Tarkibida spirti bo‘lgan suyuqliklar sud kimyoviy ekspertizasi

Bozor iqtisodiyotiga o‘tish munosabati bilan qo‘lbola spirtli ichimliklarni tayyorlash va ularni savdo tarmoqlarida sotish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Sifatsiz spirtlardan tayyorlangan ichimliklar iste’mol qilinishi natijasida odamlarning salomatligiga zarar yetkazish, xatto o‘lim holatlari ham amaliyotda uchramoqda. Shu va shunga o‘xshash holatlarni oldini olish, bunday hodisa sodir bo‘lganda uning tafsilotlarini aniqlash maqsadida sud-tergov idoralari maxsus bilimlardan samarali foydalanishi alohida o‘rin egallaydi.

Ob’ektlari: Aroq, spirt, vino, konyak, pivo, samogon, idishlar yuqida qolgan noma’lum suyuqliklar va h.k. ushbu ekspertiza ob’ektlaridir.

Tarkibida spirti bo‘lgan suyuqliklar sud kimyoviy ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar:

– tekshirish uchun taqdim etilgan suyuqlikning tabiati va tarkibi qanday?

– tekshirish uchun taqdim etilgan suyuqliklar aroqmi, agar aroq bo‘lsa, ular fizik-kimyoviy ko‘rsatgichlari bo‘yicha davlat standarti talablari (quyilish miqdori, quvvati, mikroqo‘shimchalari)ga javob beradimi?

– voqea joyidan olingan noma’lum ichimlik tarkibida odam organizmi uchun zararli, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjudmi?

– tekshirish uchun taqdim etilgan suyuqlik qo‘lbola yoki zavod sharoitida tayyorlanganmi?

– tekshirish uchun yuborilgan spirt qanday xomashyodan tayyorlangan, uning turi aniqlansin?

– taqqoslash uchun korxonadan va savdo do‘konidan olingan aroq mahsulotlari etiketlarida ko‘rsatilgan yozuvlarga mos keladimi? va h.k.

Tarkibida spirti bo‘lgan suyuqliklar sud kimyoviy ekspertizasiga materiallarni tayyorlash.

Tadqiqotlarni o‘tkazish uchun ekspert ixtiyoriga tekshiriladigan ob’ekt, zarur hollarda – uni olib qo‘yish bayonnomasi va solishtirib tekshirish uchun tegishli namunalar taqdim qilinadi.

Spirt yengil bug‘lanuvchi modda bo‘lgani sababli spirtli mahsulotlar topilganda, ular solingan idish mahkam berkitilishi zarur. Agar spirtli ichimlik qoldiqlari bo‘lgan idish (stakan, ryumka, butilka va h.k.) topilgan bo‘lsa, u polietelen xaltaga solinib, xalta germetik berkitilishi kerak. Ashyoviy dalilga tegishli izohnoma qo‘shib qo‘yiladi. Unda ashyoviy dalil qachon, qaerdan, kim tomonidan olinganligi va qaysi ishga taalluqliligi ko‘rsatiladi. Spirtli ichimliklar solingan yoki qoldiqlari bo‘lgan idishlar olib qo‘yilganda ularda barmoq izlari bo‘lishi mumkinligini inobatga olish zarur.

Ekspertizaga ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan ob’ekt butunlay yuborilishi maqsadga muvofiqdir. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra buni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa, masalan, spirtli ichimlik katta bochkaga solingan yoki katta partiya qo‘lbola aroq mahsuloti ushlanganda, spirtli mahsulotdan tekshirish uchun bir qismi (namunasi) yuboriladi. Namunalar olingani tegishli bayonnoma tuzish orqali protsessual rasmiylashtiriladi va ekspertizaga ushbu bayonnoma nusxasi bilan birga taqdim qilinadi.

Ekspertiza oldiga turli joylardan olingan spirt mahsulotlari turdoshligi masalasi qo‘yilganda taqqoslab tekshirish uchun ularning namunalari olinib tekshirishga yuborilishi lozim.