Sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi

 

 

 

Abrarova Nigara Bakievna

Laboratoriya mudirasi

Tel: 71-209-11-55

Ichki tel: 220

 

Jinoyatni ochish, uni sodir etgan shaxsni aniqlash, ish bo‘yicha qonuniy va adolatli sud hukmi va qarorlarini qabul qilishda sud-fonografiya ekspertizasi muhim rol o‘ynaydi. Bu ekspertiza turini o‘tkazish X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazida 1992 yildan boshlangan.

Bugungi kunda laboratoriyada o‘zbek va rus, zarur hollarda esa, tegishli mutaxassislar jalb etilib, boshqa tillardagi fonogramma va videoyozuvlar ham tadqiq qilinadi.

Laboratoriya xodimlari ekspertizalarni bajarishda ilmiy va texnik yutuqlardan, eng zamonaviy asbob-uskuna, qurilma hamda kompyuter dasturlaridan foydalanib, og‘ir va murakkab jinoyatlarni fosh etishda huquqni muhofaza qilish idoralariga yordam berib kelmoqdalar.

Laboratoriyada signallarning dasturlangan tahlilini ta’minlovchi «CCL-4300» moslamasi, «SiS 5.42» kompyuterlashtirilgan dasturiy ta’minoti, nutq signallarini tozalovchi «Sound Cleaner» va «Cindrella 97» qurilmalari, signallarni tahlil qiluvchi «Sony Sound Forge 9.0» va boshqa dasturiy ta’minotlardan keng foydalanib, tadqiqotlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Poraxo‘rlik, korrupsiya, ta’magirlik, terrorizm kabi jinoiy ishlarni fosh etishda sud-fonografiya ekspertizasi muhim ahamiyatga ega. Jinoyatga tayyorgarlikni yoki qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni fosh etishda isbotlovchi va guvohlik beruvchi holat va materiallar tanqis bo‘lgan vaziyatlarda, yashirin ravishda yozib olingan so‘zlashuvlar mavjud hollarda, ularning qilgan jinoyatlarini ochish uchun sud-fonografiya ekspertizasi ayniqsa qo‘l keladi.

Sud-fonografiya ekspertizasining maqsadi — tadqiqot kilinuvchi fonogramma yozib olingan asbob-uskunani, ya’ni magnitofon, diktofon, videokameralarga, raqamli diktofonlarga, raqamli videokameralarga, uyali telefonlarga, flesh-xotira kartalariga, flesh-xotira yig‘uvchilariga, kompakt disklarga va h.k.larga, yozilgan suhbatni (fonogrammani) tekshirish, suhbat mazmuni, ishtirok etgan shaxslar soni, jinsi, suhbatning sharoitlari va boshqalarni aniqlashga qaratilgandir.

Tergov idoralari tomonidan qonunda belgilangan tartibda yashirin ravishda yozib olingan fonogrammalar ashyoviy dalil sifatida mavjud bo‘lganda, tergovchi (surishtiruvchi, sud), sud-fonografiya ekspertizasini tayinlaydi.

Sud-fonografiya ekspertizasining ob’ektlari. Sud-fonografiya ekspertizasining ob’ektlari bo‘lib quyidagilar hizmat qiladi:

– magnitofon, diktofon, videokameralarga, raqamli diktofonlarga, raqamli videokameralarga, uyali telefonlarga, flesh-xotira kartalariga, flesh-xotira yozuvchilariga, kompakt disklarga va h.k.larga yozilgan fonogramma;

– fonogrammaning stenogrammasi, ya’ni suhbatning so‘zma-so‘z bayoni;

– ovoz yozish moslamasi (magnitofon, diktofon, videokamera, raqamli diktofon, raqamli videokamera, uyali telefon, flesh-xotira kartasi, flesh-xotira yozuvchisi, kompakt disk va boshq.);

– magnit tasma (audiokasseta, videokasseta, mikrokasseta, mikrochip, kompakt disk va boshq.).

Sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi mutaxassislari tergov va sud tomonidan tayinlangan ekspertizalar bo‘yicha diagnostik va identifikatsion masalalarni hal qiladilar.

Sud-fonografiya ekspertizasi hal etadigan masalalar. Sud-fonografiya ekspertizasi quyidagi masalalarni hal etadi:

– ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogramma mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;

– ekspertizaga taqdim etilgan yozuv (fonogramma) sifati past va fonogrammani tashqi shovqinlardan tozalash zarur bo‘lganda, suhbat stenogrammasini tuzish;

– ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini,  ruhiy holatini, suhbat qatnashchilarining nutqlari  erkin holatdami yoki avvaldan tayyorlangan matnni o‘qish ko‘rinishidami, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va h.k.) yozib olinganligini aniqlash;

– suhbat yozib olingan tashuvchida mexanik (faqat lenta-tortuvchi mexanizmi bo‘lgan ob’ektlar bo‘yicha) yoki elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan fonogramma asli yoki nusxaligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash (identifikatsiya qilish);

– ekspertizaga taqdim etilgan tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma aynan qaysi moslamada yozib olinganligini aniqlash;

– ekspertizaga taqdim etilgan videotasma va videofonogrammalarni tadqiqot qilish va h.k.

Sud-fonografiya ekspertizasi oldiga hal etish uchun qo‘yiladigan savollar:

– yuqorida qayd etilgan suhbatlar identifikatsion tadqiqoti uchun yaroqlimi?

– ekspertizaga takdim etilayotgan CD-R «Verbatim» rusumli kompakt diskning «17.07.WMA» fayliga yozilgan: «…Sog‘liqlariz yaxshimi?…», – so‘zlari bilan boshlanib, «…Bo‘pti, aka gaplashamiz …», – so‘zlari bilan tugallanuvchi birinchi suhbatning, hamda shu kompakt diskning «24.24.WMA» fayliga yozilgan: «Uf, yomon ichim og‘riyapti…», – so‘zlari bilan boshlanib, «…Yaxshi, nasib…», – so‘zlari bilan tugallanuvchi ikkinchi suhbatning mazmunlari, shu suhbatlar stenogrammalari matniga to‘g‘ri keladimi? (kompakt diskni ko‘zdan kechirish va eshitib ko‘rish bayonnomasi 2019 yil 26 noyabr kuni bilan rasmiylashtirilgan).

– yuqorida qayd etilgan mikroaudiokassetaning magnit tasmasida mexanik (faqat magnit tasma tadqiqot qilingan hollardagina) yoki (raqamli, kompakt disklarda, uyali telefonda va hokazo) elektroakustik montaj belgilari mavjudmi?

– yuqorida qayd qilingan suhbat yozilgan kompakt (yoki raqamli) diskda elektroakustik montaj belgilari mavjudmi?

– yuqorida qayd etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etgan? Ularning jinsi qanday? Suhbat jarayonida suhbatlashuvchilarga jismoniy va ruhiy ta’sir o‘tkazish alomatlari mavjudmi? Ularning nutqlari o‘qitilganmi yoki erkin nutqmi?

– yuqorida qayd etilgan suhbat qaerda (ko‘chada, xonada) yozib olingan?

– yuqorida qayd etilgan suhbatda ishtirok etgan va shu suhbat stenogrammasida shartli ravishda «B», deb belgilangan shaxsning ovozi va nutqi fuqaro K.ning ovozi va nutqiga tegishlimi?

– tadqiqot qilinuvchi suhbat ekspertizaga taqdim qilingan «CENIX» rusumli raqamli diktofonda yozib olinganmi (yoki aniq bir asbob-uskuna ko‘rsatilishi lozim. Bunda mazkur masalani hal qilish uchun  fonogramma birlamchi yozib olingan deb tahmin qilingan asbob-uskuna ekspertizaga taqdim qilinishi lozim)?

– tadqiqot qilinuvchi suhbat uning aslimi yoki nusxasimi (bu holatda ham  masalani hal qilish uchun  fonogramma birlamchi yozib olingan deb tahmin qilingan asbob-uskuna ekspertizaga taqdim qilinishi lozim)?

Agar tadqiqot qilinuvchi suhbat sifati qoniqarsiz bo‘lsa va uni tashqi shovqindan tozalash uchun maxsus bilim, asbob-uskuna yoki dastur zarurati bo‘lsa, u holda quyidagi savol qo‘yiladi:

– ekspertizaga taqdim etilayotgan Digital voice Recorder VN-2100 RS modelli «OLYMPUS» rusumli raqamli diktofonni «A» faylining, «1» yulakchasiga yozilgan: «…Assalomu alaykum…»,- so‘zlari bilan boshlanib, «…Tergovga ketyaptida…»,- so‘zlari bilan tugallanuvchi suhbat tashqi shovqinlardan tozalanib, uning stenogrammasi matni tuzilsin.*

*Izoh: fonogrammalarning sifati qoniqarli bo‘lgan vaziyatlarda suhbatlarning stenogrammasini tuzish uchun sud-fonografiya ekspertizasi sohasida maxsus bilimlar talab qilinmaganligi sababli, stenogramma tuzish, ekspertiza tayinlagan organning vazifasiga kiradi (prerogativa suda i sledstviya).

Sud-fonografiya ekspertizasi uchun materiallarni tayyorlash. Sud-fonografiya ekspertizasiga ayrim hollar­da tadqiqot uchun yaroqsiz, taqqoslab bo‘lmaydigan, sifatsiz solishtiruv namunalari yuboriladi, surishtiruvchi yoki tergovchining qarori(sudning ajrimi)da tadqiqot ob’ektlari to‘liq va aniq ifodalanmaydi, original (birlamchi) fonogramma o‘rniga ekspertizaga uning nusxasi (kopiyasi) jo‘natiladi, fo­nogramma yozib olingan texnik anjomlar taqdim etilmaydi. Surishtiruvchi yoki tergovchilarda, sudda stenogramma tuzish mahorati yetishmasligi va shunga o‘xshash kamchiliklar uchrab turadi.

Bu kamchiliklar ekspertizani samarali o‘tkazishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, ya’ni qo‘yilgan ayrim savollar hal qilinmaydi, tadqiqot muddatlari cho‘ziladi va masalalarni qat’iy shaklda hal qilinishi qiyinlashadi. Bu esa, jinoyatni to‘la ochish va isbotlashda jiddiy to‘sqinliklar yaratadi.

Ekspertiza o‘tkazish uchun taqdim qilinuvchi suhbatlar yozib olingan asbobni (tashuvchini) asli (originali) taqdim etilishi maqsadga muvofiqdir, chunki ayrim hollarda faqat suhbatlar yozib olingan birlamchi asbob (tashuvchi) orqali unda mavjud bo‘lgan montaj va o‘zgartirish belgilarini aniqlash mumkin bo‘ladi. Fonografiya ekspertizasini tayinlashda tergovchi (surishtiruvchi, sud) tomonidan tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan suhbatlarning stenogrammasi tuziladi. Chunki stenogrammani tuzish uchun sud-fonografiya sohasida maxsus bilimlar talab qilinmaydi. Stenogrammalar unda ishtirok etgan shaxslar gaplashgan shevada aniq va to‘liq bayon etiladi.

Ovoz va nutqdan solishtiruv namunalarini olish tartibi. Identifikatsiya qilish bilan bog‘lik sud-fonografiya eksperti­zasini o‘tkazish uchun gumon qilinuvchi shaxsning ovozi va nutqi namunalari talab qilinadi. Solishtiruv namunalari ikki xil bo‘ladi:

  1. a) erkin nutq; b) eksperimental nutq.

Ovoz va nutqning erkin namunalari – shaxsdan jinoyat sodir etilishigacha yoki undan keyin jinoyat ishi bilan bog‘liq bo‘lmagan holatlarda erkin (shu jumladan, qonun doirasida bo‘lsa, yashirin) ravishda olingan ovoz va nutqdir.

Ovoz va nutqning eksperimental namunalari esa, tergovchi (surishtiruvchi, sud) tomonidan sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazishda solishtiruv materiali sifatida foydalanish uchun ataylab tayyorlanib, maxsus tashuvchilarga yozib olinadi va bu haqida bayonnoma tuziladi.

Tergovchi (surishtiruvchi, sud) tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogrammani bir necha marotaba diqqat bilan eshitib, unda uchragan, qaytarilgan jumlalarni inobatga olgan holda identifikatsion tadqiqot uchun qanday solishtiruv materiallari kerakligi haqida tushuncha hosil qiladi va namuna olish rejasini ishlab chiqadi. Bu rejada protsessual talablarga binoan quyidagilarni nazarda tutish lozim:

– magnit tasmasiga yoki raqamli tashuvchilarga yozib olinayotgan namunani boshlanishidan oldin unda yozuv, ya’ni namuna olinayotgan sana, joyi, yozuvni amalga oshirayotgan shaxsning familiyasi, ismi, mansabi, texnik sharoitlar (mikrofon, magnitofon yoki boshqa tashuvchilar turi, so‘zlovchi bilan mikrofon orasidagi masofa) ko‘rsatiladi.

Sud-fonografiya ekspertizasini tayinlash uchun kerakli materiallarni to‘plash jarayonida tergovchi (surishtiruvchi, sud) gumonlanuvchi (ayblanuvchi, guvoh) shaxs haqida ma’lumotlar to‘playdi. Bunday ma’lumotlarga shaxsning yoshi, millati, qaysi tillarni bilishi, ma’lumoti, yashash joyi, mehnat faoliyati, tadqiq qilinuvchi fonogrammagacha bo‘lgan va undan keyingi fiziologik va psixologik holati kiradi. Bu ma’lumotlar «gumondor» shaxsdan olingan eksperimental namunalarni ekspert tomonidan baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud-fonografiya ekspertizasini tayinlash uchun solishtiruv namunalarini tayyorlashda quyidagilar ta’minlanishi zarur:

– namuna olish uchun yuqori sifatli tovush yozuvchi asbob-uskunalaridan foydalanish;

– namunalarning yozib olinish tezligi, sharoiti tadqiqot qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma tezligiga, sharoitiga iloji boricha yaqin bo‘lishi.

Bu talab sud-fonografiya ekspertizasini o‘tkazish uslubiyotidan kelib chiqib, tekshiriladigan ovoz va nutqlar (tadqiqot qilinuvchi va namunalar) ikki xil tezlikda, sharoitda, sifat jihatidan ham farq qiladigan fonogrammalarni tadqiqot etish natijasida yo‘l qo‘yiladigan hatoliklarni oldini oladi.

Sud-fonografiya ekspertizasi o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan materiallarni saqlash va taqdim qilish tartibi. Sud-fonografiya ekspertizasi o‘tkazish uchun yo‘llaniladigan daliliy ashyolarni ochiq holatda, temir shkaflarda, turli metall buyumlar yonida va yuqori haroratli joylarda saqlash tavsiya etilmaydi. Ularni mexanik shikast va changdan himoya qilish maqsadga muvofiqdir. Agar tovush yozuvlari temir seyfda (shkaf) saqlanadigan bo‘lsa, uni plastmassali yoki polietilenli g‘ilofga joylab qo‘yish zarur.

Magnit tasmalari uzib tashlanganda ularni qayta ta’mirlash man qilinadi va ekspertizaga qanday holatda bo‘lsa shunday takdim etiladi.

Raqamli diktofonga yozib olingan fonogrammalar tergov (sud) organlari  ixtiyorida mavjud bo‘lganda, ular bilan o‘ta ehtiyotkorlik bilan muomala qilish kerak. Unga yozib olingan fonogrammalarni behosdan o‘chirib yuborishni oldini olish uchun ularda mavjud bo‘lgan maxsus tugmacha, ya’ni «HOLD» ni bosib qo‘yish lozim. Kompakt, raqamli disklarni esa, barmoq izlari tushib qolishdan, har xil qirilishlardan saqlash shart.

Ekspert tekshirishi lozim bo‘lgan ob’ektlar va ashyoviy dalillar ekspertizaga o‘ralgan va muhrlangan holda taqdim etilishi kerak.

Skip to content