Markaz ustavi

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
X. Sulaymonova nomidagiRespublikasudekspertizasi markazi
USTAVI

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Ustav O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi
(keyingi o‘rinlarda – Markaz deb yuritiladi)ning maqomi, vazifa va funksiyalari, huquq va majburiyatlari hamda faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilaydi.

2. Markaz ixtisoslashgan davlat sud ekspertizasi muassasasi bo‘lib, o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining buyruqlari, yo‘riqnomalari va ko‘rsatmalari, shuningdek ushbu Ustavga asosan amalga oshiradi.

3. Markaz O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan mustaqil tuzilmasi bo‘lib, o‘z balansiga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida ochilgan shaxsiy hisob raqamlariga, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan va o‘z nomi yozilgan muhrga hamda o‘z faoliyati uchun zarur boshqa belgilar va rekvizitlarga ega bo‘ladi.

4. Markaz bevosita O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga bo‘ysunadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Markaz faoliyatiga rahbarlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri Markaz tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega.

5. Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda mavjud bo‘lgan o‘z hududiy bo‘linmalari faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi hamda ularning xo‘jalik faoliyatini nazorat qiladi.

6. Markaz o‘zining ilmiy va xo‘jalik faoliyati natijalari, tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlar hamda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti va bank muassasalari oldida olingan majburiyatlarning bajarilishi uchun javobgardir.

7. Markazning nomi:

davlat tilida – O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazi;

ingliz tilida – Republican Center of Forensic Expertise after H.Sulaymonova under the Ministry of Justice of the Republic of Uzbekistan;

rus tilida – Respublikanskiy sentr sudebnoy ekspertizы imeni X.Suleymanovoy pri Ministerstve yustitsii Respubliki Uzbekistan.

8. Markazning manzili: Toshkent shahri, Chilonzor ko‘chasi, 29-uy.

II. Markazning vazifalari va funksiyalari

9. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari hisoblanadi:

Markazni har tomonlama rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, sud ekspertizasi muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, mamlakatda sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini shakllantirish;

fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini ta’minlash, odil sudlovni amalga oshirish, jamoat tartibini, xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatlar va huquqbuzarlikka qarshi kurashish masalalarida huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarga maxsus bilimlarni qo‘llash yo‘li bilan ko‘maklashish;

huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarning maxsus bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlarini tizimli o‘rganish, zamonaviy ilmiy-texnika yutuqlari, ilmiy tavsiyalar va ilg‘or xorijiy tajriba asosida yangi metodikalarni sud-ekspertlik amaliyotiga joriy etish;

fuqarolik, xo‘jalik ishlari, ma’muriy va jinoiy ishlar, tergovgacha bo‘lgan tekshiruvlar materiallari bo‘yicha sud ekspertizalarini, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ekspert ixtisosliklariga muvofiq tadqiqotlarni o‘tkazish;

maxsus bilimlar va texnika vositalarini qo‘llashda huquqni muhofaza qilish va sud organlari xodimlariga metodik yordam ko‘rsatish, ularni sud ekspertizasi sohasidagi zamonaviy yutuqlar va imkoniyatlar bilan tanishtirish;

maxsus bilimlar asosida huquqbuzarliklarni sodir etishga olib keladigan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularning oldini olishga doir takliflar ishlab chiqish;

Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish;

cud ekspertlarining malakasi va huquqiy bilimlarini oshirish bo‘yicha o‘quv jarayonini ta’limning majburiyligi, uzluksizligi va sifatini monitoring qilish prinsiplariga amal qilgan holda hamda yangi texnologiyalarni (ta’lim, sud-ekspertlik, axborot va boshqalar) joriy etish asosida tashkil etish;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud ekspertizasi muammolari bo‘yicha kengash faoliyati doirasida davlat organlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash.

10. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

sud ekspertizasi sohasida ilmiy-tadqiqotlar olib boradi;

sud ekspertizasi nazariyasi va amaliyotini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarning maxsus bilimlarga bo‘lgan ehtiyojlarini tizimli o‘rganadi;

sud ekspertizasi sohasida yangi metodlar, ilmiy tavsiyalar va ilg‘or tajribani o‘rganadi va ekspertlik amaliyotiga tatbiq etadi;

sud ekspertizalari va ekspert ixtisosliklariga muvofiq tadqiqotlar o‘tkazadi;

Markaz va boshqa sud ekspertizasi muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan yangi metod va ekspert tadqiqot turlarini sinab ko‘radi va ekspertlik amaliyotiga tatbiq etadi;

sud ekspertizasi sohasida ilmiy maqolalar to‘plami, uslubiy qo‘llanmalar va boshqa axborot-ma’lumot materiallarini tayyorlaydi;

huquqni muhofaza qilish va sud organlari xodimlarini sud ekspertizasi sohasining zamonaviy yutuqlari va imkoniyatlari bilan tanishtiradi, ularga ekspertiza tayinlash hamda uni o‘tkazish uchun materiallarni tayyorlash tartibini tushuntiradi, ayrim hollarda ashyoviy dalillarni topish, qayd etish, olish va o‘rashda amaliy yordam ko‘rsatadi;

ekspertlik amaliyotini umumlashtiradi, muayyan ekspertiza materiallari bo‘yicha huquqbuzarlikni sodir etishga olib kelgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlaydi hamda ularning oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘radi;

sud ekspertlarini turli yo‘nalishlar ixtisosligi bo‘yicha tayyorlaydi;

Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirishni tashkil qiladi, shu maqsadlarda boshqa sud ekspertizasi muassasalarida, shu jumladan, xorijiy davlatlarda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

ekspert xulosalarini taqriz qilishni ta’minlaydi;

ilmiy-tadqiqot ishlari o‘tkazilishini tashkil etish uchun xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish masalalari yuzasidan belgilangan tartibda zarur choralarni ko‘radi;

sud ekspertizasi sohasida ilmiy-texnik muammolarni hal qilish va muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi;

o‘z faoliyati ixtisosligiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etadi;

respublikadagi boshqa sud ekspertizasi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularga ilmiy-metodik yordam ko‘rsatishda ishtirok etadi, shuningdek Sud ekspertizasi muammolari bo‘yicha kengash ishini tashkil qiladi.

11. Markaz qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishi mumkin.

III. Markazning huquqlari va javobgarligi

12. Markaz o‘z zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

sud ekspertizasini rivojlantirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ekspertlik amaliyotiga yangi metodlarni joriy etish yuzasidan boshqa sud ekspertizasi muassasalariga tavsiyalar berish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish maqsadida grant mablag‘lari olish uchun tanlov va tenderlarda ishtirok etish;

belgilangan tartibda boshqa davlatlar sud ekspertizasi muassasalari bilan tuzilgan shartnoma (kelishuv)lar asosida mutaxassislar, ilmiy-texnik hujjatlar, ilmiy-ishlab chiqarish tajribasi va boshqa axborotlar almashinuvini amalga oshirish;

ekspertlarning mehnat sharoitlarini yaxshilash, moddiy va ijtimoiy ta’minlash choralarini ko‘rish;

davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tgan xodimlarga belgilangan tartibda guvohnoma, malaka oshirishdan o‘tgan xodimlarga belgilangan tartibda sertifikat berish va uni bekor qilish;

o‘z faoliyatini rivojlantirish maqsadida Markazni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil qilish;

xalqaro konferensiya, seminar va boshqa anjumanlarni tashkil qilish hamda ularda ishtirok etish.

Markaz O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

13. Markaz o‘ziga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

IV. Markaz faoliyatini tashkil etish

14. Markaz faoliyatiga direktor rahbarlik qiladi. Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

15. Markaz direktori ikki nafar – ilmiy ishlar bo‘yicha va moliya xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlarga ega. Markaz direktorining  o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

16. Markaz direktori o‘z vakolati doirasida qonun hujjatlariga muvofiq buyruqlar chiqaradi va ularning bajarilishini ta’minlaydi.

Direktor qonun hujjatlari va mazkur Ustavga muvofiq:

Markaz nomidan ish olib boradi, barcha tashkilotlarda uning huquqlarini himoya qiladi;

xodimlar soni va ish haqiga ajratilgan mablag‘ doirasida Markazning shtat jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

xodimlar bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;

Markazning mol-mulki va mablag‘larini tasarruf qiladi;

shartnomalarni imzolaydi, ishonch qog‘ozlari beradi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida Markazning shaxsiy hisob raqamlarini ochadi;

Markaz xodimlarini mukofotlaydi va zarur hollarda ularga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘radi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda ichki mehnat tartibini belgilaydi, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq qo‘shimcha ta’til muddatini belgilaydi;

budjet va budjetdan tashqari fondlarga soliqlar va majburiy to‘lovlar, ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlaydi;

sud ekspertizasini o‘tkazish uchun Markazga kelib tushgan materiallarni ekspertlar o‘rtasida taqsimlaydi;

belgilangan tartibda ekspertiza o‘tkazish muddatlarini belgilaydi va ularga rioya qilinishini nazorat qiladi;

ekspertlarning mustaqillik prinsipini buzmagan holda, o‘tkazilayotgan tekshirishlarning to‘liqliligi va sifati ustidan nazorat qiladi;

ilmiy kengashlar, konferensiya, simpozium, seminar va boshqa anjumanlarda Markaz nomidan qatnashadi;

boshqa sud ekspertizasi muassasalari, shu jumladan, xorijiy davlatlar sud ekspertizasi muassasalari bilan belgilangan tartibda o‘zaro hamkorlik qilinishini ta’minlaydi;

Ilmiy kengash ishiga rahbarlik qiladi;

Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish va soha faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha takliflar kiritadi;

qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

17. Markaz direktori o‘z o‘rinbosarlari hamda Markaz xodimlarining vakolatlari va majburiyatlarini qonun hujjatlariga muvofiq belgilaydi.

18. Markaz direktori va uning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari o‘z ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlarda va davlat sud eksperti sifatida sud ekspertizalarini o‘tkazishda bevosita ishtirok etishi mumkin.

19. Markaz laboratoriyalari, bo‘limlari va boshqa tarkibiy tuzilmalari direktor tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida ish olib boradi.

20. Markaz faoliyatiga taalluqli muhim masalalarni hal qilish uchun direktor, uning ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, laboratoriya va bo‘lim mudirlari, bosh va yetakchi ekspertlar, kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, huquqni muhofaza qilish organlari va oliy ta’lim muassasalari vakillari, yetakchi olimlar va mutaxassislardan iborat tarkibda Ilmiy kengash tuziladi.

21. Ilmiy kengash o‘z faoliyatini Markaz direktori tomonidan tasdiqlanadigan nizom asosida olib boradi. Ilmiy kengash ishi yillik ish rejasiga muvofiq tashkil qilinadi.

22. Ilmiy kengash:

Markaz, uning tuzilmalari rahbarlarining hisobotlarini ko‘rib chiqadi;

sud ekspertizasi sohasidagi dolzarb ilmiy muammolar, ilmiy-tadqiqot rejalari, nazariy va amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ishlarni muhokama qiladi;

ilmiy va faxriy unvonlar berish bilan bog‘liq masalalarni hal etadi;

o‘z vakolatiga doir masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

23. Ilmiy kengash tarkibi Markaz direktorining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

24. Markazda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha Ekspert-malaka komissiyasi faoliyat ko‘rsatadi.

25. Komissiyaning shaxsiy tarkibi Markaz direktorining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

26. Komissiya tomonidan xodimlarni davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

27. Markazda xodimlarning o‘z kasbiga munosibligi darajasini xolisona baholash hamda ularning zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish yuzasidan mas’uliyatini oshirish maqsadida attestatsiya komissiyasi tuziladi.

28. Attestatsiya komissiyasi tarkibi Markaz direktorining taqdimnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

29. Attestatsiya komissiyasi ishini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

30. Adliya vazirligi tizimidagi sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini, shuningdek boshqa sud ekspertlarining huquqiy bilimlarini oshirish jarayonida yakuniy nazoratlarni tashkil etish va o‘tkazish uchun Markaz direktorining buyrug‘i bilan komissiya tashkil etiladi;

Tashkil etiladigan komissiya tarkibiga vazirliklar va idoralar, oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillari, ular bilan kelishilgan holda kiritiladi.

31. Markaz faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Hay’at majlislarida muhokama qilib boriladi.

V. Markaz mol-mulki va mablag‘lari

32. Belgilangan tartibda Markazga biriktirilgan bino, inshoot, asbob-uskuna, transport vositalari va boshqa mol-mulklar uning asosiy mablag‘i fondini tashkil qiladi hamda Markaz unga nisbatan operativ boshqarish huquqiga ega.

33. Markaz faoliyatini moliyalashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi manbalar hisobidan amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

34. X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazini rivojlantirish jamg‘armasi qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi.

35. Markazda bajariladigan ilmiy-tadqiqot ishlarini mablag‘ bilan ta’minlash muayyan tadqiqot-topshiriqni bajarishga ajratiladigan grant mablag‘lari asosida amalga oshiriladi.

36. Markaz o‘z moliyaviy zaxiralaridan muayan maqsadlar uchun tejab foydalanishni ta’minlaydi.

VI. Buxgalteriya hisobi va hisobot yuritish

37. Markaz hisobot davri tugagach, tasdiqlangan shakllar bo‘yicha hisobotlar tuzadi. Moliyaviy hisobot va unga ilova qilinadigan boshqa hujjatlarni belgilangan muddatlarda vakolatli organlarga taqdim etadi.

38. Markaz hujjatlarning saqlanishi va ularni belgilangan tartibda Davlat arxiviga saqlash uchun topshirilishini ta’minlaydi.

VII. Yakunlovchi qoidalar

39. Markaz faoliyatini qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

40. Ushbu Ustavga qonun hujjatlariga muvofiq o‘zgartirishva qo‘shimchalar kiritilishi mumkin.

Skip to content