Sovuq qurollarning kriminalistik tadqiqoti
Sovuq qurol yordamida qotillik, tan jarohatlari yetkazish, bosqinchilik, bezorilik va boshqa turdagi jinoyatlar sodir etiladi. Shu sababli sovuq qurol tushunchasi bir qator jinoiy-huquqiy normalarni tuzishda foydalaniladi, sovuq qurolning o‘zi va uning ishlatilish izlari esa jinoyat ishlarini tergov qilish va ochish jarayonida kriminalistik ekspertizalarning obyektlari bo‘lib hisoblanadi.
Sovuq qurollarni yasash, olib yurish va sotish uchun amaldagi jinoyat qonunida, jinoiy javobgarlik ko‘rsatilmagan, lekin sovuq qurol yordamida sodir qilingan jinoyatlarni tasniflashda (kvalifikatsiya) ahamiyatli bo‘lib, tegishli ekspertiza tayinlashga zarurat tug‘iladi. Jumladan, badanga shikast yetkazish, bosqinchilik va bezorilik jinoyatlarida qo‘llanilgan yoki qo‘llash tahdidi mavjud bo‘lgan hollarda jinoiy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat bo‘lib hisoblanadi.
Ekspert ekspertiza uchun materiallarni olgandan so‘ng, tergov organlarini qiziqtiruvchi savollarni aniqlab oladi. Ekspertiza tayinlash haqidagi qarorda savollar turlicha qo‘yilishi mumkin, ammo ularning asl mazmuni asosan quyidagicha bo‘ladi:
Sovuq qurollarning texnik holatini aniqlashda quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:
- 1. Qurolning soz yoki nosozligi, agar nosoz bo‘lsa tegishli soz holatga keltirish mumkinmi?
- 2. Ishlatish uchun mazkur qurol yaroqlimi, agar yaroqsiz bo‘lsa tuzatish, qo‘llashga yaroqli qilish iloji bormi?
Sovuq qurolning guruh mansubligini aniqlashda quyidagi savollar hal qilinadi:
- 1. Mazkur predmet (narsa-buyum) sovuq qurolmi?
- 2.Tekshiriluvchi predmet sovuq qurollarning qanday turiga, ko‘rinishiga taalluqlidir.
Identifikatsiya qilish masalalari turlicha bo‘lib, faqat sovuq qurollarga tegishli bo‘libgina qolmay boshqa turdagi ekspertizalar yordamida, jumladan, trasologik tadqiqotlar bilan ham hal qilinadi. Savollar quyidagicha bo‘lishi mumkin:
- 1. Mazkur qurolni tayyorlashda qanday material qo‘llanilgan, tekshirishga yuborilgan material qo‘llanilganmi, qurolni yasashda qanday qolip ishlatilgan, qanday asbob, qurilmalar yordamida bajarilgan?
- 2. Tekshiriluvchi qurol (qurollar)ni tayyorlashda mazkur asbob-uskuna, qurilmalar qo‘llanilganmi?
- 3. Tekshirishga yuborilgan g‘ilof mazkur qurolning g‘ilofimi?
- 4. Qurolning tashqi qismlarida qanday yozuv, markirovka belgilari bo‘lgan va ular qanday usulda yo‘qotilgan?
- 5. Tadqiqotga yuborilgan bo‘lak-qism mazkur qurolning qismi emasmi?
Shuningdek, tadqiqotga nuqsonlari ko‘p va buning natijasida ushbu obyektni o‘zi mo‘ljallangan maqsadi uchun foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan tadqiqot obyekti keltirilgan bo‘lsa, ekspert tomonidan quyidagi ikki savolni hal qilishga to‘g‘ri keladi:
- 1. ushbu narsa ilgari sovuq qurol deb hisoblanganmi?
- 2.ushbu narsani endilikda sovuq qurol deb hisoblash mumkinmi?
Yakuniy xulosa ekspertizaga qo‘yilgan savollarga iloji boricha to‘liq javob berishi zarur, bu yakuniy xulosani shakllantirishga qo‘yiladigan asosiy talabdir. Odatda ekspertiza oldiga yuqorida ta’kidlanidek asosan ikki ko‘rinishdagi savollar quyiladi. Yakuniy xulosalar ana shu qo‘yilgan savollarga qarab turlicha shakllanadi.