Sud lingvistika ekspertizasini o‘tkazish asoslari va tartibi

Globallashuv, raqamli kommunikatsiya vositalarining kengayishi hamda axborot almashinuvining tezlashuvi natijasida nutq va matn bilan bog‘liq huquqiy nizolar soni sezilarli darajada ortib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi sud-tergov amaliyotida haqorat, kamsitish, obro‘sizlantirish, sharmanda qilish, salbiy mazmundagi ifodalar, internet tarmoqlaridagi noxolis matnlar kabi lingvistik xususiyatga ega ishlar ko‘paygani sud lingvistika ekspertizasining dolzarbligini yanada oshirdi.

Sud lingvistika ekspertizasini o‘tkazish uchun asoslar

Sud lingvistika ekspertizasini tayinlash quyidagi protsessual hujjatlar asosida amalga oshiriladi: tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining qarori; surishtiruvchining qarori; tergovchining qarori; prokurorning ko‘rsatmasi yoki qarori; sudyaning qarori; sudning ajrimi. Qaror yoki ajrim qabul qilingan kundan boshlab sud ekspertizasi rasmiy tarzda tayinlangan hisoblanadi.

Shuningdek, ekspertiza o‘tkazish uchun quyidagilar ham asos bo‘la oladi: advokatning jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy yoki ma’muriy ish doirasida ekspertiza tayinlash haqidagi advakat so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning bevosita ekspertiza o‘tkazish haqidagi murojaatlari.

Sud lingvistik ekspertizasi faqat qonunda belgilangan tartibda, tegishli organ yoki manfaatdor shaxsning huquqiy asoslangan murojaati bilan o‘tkaziladi.

Sud lingvistik ekspertizasining huquqiy asoslari

O‘zbekistonda sud ekspertizasi faoliyati quyidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, 2023 yilgi tahrir.
  2. O‘zbekiston Respublikasi kodekslari (JPK, FPK, MQPK). – Toshkent: “Adolat”, 2023.
  3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 21 fevraldagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan

“Sud ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Namunaviy Nizom.

  1. O‘zbekiston Respublikasining “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni” 2010 yil. v.b

Mazkur hujjatlar ekspertiza jarayonining huquqiy asoslarini, ekspertning huquq va majburiyatlarini, tadqiqot o‘tkazish tartibini belgilab beradi.

Ekspertiza obyektlari

Sud lingvistik ekspertizasi turli ko‘rinishdagi matn va nutq materiallarini qamrab oladi. Jumladan: elektron tashuvchilar: disklar, fleshkalar, telefon xotirasi, kompyuter va noutbuklar; audio va videoyozuvlar; skrinshotlar va raqamli tasvirlar;

gazeta va jurnal materiallari; og‘zaki nutq stenogrammalari (audio/video asosida); elektron yozishmalar (Telegram, WhatsApp, SMS va boshqalar); maqolalar, postlar, sharhlar, xabarlar; fotosuratlar va ulardagi yozuvlar. Tadqiqot obyektining har bir so‘zi, lingvistik tahlil uchun alohida ahamiyatga ega.

Sud eksperti xulosasining tuzilishi

Sud lingvistik ekspertining xulosasi uch asosiy qismdan iborat bo‘ladi:

  1. Kirish qismi

Bu qismda quyidagi ma’lumotlar bayon etiladi:

tadqiqot o‘tkazilgan sana va joy;

ekspertiza raqami;

ekspertning huquq va majburiyatlari tushuntirilganligi va bu haqda olingan tilxat;

ekspertning javobgarligi (noto‘g‘ri xulosa berish, ma’lumotlarni oshkor qilish va boshqalar);

ekspertizani o‘tkazish asoslari (qaror, ajrim);

ekspertizani tayinlagan shaxs yoki organ;

ekspertiza savollari (yechilishi zarur bo‘lgan masalalar);

tadqiqot uchun taqdim qilingan materiallar ro‘yxati.

  1. Tadqiqot qismi

Bu qism ekspertiza xulosasining eng muhim bo‘limi hisoblanadi.

qo‘yilgan har bir savol bo‘yicha lingvistik tahlil jarayoni;

qo‘llangan ilmiy-uslubiy yondashuvlar;

matnning leksik, grammatik, semantik, pragmatik tahlili;

aniqlangan holatlar bo‘yicha ilmiy izohlar bayon etiladi.

  1. Yakuniy qism (xulosa)

har bir savolga aniq va ravshan javob beradi;

Sud lingvistika ekspertizasi zamonaviy huquqiy tizimning ajralmas bo‘g‘ini bo‘lib, matn va nutqning mazmun-mohiyatini ilmiy asosda aniqlashga xizmat qiladi. Raqamlashtirish davrida lingvistik xarakterdagi nizolar ko‘paygani sababli ushbu ekspertiza turi sud, tergov, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida ishonchli ilmiy-amaliy vosita sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Ilmiy-metodik bazaning kuchayishi, ekspertiza jarayoniga zamonaviy texnologiyalarning joriy qilinishi sud lingvistik ekspertizasi samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

X.Sulaymonova nomidagi RSEMning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi sud lingvistik eksperti U.Rustamova