O‘simliklarning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi ko‘rashish qoidalari buzilishi, zararli kimyoviy moddalarni qo‘llash, baliq xo‘jaligi havzalarini qo‘riqlash, suv havzalarini, havoni, tuproqni, dengizni, yoki dengiz tirik boyliklari, odam sog‘lig‘i uchun zararli moddalarni yoki boshqa chiqindilar va materiallarni tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda sud ekologiya ekspertizalari tayinlanadi.
Atrof-muhitni jinoiy ifloslantirish bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha tayinlanadigan ekspertizalarni ob’ektga qarab uch guruhga bo‘lish mumkin:
- Birinchi guruh – odam, hayvon va o‘simlik holatining sud ekspertizasi. Ekspertlar biolog, vrach, hayvon vrachi, ixtiolog va sanitariya-gigiena sohalarida mutaxassis bo‘lishlari mumkin.
Ushbu guruh sud ekspertizalari odam, hayvon, o‘simliklar uchun zararli oqibatlar sabablarini tibbiyot-biologik nuqtai-nazardan hamda hududning ekotizimini (yoki shunga o‘xshash ehtimollarni) aniqlash bilan bog‘liq vazifalarni hal etadi.
- Atrof-muhit ifloslantirish manbalarini texnika-texnologiya masalalarini bevosita tekshirish, texnologik uskunalarning, ayrim tozalash inshootlarining va qurilmalarning sifatini aniqlash uchun tayinlanadigan sud ekspertizalari ikkinchi guruhni tashkil etadi. Ushbu ekspertizalar orqali texnologiya, qurilish, gidrotexnika va sanitariya-texnika bilan bog‘liq holatlar tadqiq etiladi.
- Modda va materiallarning fizikaviy va kimyoviy xossalari o‘zgarishi natijasida vujudga kelgan izlarni tadqiq etish bilan bog‘liq bo‘lgan ekspertizalar uchinchi guruhni tashkil etadi. Ushbu tadqiqotlar yordamida havo, suv havzalarini, tuproq, o‘simliklarni kasallanishga olib kelgan, odamlarni, hayvonlarni, baliqlarni, o‘simliklarni halokatga olib kelgan (yoki shunga o‘xshash oqibatlarga olib kelish xavfi bo‘lgan) zaharli moddalar borligi aniqlanadi.
Sud ekologiya ekspertizasining asosiy vazifalari quyidagilardir:
– atrof-muhitda (havo, suv, tuproq, o‘simliklarda)gi zaharli moddalarni aniqlash;
– tergovchi (sud) tomonidan topilgan ifloslantiruvchi moddalarni muayyan turkum (zaharli kimyoviy moddalar, og‘ir metallar va h.k.)ga taalluqligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan ob’ektni turkumiy, guruhiy taalluqligini aniqlash;
– ekspertizaga taqdim etilgan ob’ektni qanday maqsadda ishlatilishini yoki qo‘llanish sohasini aniqlash.