Sud-xatshunoslik ekspertizasi

Sud-xatshunoslik ekspertizasi – kriminalistik ekspertizalarning eng ko‘p tarqalgan turlaridan biri bo‘lib, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha ob’ektiv haqiqatni ochishga imkon beradi. Uning yordamida dastlabki tergov va sud organlari fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha ahamiyatli bo‘lgan shart-sharoitlarni aniqlaydilar. Ushbu turdagi ekspertizalarni o‘tkazishning qiyinligi odamning yozuv-harakat ko‘nikmalari o‘ta murakkab tashkiliy va ruhiy-fiziologik asosga egaligi, tadqiqotlarning bevosita ob’ektlari bo‘lgan qo‘lyozma matnni bajarish jarayoni esa birdaniga bir necha ichki va tashqi omillar ta’sirida kechishi bilan bog‘liq. Xatshunoslik sohasidagi nazariy va amaliy tadqiqotlar doimo ekspert-xatshunos hal etadigan savollar qamrovini kengaytirishga imkon beradi.

Predmeti: Jinoyat-protsessual va fuqarolik-protsessual qonunchilikka mos holda, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha isbotlov ahamiyatiga ega bo‘lgan faktlarni (holat) aniqlash maqsadida, sud-xatshunosligida mavjud bo‘lgan tadqiqot metodlarini qo‘llash orqali identifikatsion, diagnostik va situatsion vazifalarni bajarish hisoblanadi.

Ob’ektlari: Sud-xatshunoslik ekspertizasining ob’ektlari. Kriminalistik tadqiqotlar ob’ektlari har xil matnlar bo‘lishi mumkin. Jinoyatlarni ochishda va tergov qilishda ekspertlar, surishtiruvchilar, tergovchilar va boshqa xodimlar turli xil qo‘lyozmalar bilan to‘qnashadi. Har qanday qo‘lyozma, uni bajargan inson haqida ma’lumot beruvchi manba sifatida qaralishi mumkin. Qo‘lyozma hujjatlar voqea sodir etilgan joy kuzatilganda topilishi, guvohlar, jabrlanuvchi taqdim etishi, pochta orqali olinishi mumkin. Jinoyat ishiga qaysi yo‘l bilan tushishidan qat’iy nazar, tergov olib borilayotgan hodisaga aloqador hujjatning bajaruvchisini aniqlashga imkon tug‘iladi.

Sud-xatshunoslik ekspertizasi ob’ektlari sifatida yozuv namunalari quyidagilarga bo‘linadi:

1) Erkin namunalar – taxmin qilinayotgan ijrochi tomonidan jinoyat sodir etilgunga qadar va ushbu jinoyat hodisasiga bog‘liq bo‘lmagan holda bajarilgan qo‘lyozmalar. Bu kabi yozuvlarga ishga qabul qilish haqidagi ariza, tushuntirish xatlari, kadrlarni hisobga olish bo‘yicha shaxsiy varaqadagi yozuvlar, shaxsiy yozishmalar va shu kabilar kiradi. Bunday hujjatlarni bajarishda shaxs kelgusida ushbu hujjatlar yozuv namunalari sifatida foydalanishi mumkinligini bilmagan va hatto o‘ylab ko‘rmagan ham bo‘ladi;

2) Eksperimental namunalar – taxmin qilinayotgan ijrochi tomonidan ekspertiza tadqiqotlari uchun maxsus bajarilgan yozuvlar (qo‘lyozma matnlar);

3) Shartli-erkin namunalar – maxsus ekspertiza tadqiqotlari uchun emas, ammo jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng bajarilgan yozuv (qo‘lyozma matn), masalan, jinoyat ishi bo‘yicha tushuntirish xatlari, o‘z qo‘li bilan yozilgan ko‘rsatmalar va boshqa hujjatlar.

Sud-xatshunos ekspertizasi quyidagi savollarga javob berishi mumkin:

– shubhali qo‘lyozmani tekshirilayotgan shaxslarning qaysi biri bajarganligi;

– tekshirilayotgan qo‘lyozmalardan qaysi birini shubhali shaxs bajarganligi;

– shubhali qo‘lyozmani bir shaxs bajarganmi yoki turli shaxslarmi;

– qo‘lyozma odatdagi yoki g‘ayriodatiy holatda bajarilgan. Agar odatiy bo‘lmasa, unda qaysi holatda;

– qo‘lyozma ataylab o‘zgartirilgan yozuv bilan bajarilganmi;

– shubhali qo‘lyozma biror-bir shaxsning yozuviga o‘xshatib bajarilganmi;

– qo‘lyozma jismoniy toliqqan, ruhiy hayajon, og‘ir kasallik yoki alkogol iste’mol qilgan holatda bajarilganmi;

– qo‘lyozmani erkak yoki ayol bajarganligi.

Sud-xatshunos ekspertizasiga materiallarni tayyorlash.

Hujjatning ijrochisi va uning muallifini aniqlash bilan bog‘liq savollarni hal etish uchun gumon qilinayotgan shaxslarning yozuv namunalarini tanlash kerak.

Taqqoslash tadqiqotiga tanlab olingan xatning namunalari quyidagi talablarga javob berishi kerak.

  1. Mustaqil bajarilganligi. Yozma nutq va yozuv namunalari sifatida tanlangan (qo‘lyozma) hujjatlar tekshirilayotgan shaxs tomonidan yozilgan (tuzilgan) va sun’iy ravishda kiritilgan o‘zgarishlar bo‘lmasligi kerak. Yozma nutq namunalari tekshirilayotgan shaxsning ijodiy ishi bo‘lib, ular uslub, grammatik va mazmun nuqtai nazaridan begona shaxslarning ta’siriga tushmagan bo‘lishi lozim.

Hujjatning bajaruvchisini aynanlashtirish (aniqlash) uchun yozuvning erkin va eksperimental namunalari talab etiladi. Chap qo‘l va bosma harflar bilan bajarilgan hujjatlar tadqiqotiga umumiy tartibda va oddiy sharoitda bajarilgan erkin namunalar bilan birga, tadqiq etilayotgan hujjat bajarilgan usulda bajarilgan tajribaviy namunalar ham taqdim etilishi kerak.

Tajribaviy namunalar olish uchun tadqiqot jarayonida yozilishini tekshirish maqsadida o‘ziga xos alohida so‘zlar va jumlalardan iborat maxsus matn tuziladi. Namunalarni tanlash iloji boricha bir necha bor o‘tkazilishi kerak.

  1. Yozuv namunalarining hajmi. Umumiy qoidalar bo‘yicha yozma nutq va yozuv namunalari yetarli aynanlashtiruvchi individual kompleksga ega alomatlarning turg‘unligini tekshirish va aniqlashga imkon beradigan bo‘lishi kerak. Grafik va leksik materiallarning taqqoslash tadqiqotiga yetarliligi va yaroqliligi, birinchi navbatda, nafaqat soni va sifatiga, balki bajaruvchi hamda muallifning yozma nutq ko‘nikmalari va grafik o‘ziga xosligi unda aniq aks ettirilganligiga ham bog‘liq.
  2. Erkin namunalarning bajarilish vaqti. Taqqoslash tadqiqotiga tanlab olingan yozuv namunalari, tadqiq etilayotgan hujjatning yozilish vaqtiga mos kelishi kerak, ya’ni tekshirilayotgan shaxs tomonidan bajarilgan tadqiq etilayotgan hujjatning yozilish vaqtiga iloji boricha yaqin vaqtda yozilgan bo‘lishi kerak.
  3. Taqqoslash materiallari mavzusining mazmuni. Yozuvni taqqoslashda namunalarning mazmuni tadqiqot natijalariga amaliy ta’sir etmaydi. Shuning uchun iloji boricha ular hujjatlarning puxtalik bilan grafik bajarilish darajasiga ta’sir etuvchi, o‘zining maqsadi bo‘yicha har xil bo‘lishi kerak. Batartib yoki e’tiborsiz bajarilgan qo‘lyozmalarning mavjudligi alomatlarni aynanlashtirishning turli variantlarini tushunib olishga yordam beradi.

Imzolarning haqiqiyligini aniqlash tadqiqotida taqqoslash namunalarini tanlash ba’zi bir o‘ziga xosliklarga ega. Bu o‘ziga xoslik hujjatning vazifasiga bog‘liq bo‘lib, imzo yuqori yoki past darajada bajarilishi, o‘ziga familiyaning ko‘proq yoki kamroq harflarini olishi mumkin. Shuning uchun boshqa shaxs tomonidan imzolar bajarilganda, ulardan puxtalik bilan va pala-partish bajarilgan har xil xususiyatga ega bo‘lgan hujjatdagi imzolar erkin namunalarining to‘liq va qisqartirilgan tajribaviy imzolari olinishi kerak.

Ko‘rsatilgan erkin va tajribaviy namunalar imzoning qalbakilashtirilganligi yoki yo‘qligi, imzoning qalbakilashtirish usuli va gumon qilinayotgan shaxs tomonidan qalbakilashtirish bajarilganligini aniqlashga imkon beradi.