Portlovchi moddalar ekspertizasi
Portlovchi moddalar ekspertizasi ko‘p jihatlari bo‘yicha sud-yong‘in-texnikaviy ekspertiza bilan turdoshdir. Ularning ilmiy asosini o‘t olish va yonish nazariyasi va muxandislik sohasidagi bilimlar tashkil qiladi. Lekin portlash ekspertizasi o‘zining xususiyatlariga ham ega. Jumladan, uning muhim asosini yonishni detonatsiyaga aylanish, detonatsiya va fizikaviy portlashlar nazariyasi tashkil qiladi.
Portlashga aloqador bo‘lgan narsalar hamda sharoitlar portlovchi moddalar ekspertizasining tadqiqot ob’ektlari bo‘lishi mumkin. Bularga brizant portlovchi moddalar (nitroglitserin, oktagen, geksogen va h.k.) va oltingugurt, selitra, tutunli va tutunsiz poroxlar, alyumin kukuni va boshqalar kiradi. Shuningdek, portlatuvchi moslamalar (detonatorlar) ham portlovchi moddalar ekspertizasining ob’ektlari qatoriga kiradi.
Bu ekspertiza yordamida quyidagi savollar hal qilinadi:
– ekspertizaga taqdim etilgan voqea sodir bo‘lgan joydan olingan ashyoviy dalillar portlovchi moddalar turkumiga kiradimi? Agar kirsa, uning turi aniqlansin.
– ekspertizaga taqdim etilgan voqea sodir bo‘lgan joydan olingan kiyim qoldiqlarida portlovchi moddalar mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, uning turi aniqlansin.
– ekspertizaga taqdim etilgan portlash sodir bo‘lgan joydan olingan tuproq namunalarida portlovchi moddalar qoldiqlari mavjudmi? Agar mavjud bo‘lsa, uning turi va qaerlarda ishlatilishi aniqlansin.
– ekspertizaga taqdim etilgan portlash sodir bo‘lgan joydan olingan metall bo‘laklarida portlovchi moddalar qoldiqlari mavjudmi? Ular qaerlarda ishlatilishi aniqlansin.
– ekspertizaga taqdim etilgan fuqaro A.ning uyidan ashyoviy dalil sifatida olingan o‘g‘it, oltingugurt va alyumin kukuni portlovchi moddalar hisoblanadimi?
Ashyoviy dalillarni olish to‘g‘risidagi qarorga portlash sodir bo‘lgan joyning (binolar) tasviri va uning chizmasi ilova qilinishi kerak. Ushbu ilovada binoning o‘lchamlari, ashyoviy dalil olingan joylar, jug‘rofiy tomonlar (shimol, janub, sharq, g‘arb) ko‘rsatilmog‘i lozim.
Ashyoviy dalillar qisqa vaqt ichida olinib, alohida-alohida o‘ralgan holda ekspertizaga taqdim qilinishi lozim.
Portlash oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inlarni sababini aniqlashda tadqiqotlar yong‘in-texnikaviy va portlash-texnik ekspertlari tomonidan birgalikda kompleks ravishda olib borilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Bu turdagi ekspertizalarni bajarish an’anaviy fizik-kimyoviy usullardan tashqari zamonaviy analitik usullarni qo‘llashni talab qiladi. Bu maqsadlarda o‘ta sezgir kapillyar kolonkali gaz-xromatografi va xromato-mass-spektrometr hamda plazmali mass-spektrometr ISP-MS uskunalaridan keng foydalaniladi.