Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiali eksperizasi

Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari ekspertizasini o‘tkazish zarurati o‘zini yoqib yuborish, qasddan o‘t qo‘yish, ehtiyotsizlik natijasida sodir qilinadigan yong‘in, yo‘l-transport hodisalari, jasadni yoqib yuborish, turli jinoyat izlarini yo‘qotish maqsadida ob’ektlarga o‘t qo‘yish, neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy ishlarni ko‘rishda tug‘iladi.

Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiali ekspertizasining ob’ektlari:

– yonilg‘i (avtomobil benzinlari, aviatsion, dizel, bug‘qozon va reaktiv yonilg‘isi);

– moylar (motor, transmission, industrial, gidravlik, vakuum uskuna);

– yog‘lash materiallari (antifriksion, konservatsion, uzoq muddat saqlash uchun to‘ldiruvchi);

– qattiq neft mahsulotlari (shag‘am, serezin, vazelin, bitum, qora kuya, ozokerit-balchiq);

– har xil mahsulotlar (rangsizlantirilgan va tozalangan kerosin, organik erituvchilar, shimdirish uchun ishlatiladigan vosita, himoyalovchi mum, yog‘lash, sovitish uchun ishlatiladigan neft mahsulotlari).

Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiali ekspertizasini hal etish uchun quyidagi savollar qo‘yilishi mumkin:

– voqea joyidan topilgan idishdagi (shisha, banka) suyuqlik neft mahsulotimi (benzin, kerosin, dizel yonilg‘isi)?

– voqea joyidan topilgan idishdagi (shisha, banka) va gumon qilinayotgan shaxsdan olingan suyuqliklar bir turga mansubmi?

– ekspertizaga taqdim etilgan ob’ektlarda (kiyim, tuproq namunalari, taxta bo‘laklarida va h.k.) neft mahsulotlarining yoki yonilg‘i-moylash materiallarining qoldiqlari (izlari) bormi?

– ekspertizaga taqdim etilgan ob’ektlardagi modda qoldiqlari neft mahsulotlarining (yonilg‘i-moylash materiallarining) qaysi turiga mansub?

– ekspertizaga taqdim etilgan kiyim yuzasida yonilg‘i-moylash materiallarining izlari bormi? Agar bo‘lsa ular gumon qilinayotgan shaxsning uyidan olingan yonilg‘i-moylash materiali bilan bir xilmi?

– kiyimdagi dog‘lar ma’lum bir avtomobildan qolgan yog‘lash uchun ishlatiladigan materialmi?

Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari ekspertizasiga namunalarni tayyorlash. Neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari yana bir qator o‘ziga xos xususiyatlarga ega: benzinlarda, kerosinlarda, dizel yonilg‘isida uchuvchan tarkibiy qismlar borligi hamda ushbu mahsulot va materiallar serg‘ovak ob’ektlarga singishi va taqsimlanishini nazarda tutib ashyoviy dalillarni topganda, musodara qilganda, o‘rab joylaganda va ekspertizaga tayyorlayotganda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:

– suyuq neft mahsulotlarining namunalari u saqlangan idishdan tezkorlik bilan olinib, toza, quruq, shisha yoki metall (butilka, flaga) og‘zi mahkam yopiladigan tiqinli (po‘kak, shisha tiqin, plastmassa tiqin, metall tiqin) idishga solinib,  yopishqoq tasma bilan yopishtiriladi. Agar voqea joyidan yoki gumon qilinayotgan shaxsdan kichik idish (shisha, kanistra) topilgan bo‘lsa, ularning og‘zini mahkam yopib ekspertizaga yuborish maqsadga muvofiqdir. Basharti, idishni yopishning iloji bo‘lmasa (chelak, neft mahsuloti solingan banka), u holda suyuqlikni og‘zi mahkam yopiladigan bir necha idishlarga solib, bo‘shagan idishni ham polietilen xaltachaga joylab, og‘zini bog‘lab, yopishtirib, hammasini ekspertizaga yuborish kerak;

– neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari (moylar, yog‘lash uchun ishlatiladigan materiallar, mazut) og‘zi buraladigan qopqoqli yoki shisha, po‘kak, plastmassa tiqinli idishga solinishi kerak;

– qattiq neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarining namunalarini polietilen yoki qalin qog‘oz paketga joylab, paket og‘zi mahkam bog‘lanadi. Agar yo‘lning yuzasidan namunalar olinayotgan bo‘lsa, u holda namunalarga ularni olish bayonnomasi va chizmasi ilova qilinishi kerak;

– har xil buyumlarda bo‘lgan neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarini tekshirish uchun, iloji boricha ekspertizaga ushbu buyumning o‘zi (kiyim, o‘q otuvchi va sovuq qurol, transport-vositasining detallari) yuboriladi. Ularni o‘raganda, joylaganda neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari yo‘qolib ketmaslik chorasini ko‘rish kerak. Shy maqsadda kiyimdagi neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallaridan hosil bo‘lgan dog‘lar yupqa polietilen plenka bo‘lagi bilan o‘rab, himoya qilib qo‘yiladi;

– ekspertizaga yuborish uchun alohida bir ob’ektni tashkil qilgan va identifikatsiya ob’ekti bo‘lgan idishdan (u juda katta bo‘lmasa) neft mahsulotlari va yonilg‘imoylash materiallarini ikkinchi idishga solish tavsiya etilmaydi;

– yong‘in bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha ashyoviy dalillar (yongan taxta, ko‘mir, kuya, mato) yong‘in dastlabki boshlangan joyni o‘z ichiga qamrab olgan joydan (2-4ta) olinadi, shuningdek solishtirish uchun yong‘in boshlangan joydan ancha nari masofadan (2-4 ta) namunalar ham olinadi, Bunday hollarda ekspertizaga qaror bilan birga voqea joyini ko‘zdan kechirish, namunalar olish chizmasi, voqea joyi suratlari, bundan tashqari, ashyoviy dalillar yong‘in bo‘lgandan keyin qancha vaqt o‘tganda olingan va ular qanday tashqi muhit ta’sirida bo‘lganligi (yomg‘ir, qor, quyosh) haqida ma’lumotlar yuborilishi shart.

Yong‘in ro‘y bergan joydan olingan yongan taxta, ko‘mir, kuya, neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarining qoldiqlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan idishlar polietilen paketlarga joylanib, yong‘in boshlangan joy aniqlangandan keyin yuboriladi.

Agar neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarining qoldiqlari taxta, mato va tuproqqa singib ketgan bo‘lsa, namunalar olayotganda quyidagi qoidalarga rioya qilish kerak:

Taxta namunalarini olish. Qurilish inshootlarining silliq qismida qolgan neft mahsulotlarini tekshirish uchun ushbu buyumning 1 mm chuqurlikda parchalari olingani kifoya. Yoriqlar va ko‘zlar bo‘lgan joylarni tagigacha o‘yib yoki chopib olib qipiqlar va payraxalarni tekshirishga yuborish zarur.

Neft mahsulotlarining qoldig‘i yog‘ochning kesilgan joyida bo‘lsa, uni uchidan 9-10 sm qalinlikda kesib olish yetarlidir. Agar neft mahsulotlarining qoldig‘i yog‘ochda aniq chegaralangan bo‘lsa, uning izlari qirib olinadi. Namunalarni butunlay yonib ko‘mir bo‘lib qolgan joydan emas, balki chala yongan sathlardan olish kerak, chunki yongan joyda neft mahsulotlarining qoldig‘i saqlanib qolmaydi.

Matolardan namuna olish. Jun, yarim jun, ip-gazlamalar yongandan keyin ham neft mahsulotlarining qoldiqlarini saqlab qoladi, shuning uchun ekspertizaga yonmagan bo‘laklar bilan yongan matolarning kuygan qismlari ham taqdim etilishi kerak.

Namunalar yongan yumshoq mebeldan olinayotgan bo‘lsa, bunda jildning tagidagi mato, paxta, vatin, porolon, mebelning taxtasidan namuna olish maqsadga muvofiqdir. Taqqoslash uchun matoning «quruq» (yaxlit kuymagan) namunalari ham olinishi shart.

Tuproq namunalarini olish. Neft mahsulotlarining qoldiqlari bor deb taxmin qilinayotgan tuproqdan 2-3 sm chuqurlikkacha yuqori qatlami shpatel, pichoq, kurakcha bilan olinadi.

Qora kuya namunalarini yong‘in chiqqan joyga yaqin bo‘lgan inshootlardan olish. Qora kuya namunalari 5-6 nuqtadan shpatel, pichoq, bilan qirib olinib, og‘zi mahkam berkitiladigan probirka yoki polietelen paketchaga solinadi. Qora kuya olingan joylar bayonnomada ko‘rsatiladi va suratga olinadi. Olingan namunaning taxminiy og‘irligi – 0,2-0,5 g. bo‘lishi kerak.

Ekspertiza o‘tkazish uchun ashyoviy dalillardan tashqari quyidagilar yuborilishi kerak:

– neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarining taxminiy tabiati, turi, kelib chiqishi, buyumga qanday o‘tib qolishi, saqlash sharoiti haqidagi jinoiy ish materiallari (tergov ma’lumotlari);

– neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari bilan ifloslangan buyumlar, voqea sodir bo‘lgandan keyin musodara qilinguncha ishlatilganligi, sarf qilinganligi va o‘zgarganligi haqidagi ma’lumotlar; – solishtirish uchun neft mahsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallarining namunalari hamda tekshirilayotgan ashyoviy dalillarning qismi bo‘lgan namunalar joylanadi.