O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning chet el davlatlardagi jismoniy va yuridik shaxslar bilan tovar, ishlar (xizmatlar)ni import va eksport qilish bo‘yicha amalga oshirilgan xo‘jalik operatsiyalari bo‘yicha yangi dalillarni hamda dastlabki tergov davrida olib borilgan tekshiruv chog‘ida aniqlanmagan boshqa ko‘rsatkichlar yoki tekshiruvlar natijasida belgilangan o‘xshash dalillarning ishonchliligi hamda yig‘ilgan hujjatlar asosida shubha tug‘diradigan boshqa omillarni aniqlashga ehtiyoj tug‘ilganda tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi o‘tkaziladi.
Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi predmeti – O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni amalga oshirayotgan korxonalar – tabiiy monopoliya sub’ektlari, davlat mablag‘larini jalb etgan boshqa mulkchilik shaklidagi tashkilot va korxonalar, ularning filiallari va vakolatxonalari, davlat ulushi bo‘lgan korxona va tashkilotlar tomonidan tuzilgan import shartnomalari hamda O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga sotiladigan tovar va ishlar (xizmatlar) uchun tashqi savdo qilish sohasidagi kontraktlarni, ularning o‘zgartish va qo‘shimchalarini rasmiylashtirish yo‘li bilan amalga oshirish borasidagi tashqi savdo faoliyatini o‘rganish hisoblanadi.
Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi ob’ekti bo‘lib, tovar va ishlar (xizmatlar), har qanday mol-mulkka (intellektual mol-mulkdan tashqari) nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat doirasida moliya-xo‘jalik operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha axborotni o‘z ichiga olgan hujjatlarda aks ettirilgan ma’lumotlar hisoblanadi, qonun hujjatlari bilan tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanish uchun taqiqlangan ma’lumotlar bundan mustasno.
Tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasini o‘tkazish uchun quyidagi masalalar qo‘yilishi mumkin:
– shartnoma majburiyatlariga amal qilish bo‘yicha eksport va import shartnomalarni baholash;
– bojxona yuk deklaratsiyasi(BYuD)ni rasmiylashtirish tartibiga rioya qilish;
– tovar, ishlar (xizmatlar)ni olib chiqish va olib kirish bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirish qismi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligiga rioya qilish;
– sud-tergov idoralari tomonidan vakolatli organlar (O‘zbekiston Respublikasi TIAISV, O‘zbekiston Respublikasi MB va boshqalar)dan olingan rasmiy narxlar to‘g‘risida ma’lumotlarni taqdim etishni hisobga olgan holda jahon narxlari darajasi bilan taqqoslaganda eksport va import shartnomalarida ko‘zda tutilgan narxlarning oshishi (kamayishi)ni belgilash;
– muayyan sana holatiga valyuta kursini qo‘llash va milliy valyuta (so‘m) miqdorini chet el valyutasiga qayta hisoblashning to‘g‘riligi;
– tashqi savdo oldi-sotdi shartnomasi asosida olingan/ import (eksport) qilingan tovarlar soni va qiymatini belgilash;
– tashqi savdo oldi-sotdi shartnomasini bajarish doirasida pul mablag‘lar va hisob-kitoblarning hisobini yuritish va harakatlanish sistemasini belgilash (valyuta tushumining o‘z vaqtida tushishi);
– birlamchi hujjatlar bo‘yicha tovarlarning assortimenti, rusumi, texnik tafsiloti va soni bo‘yicha shartnomalarning shartlariga muvofiqligini aniqlash;
– tashqi savdo shartnomalarida ko‘zda tutilgan hujjatlarning mavjudligi va ularning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi;
– yetkazib beruvchining hisob-fakturasi bo‘yicha o‘rinlar soni va tovar vaznining transport hujjatlarda, tasnif va sertifikatlarda keltirilgan o‘rinlar soni va tovar vazniga muvofiqligi;
– hisob-fakturasida ko‘rsatilgan narxlar, chegirma va x.k. larning tashqi savdo shartnoma shartlariga muvofiqligi;
– tarif va notarif tartibga solish sohasida korxonaga taqdim etilgan imtiyozlarni qo‘llashning asoslanganligini aniqlash (valyuta qonun hujjatlarini ijro etishi);
– tashqi iqtisodiy xo‘jalik operatsiyalarning buxgalteriya hujjatlarida aks ettirilishi buxgalterlik hisobini yuritish va hisobotni tuzish bo‘yicha amaldagi me’yoriy hujjatlarning talablariga muvofiqligi;
– shartnomada ko‘zda tutilgan tomonlarning shartnoma shartlarini lozim darajada bajarish bo‘yicha javobgarlikni bajarish (qo‘llash)ning to‘g‘riligi.
Ekspert tadqiqotlarining sifati, ko‘pincha ekspertizaga taqdim etilgan materiallarning o‘z vaqtida malakaviy tarzda to‘plashga bog‘liq. Ushbu materiallarga tovar va ishlar (xizmatlar), har qanday mol-mulkka (intellektual mol-mulkdan tashqari) nisbatan tashqi iqtisodiy faoliyat doirasida moliya-xo‘jalik operatsiyalarni amalga oshirish bo‘yicha axborotni, (qonun hujjatlari bilan tashqi iqtisodiy faoliyatda foydalanish uchun taqiqlangan ma’lumotlar bundan mustasno) o‘z ichiga olgan hujjatli ma’lumotlar (asl nusxalari) bo‘lishi mumkin.
Ekspertlarga qaror (ajrim)dan tashqari tashqi savdo faoliyatining sud-iqtisodiy ekspertizasi bo‘yicha qo‘yilgan masalaga xolis qaror qabul qilish uchun ushbu savolga tegishli bo‘lgan barcha zarur hujjatlardan iborat bo‘lgan ish materiallarini yuborish maqsadga muvofiq bo‘ladi.