Hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasi

Hujjat – ashyoviy dalil sifatida juda ko‘p hollarda, jinoyat protsessi ishtirokchilari tomonidan yaxshi idrok qilinmaydigan va ularni baholash uchun maxsus bilimlar talab etiladigan belgilarning tashuvchilari hisoblanadi. Hujjatlarni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha, bu kabi maxsus bilimlardan foydalanishning asosiy protsessual shakli – bu hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasidir.

Predmeti: Maxsus bilimlar asosida ushbu moddalarning muayyan massalarini o‘zaro solishtirish orqali umumiy manbaini belgilash, tekshirilayotgan moddalarni ma’lum bir sinf, turga taalluqliligini, ularning o‘sgan joyi, vaqti va ishlab chiqarish usulini aniqlash bilan bog‘liq faktlar ekspertizaning predmetini tashkil qiladi.

Ob’ektlari: Ushbu turdagi ekspertiza tadqiqotlarining ob’ekti bo‘lib, qo‘lyozma matnlar, bosma shakldagi materiallar (poligrafik usulda tayyorlangan hujjatlar, muhr va shtamp akslari, mashinka yoki printerda bajarilgan matnlar, telegraf, kassa va boshqa bosma qurilmalarda tayyorlangan matnlar), yelimlangan rekvizitlar (fotosuratlar, markalar, yorliqlar), komposter apparati belgilari, yongan va yirtilgan hujjatlar, hujjatlarni tayyorlash yoki ularga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan texnik vositalar hisoblanadi.

Hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar:

– yozuvlarni qanday usulda bajarilgan (bevosita yozuv qurilmasidami yoki nusxa ko‘chiruvchi qurilma yoxud montaj usulidami)?

– yozuvni bajarishda ishlatilgan yozuv qurilmasining turi qanday?

– hujjatni tayyorlashda ishlatilgan iz hosil qiluvchi sirt (podlojka) qanday xususiyatlarga ega bo‘lgan?

– tekshirilayotgan imzo dastlabki texnik tayyorgarlik ko‘rib keyin bajarilganmi?

– tekshirilayotgan qo‘lyozma matn qo‘shib yozish, alohida chiziqlarni chizib qo‘yish, bir shtrixlarni ikkinchisining ustidan chizish usullari bilan o‘zgartirilganmi?

– tekshirilayotgan qo‘lyozma matn tozalash, yemirish (yuvish) usullarida o‘zgartirilganmi?

– qo‘lyozma matn va hujjatning boshqa rekvizitlarining o‘zaro kesishuvchi shtrixlari qanday ketma-ketlikda bajarilgan?

– hujjatdagi yozuvlar bir yoki turlicha yozuv qurilmalari yordamida bajarilganmi?

– hujjatdagi yozuvlar aniq bir yozuv qurilmasida bajarilganmi?

– yemirish, tozalash usullari bilan o‘chirilgan yozuvlarning mazmuni qanday?

– ustidan yelimlangan yozuvlarning mazmuni qanday?

– ustidan suyuqlik to‘kilgan, chizib tashlangan yozuvlarning mazmuni qanday?

– bosilgan yozuvlarning mazmuni qanday?

– hujjatning yo‘qotilgan (yirtib tashlangan) bo‘lagidagi yozuvlarning mazmuni qanday?

– rangi o‘chib ketgan yozuvlarning mazmuni qanday?

– ko‘rinmas (simpatik) siyoh bilan bajarilgan yozuvlarning mazmuni qanday?

– nusxa ko‘chiruvchi qog‘ozda aks etgan yozuvlarning mazmuni qanday?

– taqdim etilgan nusxa ko‘chiruvchi qog‘ozdan nechta hujjatni bajarishda ishlatilgan?

Muhr va shtamplarning texnik-kriminalistik tadqiqotlarida hal etiladigan savollar:

– hujjatdagi muhr (shtamp) aksi qanday usulda bajarilgan?

– aks hujjatda mavjud bo‘lgan muhr (shtamp) qanday usulda tayyorlangan?

– muhr (shtamp) aksining mazmuniga o‘zgartirishlar (qo‘shib yozish yoki chizish, tozalash, yemirish usullarida) kiritilganmi?

– muhr (shtamp) aksini tushirish vaqti hujjatda ko‘rsatilgan sanaga to‘g‘ri keladimi, muhr (shtamp) aksi qanday davrda tushirilgan?

– muhr (shtamp) aks va hujjatning boshqa rekvizitlaridagi o‘zaro kesishuvchi shtrixlar qanday ketma-ketlikda bajarilgan?

– muhr (shtamp)ning yaxshi ko‘rinmaydigan aksi mazmuni qanday?

– muhr (shtamp)ning o‘zgartirilgan aksining dastlabki mazmuni qanday?

– tekshirilayotgan muhr (shtamp) aksi aniq bir muhr (shtamp)dan qoldirilganmi?

– hujjatdagi muhr (shtamp) akslari bir yoki turlicha muhr (shtamp)lardan qoldirilganmi?

Yozuv qurilmalarida bajarilgan matnlarning texnik-kriminalistik tadqiqotlarida hal etiladigan savollar:

– yozuv qurilmasida bajarilgan matn qanday usulda bajarilgan?

– yozuv qurilmasida bajarilgan matnni bajarishda qanday turdagi yozuv qurilmasi (yozuv mashinkasi, printer va boshq.) ishlatilgan?

– taqdim etilgan yozuv qurilmasida bajarilgan matn yozuv qurilmasi zakladkasidagi nechanchi nusxa bo‘lgan?

– yozuv qurilmasi zakladkasida taqdim etilgan yozuv qurilmasida bajarilgan matn bilan birga yana qancha matn bo‘lgan?

– hujjat nusxalari yozuv qurilmasining bir yoki turli zakladkasida bajarilganmi?

– yozuv qurilmasida bajarilgan matnning bajarish vaqti hujjatda ko‘rsatilgan sanaga mos keladimi, ushbu matn qancha vaqt oralig‘ida bajarilgan?

– yozuv qurilmasida bajarilgan matn va hujjatning boshqa rekvizitlari qanday ketma-ketlikda bajarilgan?

– hujjat matnini tayyorlashda boshqa hujjat (masalan, imzo va muhr aksiga ega bo‘lgan) ning alohida qismidan foydalanib bajarilganmi?

– hujjatning mazmuni qo‘shib yozish, tozalash, yemirish usullari yordamida o‘zgartirilganmi?

– yaxshi ko‘rinmaydigan yozuv qurilmasida bajarilgan matnning mazmuni qanday?

– o‘zgartirilgan yozuv qurilmasida bajarilgan matnning dastlabki mazmuni qanday?

– hujjatlardagi matnlar bir yoki turli yozuv qurilmasida bajarilganmi?

– hujjatdagi yozuv qurilmasida bajarilgan matn, tadqiqotga namunalari taqdim etilgan yozuv qurilmasida bajarilganmi?

– yozuv qurilmasida bajarilgan matnlar bir yoki turli shaxslar tomonidan bajarilganmi?

– yozuv qurilmasida bajarilgan matn ijrochisining malakasi (bilimi, ko‘nikmasi) qanday?

Poligrafik mahsulotlarning texnik ekspertizasida quyidagi savollar hal etiladi:

– matn poligrafik usulda bajarilganmi?

– hujjatdagi matn qanday usulda bajarilgan?

– taqdim etilgan hujjatlar aynan bir usulda bajarilganmi?

– taqdim etilgan poligrafik mahsulotlarni bajarishda ishlatilgan bosma shakllar qanday usulda tayyorlangan?

– tekshirilayotgan matn qanday tur, markadagi tipografik shriftda bajarilgan?

– varaqlarni kesish usullari qanday?

– tadqiqotga taqdim etilgan mahsulot qanday usulda broshyurovka qilingan (juzlangan)?

– taqdim etilgan juzlangan (sbroshyurlangan) mahsulotdagi varaqlar qanday usulda almashtirilgan?

– yaxshi ko‘rinmaydigan matning mazmuni qanday?

– taqdim etilgan hujjatlar bir xil shakl, klishe, stereotip yordamida bosilganmi?

– tadqiqotga taqdim etilgan hujjatlar, asl qolip yoki fotonegativlarda mavjud tasvirlar yordamida bajarilganmi?

– tekshirilayotgan qolip va bosma mahsulot taqdim etilgan yozuv qurilmasi literasi yordamida bajarilganmi?

– tekshirilayotgan hujjat nusxasini tayyorlashda ishlatilgan elektrografik (yoki boshqa nusxa ko‘paytiruvchi) qurilmaning turi, markasi va rusumi qanday?

– taqdim etilgan hujjat nusxalari bir yoki turlicha elektrografik (yoki boshqa nusxa ko‘paytiruvchi) qurilmalar yordamida bajarilganmi?

– taqdim etilgan hujjat, namuna-nusxalari bajarilgan aniq bir elektrografik (yoki boshqa nusxa ko‘paytiruvchi) qurilma yordamida tayyorlanganmi?

– hujjatning alohida rekvizitlari montaj yo‘li bilan elektrografik (yoki boshqa nusxa ko‘paytiruvchi) qurilmada bajarilganmi?

– hujjatning elektrografik usulda bajarilgan rekvizitlari va boshqa rekvizitlari qanday ketma-ketlikda bajarilgan?

– hujjatning varaqlari bir yoki turli qog‘oz kesuvchi qurilma (pichoq)da qirqilganmi?

Skip to content