Shisha bo‘yicha kriminalistik ekspertiza trasologik va fizik-kimyo tekshirish usullarini o‘z ichiga oladi va kompleks ekspertiza hisoblanadi. Bu kabi ekspertizani o‘tkazish ikkita mutaxassis: trasolog-ekspert va fiz-kimyoviy tadqiqot usullarini olib boradigan ekspertga topshirilishi lozim.
Ob’ektlari: Ushbu ekspertiza ob’ektlari bo‘lib shisha buyumlar, ularning siniqlari va mayda (kichik) zarralari hisoblanadi. Ekspertizalarni o‘tkazish amaliyoti shisha buyumlar, ularning siniqlari va mayda zarralari tadqiq etishga ko‘pincha yo‘l-transport hodisalarini tekshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ektlar sifatida yuborilishidan dalolat beradi.
Shuningdek, har xil shisha idishlar, qurilish deraza oynalari va boshqa oyna turlari (ko‘zoynak, toshoyna va boshqalar) va mayda oyna zarralari ham bu ekspertiza turining ob’ektlari bo‘lib hisoblanadi.
Shisha va undan tayyorlangan buyumlarning sud kimyoviy ekspertizasi oldiga qo‘yiladigan savollar: Shisha buyumlar, ularning siniqlari va kichik zarralari kriminalistik ekspertizasining asosiy vazifalari:
- 1. Diagnostik masalalar: a) shishaning (oyna) sinish sabablarini aniqlash (mexanik va termik); b) shishaga (oyna) shikast yetkazgan predmetni aniqlash (tosh, o‘q va h.k.); v) shishaga (oyna) shikast yetkazish mexanizmini aniqlash (masalan, oynaga qaysi tomondan zarba berilgan); g) shishani (oyna) yasash usulini aniqlash; d) shisha buyumni turini va ishlatish maqsadlarini aniqlash; ye) shisha (oyna) siniqlarining zarrachalarini turli xil predmet tashuvchilarda topish.
Ushbu ko‘rsatilgan vazifalarni bajarish uchun shishalar (oyna) ekspertizasi oldiga quyidagicha savollar qo‘yiladi:
– ekspertizaga taqdim qilingan ashyoviy dalilda shisha (oyna) parchalari (mayda zarrachalari) bormi?
– voqea joyidan topilgan shisha (oyna) siniqlarining turi va xili qanday?
– ekspertizaga taqdim etilgan shisha (oyna), buyum siniqlari qanday sabablarga ko‘ra (mexanik, termik va h.k.) darz ketgan yoki singan?
– taqdim etilgan shisha (oyna) o‘q otish yoki zarba natijasida singanmi?
– xonadon derazasining singan oynasiga zarba qaysi tomondan berilgan?
– deraza oynasi qanday asbob bilan kesib olingan?
- 2. Identifikatsion vazifalar: a) shisha (oyna) siniqlari bo‘yicha ularni hosil qilgan predmetni va uni qo‘llash sohasini aniqlash; b) shisha (oyna) siniqlarining umumiy tur, guruhlarga mansubligini, masalan, tekshirilayotgan oyna siniqlarining yorituvchilarga taalluqliligini, aniqlash, ya’ni ularni yasash uchun qo‘llangan qolip yoki bir xilda tayyorlanganligini topish; v) aniq (muayyan) shisha buyumni identifikatsiya qilish, masalan, tekshirilayotgan oyna siniqlarining bitta yorituvchiga taalluqliligini, ya’ni yorituvchi (siniqlari) qismlari bo‘yicha aniqlash.
Identifikatsion masalalarni yechish maqsadida quyidagi savollar qo‘yiladi:
– taqdim etilgan shisha siniqlari qaysi buyum (mahsulot)ga taalluqli?
– taqdim etilgan shisha siniqlari orasida avtomobillarga o‘rnatiladigan buyumlarga mansub bo‘lgani bormi; aniqlangan shisha siniqlari (zarrachalari) avtomobilni nur tarqatuvchi chirog‘ining (“rasseivatel”) qaysi turiga tegishli; bunday nur tarqatuvchi chiroqlar qaysi rusumdagi avtomobillarga o‘rnatiladi?
– ekspertizaga taqdim etilgan voqea joyidan topilgan shisha siniqlari va avtomobil faralarining siniqlari bir butun buyumga taalluqlimi (yoki bir butunni tashkil qiladimi)?
– ekspertizaga taqdim etilgan voqea joyidan olingan shisha siniqlari va jabrlanuvchining boshidan olingan shisha siniqlar kelib chiqish va ishlab chiqarilishi bo‘yicha umumiy guruhga xosmi?
Shisha va undan tayyorlangan buyumlarning sud kimyoviy ekspertizasiga materiallarni tayyorlash. Voqea joyida qolgan shisha siniqlarini tezda yig‘ib olish zarur, aks holda, masalan yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq holatlarda, transport vositalarining harakati natijasida ular yo‘qolib ketishi va boshqa joyga o‘tib qolishi mumkin. Voqea joyini ko‘zdan kechirish davomida barcha shisha siniqlari terib olinadi (qanday o‘lchamda bo‘lishidan qat’iy nazar), shuningdek gumon qilingan transport vositalaridan ham o‘z vaqtida shisha siniqlarini olish zarur. Odatda shisha siniqlarini avtomashina saloni ichidan, zarar yetkazilgan faralardan, bamperdan, tashqi qismidan va chiroqlar uyasidan qidirish kerak. Agar faralar va yon tomon chiroqlar sinmagan holatda bo‘lsa, ular o‘zgartirilgan – o‘zgartirilmaganini tekshirib ko‘rish kerak.
Terib olingan shisha siniqlari quritiladi, har bir shisha sinig‘i alohida qog‘ozga yoki paxtaga o‘raladi.
Shisha sinig‘ining kichik zarrachalarini buyumlarda topish kerak bo‘lganda buyumning (narsa) o‘zini alohida qilib, polietilen xaltalarga solib, tadqiq etish uchun taqdim etiladi.
Voqea joyidan shishaning faqat mayda zarralari topilgan taqdirda ularni trasologik usullari bilan taqqoslab tekshirish imkoniyatlari keskin cheklanadi va ko‘pincha umuman mumkin bo‘lmaydi. Bunday hollarda ularni fizik xossalari va kimyoviy element tarkibi bo‘yicha tadqiq etish zarur.
Shisha siniqlari fizik xossalari va kimyoviy tarkibi bilan bir-biriga mos kelishi, ular buyumlarning bir turiga mansubligi haqida ijobiy xulosa ehtimolini oshiradi, aksincha, farq qilgan taqdirda – bu masala qat’iy salbiy hal qilinishga asos bo‘ladi.