KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHDA MAXSUS KUKUNLAR VA MARKERLAR EKSPERTIZASINING AHAMIYATI

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar oldida turgan vazifalarni hal qilishda fan, texnika, san’at va kasb-hunar sohasidagi maxsus bilimlarni talab qiladigan masalalarni hal qilishda sud ekspertizasi muhim rol o‘ynaydi. Ular o‘z faoliyatlarida har xil turdagi jinoyatlarni tezkorlik bilan fosh etish, xolisona tergov qilish va sudda ko‘rish hamda nizolarni hal qilish jarayonida sud ekspertizasi imkoniyatlaridan keng foydalanishlari lozim.

Bugungi kunda mamlakatimizda qonunchilik va huquq sohasini yanada takomillashtirish muhim vazifa sifatida qaralar ekan, zamonaviy sud ekspertizasi va kriminalistikaning rivoji, kriminalistik tekshiruv vositalari va uslublarining takomillashishi, tergov va sud amaliyotida ilmiy-texnikaviy imkoniyatlardan keng foydalanishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

001

Maxsus kimyoviy kukunlar  va  markerlar har qanday obyektga o‘ziga xos xususiyatlarni berish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ularni bir xil obyektlar guruhidan ajratish imkonini beradi. Bunga oddiy sharoitda yuvilishi qiyin bo‘lgan rangli yoki ko‘rinmaydigan, lekin

kiyimdagi izlar, tananing ochiq qismlari, predmet tashuvchilar, pul kupyuralari, oziq-ovqatlar va hujjatlarni maxsus moslamalar yoki oddiy kimyoviy reaktsiyalar yordamida osongina aniqlanadigan turli usullar bilan qo‘llash orqali erishiladi.

Obyektlarga o‘ziga xos belgilar berish (kimyoviy tuzoqlardan yoki obyektlarni belgilashdan foydalangan holda) tintuvni osonlashtirish, davlat, jamoat va shaxsiy mulkni o‘g‘rilash yoki talon-taroj qilishga tayyorgarlik ko‘rayotgan yoki sodir etgan, shuningdek, ozodlikdan mahrum qilish joylarida rejimni buzgan shaxslarni, o‘g‘rilar, poraxo‘rlar, chayqovchilar hamda boshqa jinoyatchilarning jinoiy harakatlarini fosh qilishga yordam beradi.

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlardan foydalanish ularning:

– ular bilan kontaktda bo‘lgan yuzalarni yorqin bo‘yash;

– ultrabinafsha nurlar ta’sirida tovlanishi;

– kimyoviy reaksiya natijasida rang intensivligini o‘zgartirish;

– maxsus o‘qitilgan xizmat-qidiruv itlarining hid hissiga ta’sir qilish kabi xususiyatlariga asoslanadi.

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar quyidagi zarur hollarda, ya’ni:

– qimmatbaho buyumlar va qurol-yarog‘lar saqlanadigan omborlarni aniqlash;

– mahsulotlarni o‘g‘irlash yo‘llari, tashish usullari va savdo nuqtalarini kuzatish;

– pora berish va olish faktlarini aniqlash;

– o‘g‘rilikni sodir etgan shaxslarni aniqlash;

-jinoyatlarni ochish va aybdorlarni fosh qilish uchun muhim bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlashda qo‘llaniladi.

Korrupsiya, poraxo‘rlik, firibgarlik va tovlamachilik kabi jinoyatlarni ochish va tergov qilish murakkab hisoblanadi. Ko‘pincha pora olish va berish hech qanday guvohlarsiz sodir bo‘ladi. Shuning uchun tergov idoralari bu jinoyatlarni ochishda hozirgi zamon kriminalistika vositalaridan foydalanadi.

Ular qatorida maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar (qalamlar) ekspertizasi keng qo‘llaniladi.

002

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar (qalamlar) ekspertizasi – bu natijasi tegishli savollarni hal qilishda maxsus bilimlarni qo‘llash talab etiladigan ekspert xulosasi berilishi bilan yakunlanadigan, protsessual jihatdan tartibga solingan kimyoviy tadqiqotdir. Mazkur turdagi ekspertiza tadqiqoti murakkab ekspertizalar sirasiga kiruvchi tadqiqot hisoblanadi.

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar (qalamlar) ekspertizasining predmeti – maxsus ilmiy bilimlardan foydalangan holda sud ekspertizasi nazariyasining kimyo sohasida, ushbu obyektlarni tadqiqot qilish usullari va tarkibi umumiy qoidalariga asoslangan maxsus kimyoviy moddalar ekspertizalaridan foydalangan holda faktik ma’lumotlarni, tergov qilinayotgan hodisaning holatlarini aniqlashdir.

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar (qalamlar) kriminalistik ekspertizasi quyidagi vazifalarni hal qiladi:

– taqdim etilgan tashuvchi obyektlarda maxsus kimyoviy moddalar mavjudligini aniqlash;

– jinoyat sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish chog‘ida olingan ashyolardan topilgan lyuminestsent moddaning kimyoviy tarkibining bir xilligini taqdim etilgan taqqoslash namunalari bilan aniqlash;

– luminoforning iz hosil qilish qobiliyatini va tashuvchi obyekt yuzasining iz olish qobiliyatini aniqlash, u bilan kontaktdagi qatlamlar izlarini shakllantirish imkoniyati va shartlarini o‘rganish;

– tashuvchi obyektlarda topilgan luminoforning tasnifini belgilash;

– tashuvchi obyektlarda va luminofor namunalarida ularni bir xil sinfga, turga, markaga bo‘lish, ya’ni solishtiriladigan luminoforlarning umumiy, guruhiy mansubligini aniqlash maqsadida ularni qiyosiy o‘rganish;

– tashuvchi obyektlardagi luminoforrning iz qatlamlari va tarkibidagi luminofor namunasining o‘ziga xos hajmga, massaga tegishliligini aniqlash, ya’ni bir butunlikni tashkil qilish bo‘yicha identifikatsiya qilish masalasini hal qilish;

– gumon qilinuvchining qo‘llari va kiyim-kechaklari ishlov berilgan namunalar bilan kontaktda bo‘lganlik faktini aniqlashdan iborat.

Maxsus kukunlar va markerlarning sud kimyoviy ekspertizasini hal etish uchun ekspertlar oldiga quidagi savollar qo‘yiladi:

– ekspertizaga taqdim etilgan ashyoviy dalillarda (pul kupyuralarida, kiyimlar sathida, qo‘llardan artib olingan surtmalarda va h.k.) maxsus kimyoviy moddalar izlari mavjudmi?

– gumon qilinuvchining sochi, terisi, kiyimi, jinoyat quroli yoki gumon qilinuvchiga tegishli bo‘lgan boshqa buyumlardan topilgan bo‘yoq morfologik xususiyatlari va kimyoviy tarkibi bo‘yicha hodisa joyida olingan va qiyosiy tadqiqot uchun namuna sifatida taqdim etilgan modda bilan bir xilmi?

– ekspertizaga taqdim etilgan pullarda maxsus kukun va maxsus qalam izlari mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, ular taqqoslash uchun yuborilgan maxsus kukun va maxsus qalam namunalari bilan turdoshmi?

 

003

– ekspertizaga taqdim etilgan pullardagi «Pora» yozuvi namunasi taqdim qilingan maxsus qalamning yozuvi bilan bir xilmi?

Yuqorida keltirilgan savollardan tashqari ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan va ekspertning vakolatiga kiruvchi boshqa savollar ham qo‘yish mumkin.

Ekspert tadqiqoti obyektlari deganda protsessual qonun hujjatlarida belgilangan axborot manbalari – ekspert muammolarini hal qilish uchun zarur bo‘lgan ish materiallari tushuniladi.

Maxsus kimyoviy kukunlar va markerlar ekspertizasining obyektlariga:

– ko‘zga ko‘rinmaydigan maxsus kukunlar (lyuminofor) va maxsus markerlar (qalamlar), pul kupyuralari, kiyim, konvert, gazeta, har xil predmet tashuvchilar;

– maxsus kimyoviy moddalarning mikroizlarini o‘z ichiga olgan tashuvchi obyektlar;

– inson tanasining turli qismlari yuzasida, uning kiyimida, hodisa sodir bo‘lgan joyning jismoniy muhitini tashuvchi obyektlarda topilgan maxsus kimyoviy moddalarni o‘z ichiga olgan mikroizlar va surtmalar;

– maxsus kimyoviy moddalar bilan ishlov berilgan obyektlar;

– ekspert tadqiqotlari uchun taqdim qilingan namunalar kiradi.

Sud ekspertizasi obyektlari, agar ularning o‘lchamlari va xususiyatlari bunga imkon bersa, qadoqlangan va muhrlangan holda ekspertga topshiriladi. Boshqa hollarda sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) sud ekspertini o‘rganish obyektlari joylashgan joyga yetkazilishini, ularga to‘siqlarsiz kirishini va tadqiqot o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashi shart.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor-qidiruv faoliyatida maxsus kimyoviy kukunlar va markerlarni qo‘llash ushbu vositalarni o‘tkazishda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan qo‘llash shartlari, maqsadlari va tartibini tavsiflovchi tamoyillar va qoidalarning umumiy tizimi mavjudligi bilan belgilanadi. Shu bilan birga maxsus kimyoviy kukunlar va markerlarni qo‘llagan holda operativ xodim tashkiliy-taktik rejaning barcha masalalarini to‘g‘ri hal qilish imkonini beradigan yetarli bilim darajasiga ega bo‘lgan taqdirdagina samarali bo‘ladi. To‘g‘ri tashkil etilgan, o‘z vaqtida va taktik jihatdan to‘g‘ri qo‘llanilgan vositalar ko‘p jihatdan tezkor-qidiruv harakatlarining pirovard maqsadlariga erishishga yordam beradi.

Xalilova Nilufar Shuxratillaevna

Sud-ekspertlik ilmiy-tadqiqot instituti

bo‘lim boshlig‘i, 3-darajali adliya maslahatchisi,

farmatsevtika fanlari nomzodi