Odam o‘ldirish, zo‘rlash, o‘g‘irlik, yo‘l-transport hodisalari kabi jinoiy ishlar bo‘yicha polimer materiallar (plastmassalar, rezina, yelimli materiallar) va ulardan tayyorlangan buyumlar ko‘p tarqalgan ashyoviy dalillardir.
Har xil jinoiy ishlar, xususan, qotillik, yo‘l-transport hodisalari, davlat va fuqarolarning mulkini o‘g‘irlash va h.k.lar bo‘yicha kriminalistik ekspertizasi ob’ekti sifatida rezina va undan tayyorlangan buyumlar tez-tez uchrab turadi.
Ob’ektlari: Transport vositalarining detallari, elektrotexnika, kabel sanoati (elektr simlarining izolyatsiya qatlami, materiali, izolyatsiya tasmalari) mahsulotlari, avtomobil va oyoq kiyimi (rezina, sun’iy charm, plastmassa), attorlik (tugmalar, taqinchoqlar) sanoatining mahsulotlari, polimer plyonkalari, sintetik tolalar va yelimlar (kleylar) ushbu ekspertizaning ob’ektlari hisoblanadi.
Polimer materiallar, plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi tayinlanganda quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
– taqdim etilgan voqea sodir bo‘lgan joydan topilgan hamda jabrlanuvchining kiyimidagi tugmalar umumiy bir turni va guruhni tashkil qiladimi?
– taqdim etilgan voqea sodir bo‘lgan joydan olingan plastmassali shisha bo‘lakchalari va avtomashinaning chirog‘idan olingan shunday shisha bo‘lakchalari bir tur va guruhni tashkil qiladimi yoki qilmaydimi? Agar bir xil bo‘lsa, bir partiya xomashyodan tayyorlanmaganmi?
– polimer materialning kimyoviy tarkibi va uning qaerda qo‘llanilishi (ishlatilishi) aniqlansin.
– A.ning uyidan va zavod sexidan olingan linoleum (polimer qoplama) bir tur va guruhga mansubmi?
– taqdim etilgan ob’ekt qanday yelim bilan yopishtirilgan?
– taqdim etilgan ushbu yelimning asosiy ishlatilish yo‘nalishi qanday?
– taqqoslashga taqdim etilgan yelimlovchi moddalarning kelib chiqishi bir xilmi?
Polimer materiallar, plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasiga materiallarni tayyorlash.
Yuqorida keltirilganlar ekspertlik amaliyotida tez-tez uchrab turadigan vazifalar bo‘lib, jinoiy ishlar bo‘yicha tergov olib borish jarayonida yuzaga keladigan holatlarga oydinlik kiritish uchun qo‘yilishi mumkin bo‘lgan boshqa vazifalarni cheklamaydi.
Kimyoviy ekspertizaga taqdim etiladigan ashyoviy dalil qog‘ozga o‘ralgan bo‘lishi kerak. Barcha paket, o‘ram va tugunchalar, umuman, ashyoviy dalillar solingan qutilar shunday bog‘lanishi zarurki, begona odam bog‘langan kanopni yechmay, qo‘yilgan muhrni buzmay ocha olmasin.
Tadqiq etish uchun yuboriladigan ob’ektlarning hajmi katta bo‘lib, transport orqali olib kelish qiyinchilik tug‘dirgan hollarda ob’ektlarni ko‘zdan kechirish, ular sathida qolgan polimer (rezina) qoldiqlari, izlarini aniqlash uchun ekspert (mutaxassis)ni voqea sodir bo‘lgan joyga yordamga chaqirtirish mumkin.