konvertga solishi zarur. Qog‘ozni buklash zarurati tug‘ilsa, uni faqat oldindan bor bo‘lgan chiziq bo‘yicha taxlanadi.
Yirtib tashlangan va omonat matnni boshqa qog‘ozga yelimlashga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Uni konvertga avaylab solib, necha bo‘lakdan iboratligi ko‘rsatiladi.
Umum qabul qilingan holatlardan tashqari quyidagilar ham ko‘rsatib o‘tilishi kerak:
– tadqiqot qilinuvchi hujjatning qaerdan yuborilganligi, joyi va uning topilganlik holati, uning tuzilganligi taxminiy vaqti va qanday sharoitlar (noodatiy holatlarda tuzilganligi); – hujjat ijrochisining shaxsi haqida (jinsi, yoshi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, ma’lumoti, kasbi yoki mashg‘ulot turi (ish joyi mansabi), ona tili, ona tilidan boshqa qaysi tillarni bilishi, yashash joyi (hozirgi va avvalgi), qanday psixologik yoki og‘ir kasalliklar bilan kasallanganligi (aynan qaysi kasallik va qachondan beri), surunkali alkogol ichimliklar iste’mol qilishi, yozuv bajarilgan jarayonda qanday kasallik bilan og‘riganligi); – yozuv matni mo‘ljallangan shaxs bilan uni bajarilganligida gumon qilinayotgan shaxs bilan shaxsiy munosabatlari.