Sud-kompyuter texnikaviy ekspertizasi

Sud kompyuter-texnikaviy ekspertizasi (SKTE) – texnik ekspertizalar sinfiga kiruvchi mustaqil ekspertiza turi bo‘lib, tergov jarayonidagi ob’ektning kompyuter qurilmasi yoki mobil aloqa vositasi sifatidagi holatini, jinoyatni sodir etish jarayonidagi rolini aniqlash, axborot saqlovchi va tashuvchi qurilmalarda jinoyatga aloqador ma’lumotlarni ajratib olish uchun qurilmalar xotirasiga xavfsiz yo‘llar bilan kirish, hamda ma’lumotlarni tahlil qilish maqsadida o‘tkaziluvchi tadqiqot jarayonidir.

«SKTE»NING TURLARI

SKTE keng qamrovli tadqiqot turlarini o‘z ichiga oladi. Shu sababli ularni quyidagi turlarga ajratish mumkin:

apparat (yoki qurilma) kompyuter-texnikaviy ekspertizasi;

kompyuter-ma’lumotlari ekspertizasi;

kompyuter dasturiy ta’minoti ekspertiza;

kompyuter tarmoqlari ekspertizasi;

hamda, radioelektron qurilmalar (mobil aloqa vositalari) ekspertizasi.

«SKTE» OB’EKTI

SKTE ning ob’ekti – shaxsiy kompyuterlar, mobil aloqa vositalari, har qanday elektron ma’lumot saqlovchi va tashuvchi xotira vositalari, periferik qurilmalar, tarmoq uskunalari, operatsion va mobil operatsion tizimlar, dasturiy vositalar, ularning algoritmlari, matnli va grafik hujjatlar, multimedia formatidagi (audio-video) ma’lumotlar, ma’lumotlar bazasida saqlanuvchi axborotlar, Sim-kartalar, foto-video uskunalar, ularning ma’lumot saqlovchilari va boshqa shunday funksiya ega bo‘lgan qurilmalardir.

«SKTE» PREDMETI

SKTE ning predmeti – jinoiy, iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish uchun ahamiyatli bo‘lgan hamda, kompyuter vositalari yoki mobil aloqa qurilmalari tizimlarida axborotlarning paydo bo‘lishi, tahrirlanishi va o‘chirib yuborilishi kabi algoritmlarni o‘z ichiga olgan qonunlarni o‘rganish asosida aniqlangan faktlar(holatlar)dir.

«SKTE»NING ASOSIY VAZIFALARI

 tadqiqot ob’ektining turi, texnik holati, ishlash qobiliyati, xarakteristikasi va vazifalarini aniqlash;

axborot saqlovchi va tashuvchi qurilmalar hamda ma’lumotlar bazasidan jinoyatga aloqador axborotlar olish, axborotlarni saralash, hamda surishtiruv yoki tergov organiga tushunarli ko‘rinishda taqdim etish;

axborotning xususiyatlarini aniqlash va ularni tiklash, shifrlangan(parollangan) ma’lumotlarni aniqlash va ularni ochish, aniqlangan ma’lumotlarni hisobot ko‘rinishida saqlash;

mobil aloqa vositalaridan ishga taaluqli ishonchli ma’lumotlarni olish, saralash, taqdim etish va boshqalardir.

«SKTE» OLDIGA QO‘YILADIGAN SAVOLLAR

Tadqiqot ob’ekti va predmetiga qarab ekspertga quyidagicha savollar qo‘yilishi mumkin:

 taqdim etilgan axborot tashuvchi qurilma(lar)da quyidagi so‘zlar qatnashgan (kalit so‘zlar ro‘yxatini ko‘rsatgan holda) axborotlar mavjudmi?

 taqdim etilgan axborot tashuvchi qurilma(lar)da quyidagi ma’lumotlar (ma’lumotlar nima haqidaligini ko‘rsatgan holda) haqida axborot mavjudmi?

 mobil aloqa vositasiga “…” haqida xabarni kim yuborgan?

 mobil aloqa vositasiga “…” haqidagi xabar qachon yuborilgan va xabarning mazmuni qanday?

va boshqalar.

Maxsus texnik va dasturiy vositalar ekspertga quyidagi imkoniyatlarni beradi:

 shifrlangan ma’lumotlarni aniqlash, deshifrlash va o‘qish;

 tadqiq qilinayotgan ob’ektga ulangan har qanday qurilmalarni aniqlash;

 ob’ektning texnik imkoniyatlarini aniqlash;

 fayllardagi qo‘shimcha ma’lumotlarni o‘qish;

 o‘chirib yuborilgan fayllarni tiklash;

 operatsion tizim fayllaridan ma’lumotlarni olish;