Daktiloskopik ekspertiza
Qo‘l barmoq izlari muhim qidiruv materiali hisoblanadi. Ushbu izlar jinoyat sodir etgan shaxslar va gumon qilinuvchilarni aniqlash va tekshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishga imkon yaratadi. Papillyar naqshlarning aniq ifodalangan alohidaligi, shaxslarni kriminalistik identifikatsiya qilishning (aynanligini aniqlash) asosini tashkil etadi.
Qo‘l barmoq izlaridan jinoyatchilarni qidirishda foydalanish, dastlabki bosqichlarda bir necha yo‘nalishlarda amalga oshirilishi mumkin. Bir tomondan, bu hodisa sodir bo‘lgan joyda aniqlangan barmoq izlarini daktiloskopik kartotekalar bo‘yicha tekshirish hisoblanadi. Boshqa tomondan esa, barmoq izlari muayyan doiradagi shaxslarning papillyar naqshlarini bevosita solishtirish, ushbu shaxslar doirasini yanada toraytirish hamda alohida toifadagi shaxslarni aniqlashda vujudga keladigan tusmollarni tekshirishda foydalanilishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, daktiloskopik ma’lumotlardan nafaqat jinoyatlarni ochish va tergov qilishda, balki jangovar harakatlar davrida, aviahalokatlar yoki boshqa halokatlarda halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash maqsadida ham foydalanish mumkin.
Odam qo‘l va oyoq izlari odamning o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiradi va jinoyatning quyidagi sharoitlari va holatlarini aniqlashga imkon beradigan axborotlarni olishga ta’sir ko‘rsatadi:
1) tekshirilayotgan jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslar doirasini aniqlash;
2)ma’lumotlar banki va daktiloskopik hisoblar yordamida jinoyatchini aniqlash;
3) ochilmagan jinoyatlar sub’ektini aniqlash, ya’ni boshqa jinoyatni sodir etgan va ushlangan jinoyatchini, ilgari, hodisa sodir bo‘lgan joyda qoldirgan izlariga ko‘ra aniqlash;
4) hodisa sodir bo‘lgan joyda izlar qoldirgan shaxsning anatomik, yoshi va boshqa funksional xususiyatlarini aniqlash;
5) bir shaxsni bir necha jinoyatlarni sodir etganligini aniqlash;
6) shaxsni hodisa sodir bo‘lgan joydagi ob’ektlar bilan ta’sirlashish holatini aniqlash;
7) jinoyatchining, hodisa sodir bo‘lgan joydagi harakatlarining mazmuni va ketma-ketligini aniqlash;
8) jinoyatni sodir etishda ishtirok etgan shaxslarning sonini aniqlash;
9) shaxsi noma’lum murdalar va bedarak yo‘qolganlarning shaxsini aniqlash.
Barmoq izlarini o‘rganish natijasida olingan ma’lumotlar tergov tusmollarini ilgari surishda va jinoyatchilarni qidirishda ham foydalaniladi.
Qo‘l barmoq izlarida aks etgan papillyar naqshlarning ekspertizalarida hal etiladigan savollar quyidagicha shakllantiriladi:
– taqdim etilgan buyumlarda barmoq izlari mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, ular shaxsni aynanligini aniqlash uchun yaroqlimi?
– barmoq izlari aniq bir shaxs (shaxslar) tomonidan qoldirilganmi?
– barmoq izlari bir shaxsga tegishlimi?
– bir necha hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan barmoq izlari bir shaxs tomonidan qoldirilganmi?
– iz hosil bo‘lish mexanizmi qanday?
– izlar qaysi qo‘l va qaysi barmoqdan qoldirilgan?
– izlar kaft sirtining qanday sohasidan qoldirilgan?
– iz bo‘lagi qo‘l barmog‘idanmi yoki kaftidan qoldirilganmi?
– barmoq izlarini qoldirgan shaxsning bo‘y uzunligi, jinsi va yoshi qanaqa?
– barmoq izlarini qoldirgan shaxsning kasbi qanaqa?
Daktiloskopik ekspertizalarni o‘tkazishda, jinoyat hodisasi bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi ob’ektlar tadqiqotga taqdim etilishi lozim:
– qo‘l barmoq izlari mavjud bo‘lishi taxmin qilingan buyumlar yoki ularning qismlari;
– barmoq izlari mavjud bo‘lgan va aniqlangan, ammo sirtidan ushbu izlar hali olinmagan buyumlar va ularning qismlari;
– barmoq izlarining nusxalari ko‘chirilgan daktiloskopik tasmalar (skotch -tasmalar) yoki boshqa yopishqoq va polimer materiallar;
– barmoqlarning hajmiy izlari yoki daktiloskopik kukunlar yordamida aniqlangan barmoq izlarining gipsli quyma-nusxalari;
– barmoq izlarining tasviri tushirilgan fotosuratlar, videotasma va reproduksiyalar;
– tergov-tezkor tadbirlarini o‘tkazishda aniqlangan va olingan, barmoq izlari mavjud bo‘lgan buyumlar;
– jinoyat ishini dastlabki tergov qilish materiallari;
– hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasi va fotojadval;
– hodisa sodir bo‘lgan joy va barmoq izlari qayd etilgan foto negativlar va (yoki) videotasmalar;
– hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirishda, mutaxassis-kriminalistlar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki tadqiqotlar natijalari aks etgan, hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasining rejalari, chizmalari (sxemalar) va suratlari hamda axborotli-qidiruv xaritalari (hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish bayonnomasiga ilovalar);
– tadqiqot ob’ektlari va (yoki) barmoq izlarini aniqlash, qayd etish va olish bilan bog‘liq bo‘lgan tergov harakatlarining materiallari;
– so‘roq, tintuv (olib qo‘yish), tergov eksperimenti, taqqoslash tadqiqotlari uchun namunalar olish;
– birlamchi (ba’zida takroriy) ekspertizalarning materiallari;
– ekspertning xulosasi, shuningdek fotojadvallar, fotonegativlar, turli ishlanmalar va ularning ilovalari, birlamchi va takroriy ekspertizalarning ob’ektlari.
Taqqoslash tadqiqotlari uchun namunalar sifatida ekspertizaga barmoqlar va kaftning quyidagicha izlari taqdim etilishi mumkin:
– jabrlanuvchilar, ularning tanishlari va qo‘ni-qo‘shnilari hamda jinoyat hodisasiga bog‘liq bo‘lmagan tarzda hodisa joyida o‘z izlarini qoldirishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarning;
– gumon qilinuvchilar, ayblanuvchilar va jinoyatni sodir etishda ishtirok etganligi tekshirilayotgan shaxslarning;
– shaxsi noma’lum murdalarning;
– o‘zining biografik ma’lumotlarini yashirayotgan shaxslarning;
– «Live-skaner» («tirik» skaner)dan foydalanib rangsiz metod yordamida olingan;
– egiluvchan materiallarda hosil bo‘lgan (hajmiy) izlar va ularning quyma-nusxalari;
– daktilomassivlardan tanlab olingan;
– asl izlar, kseronusxalar, fotoreproduksiyalar va negativlar;
– erkin namunalar;
– bedarak yo‘qolgan shaxsning yashash joyidan aniqlangan, barmoq izlari mavjud bo‘lgan buyumlar (shaxsi tanilmagan murdaning barmoq izlari bilan solishtirish uchun).