Sud-fonografiya ekspertiza haqida.

Sud-fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib, 1992 yilda X.Sulaymonova nomidagi Respublika ilmiy-tadqiqot kriminalistika markazida (hozirgi RSEM) tashkil etildi. Ayni vaqtda laboratoriyasida «Ovoz, nutq va ovoz yozish moslamalarini tadqiqot qilish», «Tovush muhiti va ovoz yozish vositalarini tadqiqot qilish», «Raqamli texnologiyalar, shuningdek, elektroakustik montaj belgilari asosida audio va videomanbalarni kompleks tadqiqot qilish» va «Video hujjatlarni tadqiqot qilish» mutaxassisligi bo‘yicha ekspertizalar o‘tkaziladi.

Sud-fonografiya ekspertizasi – fonogrammada yozilgan va isbotlov ahamitiyaga ega bo‘lgan axborotni ishonchliligi va mansubligi aniqlash bo‘yicha qonunda belgilangan protsessual harakatlarning biri hisoblanadi.

Sud-fonografiya ekspertiza so‘zlovchi shaxsni fonogrammada yozilgan ovozi va nutqi belgilari bo‘yicha aniqlash; ovoz yozish jarayonida yoki bu jarayon tugagandan so‘ng, fonogrammadagi o‘chirish, nusxa ko‘chirish, montaj yoki fonogrammaga kiritilgan boshqa o‘zgarishlar belgilarini aniqlash; ovoz yozish sharoitlari, holatlari, vosita va metodlarini aniqlash hamda sud-isbotlov ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa faktlarni aniqlash maqsadlarida o‘tkaziladi.

Sudfonografiya ekspertizasining maqsadi – tadqiq qilinuvchi fonogramma yozib olingan asbob-uskuna, kompakt disklar, diktofonga yozilgan suhbat (fonogramma)ni tekshirish, suhbat mazmuni, ishtirok etgan shahslar soni, jinsi, suhbat sharoitlari va boshqalarni aniqlashga qaratilgan.

Tergov idoralari tomonidan qonunda belgilangan tartibda yashirin ravishda yozib olingan fonogrammalar ashyoviy dalil sifatida mavjud bo‘lganda, tergovchi, sud fonografiya ekspertizasini tayinlaydi.

Sudfonografiya ekspertizasining obyektlari bolib quyidagilar xizmat qiladi:

– raqamli tashuvchilarga ya’ni diktofonga yozilgan fonogramma;

– fonogrammaning stenogrammasi, ya’ni suhbatning so‘zma-so‘z bayoni;

– ovoz yozish moslamasi (raqamli diktofon, uyali telefon apparati va boshqalar);

– raqamliy tashuvchilarning ichki xotirasi, mikrochip, kompakt disk).

Markazning sud fonografiya ekspertizasi laboratoriyasi quydagi turli masalalarni hal etadi, xususan:

  • ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogrammaning mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;
  • ekspertizaga taqdim etilgan yozuv sifati past bo‘lganda, suhbat stenogrammasini tuzish;
  • ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda necha nafar shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va k.) yozib olinganligini aniqlash;
  • raqamli audio va video yozuvchi texnologiyalarda (diktofon, video kamera, video registrator, mobil telefon apparati va ) elektroakustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniklash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammaning asli yoki nusxaligini aniqlash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash;
  • raqamli audio va video yozuvchi texnik uskunalarni diagnostika qilish.

Sud-fonografiya ekspertizasi oldiga hal etish uchun quyidagi savollar qo‘yiladi:

Ekspertizaga taqdim qilinayotgan suhbatning mazmuni, shu suhbat stenogrammasi matniga to‘g‘ri keladimi?

Taqdim qilinayotgan suhbat identifikatsion tadqiqot uchun yaroqlimi?

Taqdim qilinayotgan suhbatda elektroakustik montaj belgilari mavjudmi?

Taqdim qilinayotgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etgan?

Taqdim qilinayotgan suhbat qayerda (ko‘chada, xonada) yozib olingan?

Taqdim qilinayotgan ishtirok etgan va shu suhbat stenogrammasida shartli ravishda «C», deb belgilangan shaxsning ovozi va nutqi Sobirov Sobir Sobirovichning ovozi va nutqiga tegishlimi?

Taqdim qilinayotgan suhbat tadqiqot uchun taqdim qilingan «cenix» rusumli diktofonda yozib olinganmi?

Tadqiq qilinuvchi suhbat uning aslimi yoki nusxasimi?

Tekshirish o‘tkazish uchun yuborilgan fonogrammalarning tadqiqoti uchun quyidagi asbob-uskunalar va dasturiy ta’minotlar qo‘llaniladi:

– Intel(R) Core(TV) i7-13700K CPU 3.40 GHz, OZU 32 GB, rusumli personal kompyuter va signallarni tahlil qiluvchi dasturiy ta’minotlar – «Sony Sound Forge Pro 17.0» va Adobe Audition 2024» dasturiy ta’minotlari;

– «Jabra Evolve 30 II USB-C MS Stereo» rusumli maxsus dinamik quloq solish moslamasi va signallarni tahlil qiluvchi «SIS II» dasturiy ta’minoti;

– Audio va video fayllardagi texnik ma’lumotlarni o‘zida aks ettiruvchi «MediaInfo» dasturi;

– Audio va video fayllarni ichki tuzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zida batafsil aks ettiruvchi o‘n oltitalik fayl redaktori, ya’ni «Tiny Hexer» dasturi.

Sud-fonografiya ekspertizasi bugungi kunda jinoyatni ochish, uni sodir qilgan shaxsni aniqlash, qonuniy hukmlar va odilona hal qiluv qarorlar chiqarishda muhim o‘rin egallaydi. Jinoyatga tayyorgarlikni yoki qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni fosh etishda isbotlovchi va guvohlik beruvchi holat va materiallar tanqis bo‘lgan vaziyatlarda, yashirin ravishda yozib olingan so‘zlashuvlar mavjud hollarda, ularning qilgan jinoyatlarini ochish uchun sud-fonografiya ekspertizasi ayniqsa qo‘l keladi.

 

M.G‘.Axmedov RSEMning SFE laboratoriyasi eksperti