Sud-moliya-kredit ekspertizasi

      Pul mablag‘lari fondlarini shakllanishi va sarflanishi, kredit mablag‘larini taqsimlanishini asosliligi aks etgan, ya’ni moliya-kredit jarayonlarini (operatsiyalarini) o‘zida aks ettirgan hujjatlarni tadqiq etish, hamda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzarlik holatlarini aniqlash  sud-moliya- kredit ekspertizasi predmetidir.

Moliya-kredit operatsiyalarini aks ettiruvchi quyidagi hujjatlar sud-moliya-kredit ekspertizasining ob’ekti hisoblanadi:

1) uzoq muddatli iqtisodiy me’yorlar hujjatlar,  me’yorlar, stavkalar, limitlar, dotatsiyalar, muassasalar, bank va muassasa o‘rtasidagi kredit shartnomalari;

2) ko‘rsatkichlarni asoslovchi hisob-kitoblar ilova qilingan moliyaviy rejalar (daromad va harajatlar balansi);

3) buxgalteriya hisob-kitobining dastlabki va jamlama hujjatlari, tovar-transport yukxatlari, bank ko‘chirmalari bilan birga to‘lov dalolatnomalari, kredit ajratish, mahsulot yetkazib berish shartnomalari, akkreditiv arizalar, hisob-fakturalar, yuk xatlar, to‘lov dalolatnomalari, jurnal orderlari, bosh kitob, balans hisoboti va boshqalar;

4) ishlab chiqarish va mahsulot tannarxi bo‘yicha buxgalteriya va statistika hisobot hujjatlari.

Sud-moliya-kredit ekspertizasini vazifalariga:

  • moliyalashtirilgan mablag‘larning maqsadli taqsimlanishi;
  • davlat va mahalliy budjetga soliqlar, yig‘imlar va ajratmalarning to‘liq va o‘z vaqtida kelib tushishi;
  • tashkilot (budjet)larning tayinlangan smetalariga amal qilishi;
  • moliyalashtirish va kreditlash sohasidagi qoidabuzilishlar natijasida davlat va korxona (tashkilot)larga yetkazilgan moddiy zararlar hamda asossiz yaratilgan fondlar va ulardan foydalanish;
  • bank kredit mablag‘larini maqsadsiz ishlatish kabi holatlarni aniqlash kiradi.

Sud-moliya-kredit ekspertizasi hal etadigan vazifalarni uch guruhga bo‘lish mumkin. Jumladan, sud-moliya-kredit ekspertizasi hal etadigan birinchi guruh vazifalariga:

– davlat korxonalari, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa sub’ektlarni moliyaviy-xo‘jalik faoliyatidagi moliyaviy ko‘rsatkichlari hisob-kitoblarining asosligini aniqlash;

– davlat budjeti to‘lovlari (foyda solig‘i, ishchi, xizmatchilarning ish haqidan daromad solig‘i, jamoa tashkilotlarining daromadlarini taqsimlanishi va shu kabilar) hisob-kitoblarini asosligiga aniqlik kiritish vazifalari;

– kredit mablag‘lari olish uchun korxona tomonidan bank muassasiga  noto‘g‘ri ma’lumotlar berilishi holatlarini aniqlash;

– keraksiz, haridorgir bo‘lmagan, ma’naviy eskirgan tovar va jihozlar uchun kredit olish maqsadida asossiz rejalashtirishlar va ushbu holatda korxonaga nisbatan qo‘llanilgan jarima hamda kredit mablag‘ini muddatidan oldin qaytarib olishga bo‘lgan sanksiyalarni  asosligini aniqlash kiradi.

Ushbu ekspertiza quyidagi masalalarni hal etadi:

  • ishlab chiqarishni, fan va texnikani, ijtimoiy rivojlantirish, moddiy rag‘batlantirish kabi iqtisodiy barqarorlashtirish fondlarini to‘g‘ri shakllanganligini aniqlash;
  • korxona(tashkilot)ning kredit mablag‘lariga bo‘lgan talabini asosliligini aniqlash.

Sud-moliya-kredit ekspertizasi tomonidan hal etiladigan ikkinchi guruh vazifalari pul mablag‘lari fondlari va kreditlaridan foydalanishni, ularning ishlatilishi to‘g‘riligi va asosliligi aniqlanadi.

Bunda hal etish uchun quyidagi vazifalar qo‘yiladi:

– korxona va tashkilotlar tomonidan davlat va mahalliy budjetlarga to‘lovlarni to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazib berilishi aniqlansin;

– budjet tashkilotlari tomonidan (fan, madaniyat, sog‘liqni saqlash va boshqalar) pul mablag‘larini asosli sarflanishi aniqlansin;

– iqtisodiy barqarorlashtirish fondlariga yo‘naltirilgan ajratmalarning to‘g‘riligi va ulardan oqilona foydalanilishi aniqlansin;

– tashkilotlar o‘rtasida mahsulotni sotish, xizmatlar, ishlar bajarish bo‘yicha qilinadigan hisob-kitoblarni to‘g‘riligi va bajarilmagan shartnoma majburiyatlari bo‘yicha qo‘llanilgan iqtisodiy sanksiyalarni asosligi aniqlansin;

– korxonalar tomonidan kreditlash tartibiga amal qilinmaslik natijasida bank tomonidan qo‘llanilgan sanksiyalarni to‘g‘riligi va asosligi aniqlansin;

– bank tomonidan berilgan kredit mablag‘larini korxona tomonidan to‘g‘ri sarflanishini aniqlansin.

Ushbu guruhni asosiy vazifalaridan yana biri foyda summasini va undan foydalanishni aniqlashdir. Foyda bo‘yicha ma’lumotlar asosan mahsulot(tovar)ni sotishdan olinadi. Ko‘pgina hollarda budjetga to‘lanadigan to‘lovlarni kamaytirish maqsadida foyda sun’iy ravishda kamaytiriladi va moddiy rag‘batlantirish fondlarini ko‘paytirish maqsadida ko‘paytirib ko‘rsatiladi. Ayrim hollarda mahsulot tannarxini noto‘g‘ri ko‘rsatish oqibatida ham foyda kamaytirilib, budjetga to‘lanadigan to‘lovlar kam to‘lanadi. Foydani ko‘paytirib ko‘rsatish oqibatida esa moddiy rag‘batlantirish fondlari ko‘paytirilib, moddiy rag‘batlantirish va mukofot pullarini asossiz to‘lanishiga olib keladi.

Sud-moliya-kredit ekspertizasi bank tomonidan berilgan kredit shartlariga korxonalar tomonidan amal qilinishi va bank tomonidan qo‘llanilgan sanksiyalarning asosliligi: ssuda majburiyatlarini ta’minlanganligi, ulardan samarali foydalanish va o‘z vaqtida so‘ndirilishi kabi masalalar ham hal etiladi.

Sud-moliya-kredit ekspertizasi tomonidan hal etiladigan uchinchi guruh vazifalari moliyaviy rejalarni shakllantirishdagi va kredit pul mablag‘larini ishlatishdagi yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘lib, quyidagi masalalarni hal etadi:

– budjet hamda yuqori turuvchi tashkilotlar bilan hisob-kitoblar va pul, kredit mablag‘larini sarflanish qoidalari buzish holatlarini aniqlash;

– moliyaviy rejalarni to‘g‘ri tuzilishini, olingan mablag‘lar va kreditlarni maqsadli ishlatilishini, budjet daromadlariga yo‘naltirilgan soliqlarni to‘liq va o‘z vaqtida o‘tkazilishini ta’minlovchi shaxslar doirasini aniqlash.

Bulardan tashqari, sud-moliya-kredit ekspertizasi moliya va kreditlash sohasidagi boy berilgan daromad (foyda) va shu kabi masalalarni ham hal etadi.

Sud-moliya-kredit ekspertizasini o‘tkazishda odatda ekspert ixtiyoriga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1) korxona(muassasa)ning bosh kitobi;

2) hisob-kitob (balans) va unga izohlar;

3) jurnal orderlari;

4) bank hujjatlari (ko‘chirma ilovasi bilan);

5) “harajat” moddasi buyicha izohlar;

6) iqtisodiy rag‘batlantirish jamg‘armalariga ko‘chirilgan pul mablag‘lari, ishlab chiqarish tannarxining hisob-kitobi;

7) sotilgan mahsulot buyicha hujjatlar;

8) shartnomalar.