Savol va javoblar

Fuqarolarning xususiy murojaatlari bo‘yicha sud ekspertiza o‘tkazish mumkinmi?

Prosessual qonunchilikka muvofiq (O‘zR JPKning 180-m.) sud ekspertiza o‘tkazish uchun tergovchining qarori yoki sudning ajrimi asos bo‘la oladi. Shuning uchun fuqarolarning xususiy murojaatlari bo‘yicha sud ekspertiza o‘tkazilmaydi.

Sud ekspertizasi deganda nima tushuniladi?

Sud ekspertizasi bu fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat va ma’muriy sud ishlarini yuritishda ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlar asosida sud-ekspert tekshirishlarini o‘tkazish va xulosa berishdan iborat bo‘lgan protsessual harakat.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Sud eksperti kim?

Sud eksperti bu xulosa berish uchun fan, texnika, san’at yoki hunar sohasida maxsus bilimlarga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida tayinlangan jismoniy shaxs

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Davlat sud eksperti kim?

Davlat sud eksperti bu  davlat sud-ekspertiza muassasasining o‘z xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini o‘tkazuvchi sud eksperti

Sud ekspertining xulosasi qanday hujjat?

Sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan va sud-ekspert tekshirishlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma hujjat.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 3-moddasi)

Sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplari nimadan iborat?

Qonuniylik, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi, sud ekspertining mustaqilligi, sud-ekspert tekshirishlarining xolisligi, har tomonlamaligi va to‘liqligi sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplaridir.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 4-moddasi)

Sud eksperti sifatida kimlar ishtirok etishi mumkin?

Sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.

Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida o‘tkazadi.

Fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat (shu jumladan, tergovga qadar tekshiruv materiallari) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs biron-bir davlat sud-ekspertiza muassasasi shtatida turmaydi va sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirig‘ini bajarish tartibida o‘tkazadi.

Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas. Shaxsning sud eksperti sifatida ishtirok etishini istisno etadigan boshqa holatlar protsessual qonunda nazarda tutiladi.

Sud ekspertizasini o‘tkazishga nimalar asos xisoblanadi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 17-moddasiga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir.

Sud ekspertizasi qachondan boshlab tayinlangan deb hisoblanadi?

Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 17-moddasi)

Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik bormi?

Sud ekspertizasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 31-moddasi)

Sud-fonografiya ekspertizasi qanday axamiyatga ega?

Poraxo‘rlik, korrupsiya, reket, ta’magirlik, terrorizm kabi jinoyatlarni fosh etishda sud fonografiya ekspertizasi muhim ahamiyatga ega.

Sud eksperti o‘z faoliyati bo‘yicha mustaqilmi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 7 moddasiga ko‘ra, sud eksperti sud ekspertizasini o‘tkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslardan mustaqildir.

Sud eksperti o‘zining fan, texnika, san’at yoki hunar sohasidagi maxsus bilimlariga (bundan buyon matnda maxsus bilimlar deb yuritiladi) muvofiq o‘tkazilgan tekshirishlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.

Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor bo‘lgan boshqa shaxslarning foydasini ko‘zlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sud ekspertiga qanday malakaga oid talablar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 11 moddasiga ko‘ra, Davlat sud eksperti lavozimini oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi bo‘yicha keyingi tayyorgarlikdan o‘tgan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.

Sud eksperti sifatida jalb etiladigan boshqa tashkilot xodimi va boshqa jismoniy shaxs oliy ma’lumotga, alohida hollarda esa o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga ega bo‘lishi lozim.

Davlat sud-ekspertiza muassasasi deganda nimani tushunamiz?

Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan muassasa davlat sud-ekspertiza muassasasidir. Sud-ekspertlik faoliyati tegishli davlat organlarining ekspertiza bo‘linmalari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin. Sud ekspertizasini o‘tkazish mazkur ekspertiza bo‘linmalariga topshirilgan hollarda, ular davlat sud-ekspertiza muassasalari kabi vazifalarni amalga oshiradi, huquqlarga ega bo‘ladi, majburiyatlarni bajaradi va javobgar bo‘ladi.

Ayni bir xil ixtisoslikdagi davlat sud-ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini tashkil etish, o‘tkazish, davlat sud ekspertlarini kasbiy tayyorlash va ixtisoslashtirish sud-ekspertlik amaliyotiga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida amalga oshiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasasida sud ekspertizalari, bu muassasa qaysi davlat organi ixtiyorida bo‘lsa, o‘sha davlat organi tomonidan aniqlanadigan, u uchun belgilangan xizmat ko‘rsatish mintaqalariga muvofiq o‘tkaziladi.

Sud ekspertizasini tayinlagan va davlat sud-ekspertiza muassasasining xizmat ko‘rsatish mintaqasidan tashqarida joylashgan organlar (shaxslar) uchun sud ekspertizasi, istisno tariqasida, ushbu muassasa tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq o‘tkazilishi mumkin.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari qonun hujjatlariga muvofiq tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonuni 12-moddasi)

Qo‘shimcha va qayta ekspertiza nima uchun tayinlanadi va qanday o‘tkaziladi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 18-moddasiga ko‘ra, qo‘shimcha sud ekspertizasi xulosadagi bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan o‘tkaziladi.

Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning to‘g‘riligiga shubha tug‘ilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini o‘tkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.

Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qo‘llanilgan tekshirish usullarining ilmiy asoslanganligi to‘g‘risidagi masala qo‘yilishi mumkin.

Qayta sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmaganligi sabablari ko‘rsatilishi lozim.

Qayta sud ekspertizasini o‘tkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini o‘tkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini o‘tkazishda hozir bo‘lishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tekshirish o‘tkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.

Sud-fonografiya ekspertizasini maqsadi nimalardan iborat?

Tadqiq qilinuvchi fonogramma yozib olingan asbob-uskuna, magnit  tasmasi, kompakt disklar, diktofonga yozilgan suhbat (fonogramma)ni tekshirish, suhbat mazmuni, ishtirok etgan shaxslar soni, jinsi, suhbat sharoitlari va boshqalarni aniqlashga qaratilgan.

Sud fonografiya ekspertizasining ob’ektlariga nimalar kiradi?

–  Magnit tasmaga yozilgan fonogramma

–  fonogrammaning stenogrammasi ya’ni suhbatning  so‘zma so‘z bayoni

– ovoz yozish moslamasi  (magnitofon, diktofon, raqamli diktofon, kompakt disk va boshqalar)

-magnit tasma (audokasseta, videokasseta, mikrokasseta, mikrochip, kompakt disk)

Qanday hollarda xulosa berishning imkoni bo‘lmaydi.

Agar sud eksperti qo‘yilgan savollarni uning maxsus bilimlari asosida hal qilish mumkin bo‘lmasligiga yoki unga taqdim etilgan tekshirish ob’ektlarining yoxud materiallarning yaroqsizligiga yoki xulosa berish uchun yetarli emasligiga va ularni to‘ldirib bo‘lmasligiga yoxud fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qo‘yilgan savollarga javob topish imkoniyatini bermasligiga ishonch hosil qilsa, u xulosa berishning iloji yo‘qligi to‘g‘risida asoslantirilgan hujjat tuzadi hamda uni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 24-moddasi)

Sud ekspertlik faoliyatning moliyalashtirish tartibi qanday?

Davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyati O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Davlat sud-ekspertiza muassasalari fuqarolik ishlari va iqtisodiy ishlar bo‘yicha sud ekspertizalarini o‘tkazganlik uchun to‘lov undirishga haqlidir. Bunda sudda da’vo taqdim etgan hamda da’voni quvvatlayotgan davlat organlari davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizalari uchun to‘lovdan ozod etiladi. To‘lov miqdori va mazkur mablag‘larni sarflash tartibi qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

Boshqa tashkilot xodimlari va boshqa jismoniy shaxslar tomonidan sud ekspertizalari o‘tkazilganligi uchun to‘lov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 25-moddasi)

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining faoliyatini tashkiliy va ilmiy-uslubiy ta’minlash kim tomonidan amalga oshiriladi?

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining faoliyatini tashkiliy ta’minlash, ular qaysi davlat organlari tasarrufida bo‘lsa, o‘sha davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Sud ekspertizalarini o‘tkazishni ilmiy-uslubiy ta’minlash tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalariga yuklatiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirishni va unga ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshiradi.

(O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 26-moddasi)

Davlat sud-ekspertiza muassasalarining sud-ekspertlik faoliyatini axborot bilan ta’minlash vanday amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasi “SUD EKSPERTIZASI TO‘G‘RISIDA”gi Qonunining 27-moddasi ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining yozma so‘roviga ko‘ra sud ekspertizasini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan axborotni taqdim etishi shart. Bunda davlat sud-ekspertiza muassasalari davlat sirlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi olingan ma’lumotlarning oshkor qilinmasligini ta’minlaydi.

DNK ekspertizasi bajarilish muddatlari qancha?

“O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning (2011 yil 02 mart, ro‘yxat raqami 2202) 12-bandlariga muvofiq: Sud ekspertizasini o‘tkazish muddatlari sud ekspertizasining murakkabligi va xususiyatlarini hisobga olgan holda o‘ttiz kun doirasida belgilanadi.

Ekspertiza muassasasi rahbari, uning o‘rinbosari, laboratoriya, bo‘lim va bo‘linma boshlig‘i tomonidan sud ekspertizasining hajmi va murakkabligiga, shuningdek, sud ekspertining ish hajmiga qarab:

kam ob’ektli va murakkab bo‘lmagan tekshiruv o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘n kungacha;

ko‘p ob’ektli yoki murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha yigirma kungacha;

ko‘p ob’ektli va murakkab tekshiruvlar o‘tkazishga doir materiallar bo‘yicha o‘ttiz kungacha bo‘lgan muddatlarni belgilashi mumkin.

Sud ekspertizasini o‘tkazishni o‘ttiz kun mobaynida bajarish mumkin bo‘lmagan taqdirda ekspertiza muassasasi rahbari muddat o‘tishidan uch kun oldin asoslangan xulosa tuzadi va bu to‘g‘rida sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yozma ravishda xabar qiladi hamda ular bilan kelishgan holda qo‘shimcha muddatni belgilaydi.

Agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishgan holda sud ekspertizasini o‘tkazish uchun qo‘shimcha muddatni belgilashning imkoni bo‘lmasa, sud ekspertizasi o‘tkazilmasligi sabablari ko‘rsatilib, materiallar sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.

Sud fonografiya ekspertizasi qanday masalalarni xal qiladi

Tergov va sud tomonidan tayinlangan ekspertizalar bo‘yicha identifikatsion, diagnostik va klassifikatsion masalalarni xal qiladilar

Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida qaysi soxalardagi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatadi?

Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida kimyogarlar, fiziklar, biologlar, farmasevtlar va muxandis texnologlar faoliyat ko‘rsatadilar.

DNK ekspertizasi tekshiruv ob’ektlari nimalar?

O‘z tarkibida DNK molekulalarini saqlaydigan har qanday odam biologik materiallari,  jumladan qotillik sodir etilgandagi biologik materiallar tashuvchilar:

  • Voqea joyidagi qon izlari;
  • qon va tana ajratmalarining qurib qolgan izlari;
  • Ashyoviy dalildagi biologik izlar (qon, so‘lak, ter-yog‘ izlari), ya’ni sigaret qoldiqlari; voqea joida qoldirib ketilgan kiyim kechaklar, jumladan kepka, niqoblar; stakan; bakalajkalar;
  • qotillik qurollaridagi biologik izlar (qon, ter-yog‘ izlari), ya’ni pichoq, arqon, stol, stul, turli temir buyumlar, shisha idishlar, toshlar kabi qotillik qurollari sifatida foydalanilgan barcha narsalardagi qon va ter-yog‘ qoldiqlari;
  • voqea joyidan topilgan soch tolalari;
  • bo‘laklangan tana qoldiqlari;
  • murda ob’ektlari;
  • yumshoq to‘qimalar;
  • tishlar;
  • suyak fragmentlari.

Nomusga tegish ishlarida:

  • o‘zida maniy qoldiqlarini saqlovchi turli kiyimlar, ichki kiyimlar, yopinchiqlar, yostiqlar, surtmalar va boshqalar.
  • Abort materiallar

Markazning “Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasida qanday turdagi ekspertizalar o‘tkaziladi?

  1. Tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi
  2. Lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalari ekspertizasi
  3. Neft maxsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari
  4. Giyohvand vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari
  5. Tarkibida spirti bo‘lgan suyuqliklar ekspertizasi
  6. Sud tuproqshunoslik ekspertizasi
  7. Metallar, qotishmalar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi
  8. Sud biologiya ekspertizasi (Sud botanika va sud zoologiya)
  9. Boshqa tur ob’ektlar ekspertizasi (kislotalar, mineral o‘g‘itlar, o‘simlik moylari, portlovchi moddalar, keramika, shisha, polimer materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, tabiati noaniq bo‘lgan moddalar, zaharli kimyoviy moddalar, maxsus kukunlar)
  10. Sud ekologiya ekspertizasi
  11. Oziq-ovqatlar sud ekspertizasi

Yo‘l-transport xodisasi bilan bog‘liq ishlarda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida qaysi turdagi ekspertizalar tayinlanadi?

Yo‘l-transport xodisasi bilan bog‘liq ishlarda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida laboratoriyasida:

  • lok-bo‘yoq materiallari va qoplamalari
  • yonilg‘i-moylash materiallari
  • polimer materiallari
  • shisha siniqlarini tekshirish
  • tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar
  • sud biologiya
  • sud tuproqshunoslik kabi ekspertizalari tayinlanishi mumkin.

Qotillik, nomusga tegish va o‘g‘irlik jinoyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida laboratoriyasida qanday ekspertizalar o‘tkaziladi?

Qotillik, nomusga tegish va o‘g‘irlik jinoyatlari bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda  Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida:

  • tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar
  • sud biologiya va sud zoologiya
  • sud tuproqshunoslik kabi ekspertizalari tayinlanishi mumkin.

O‘z-o‘zini yoqib yuborish, qasddan va extiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inlar bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat ishlarini tergov qilishda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi” laboratoriyasida qanday ekspertizalar tayinlanadi?

O‘z-o‘zini yoqib yuborish, qasddan yoqib yuborish, qasddan va extiyotsizlik oqibatida sodir bo‘lgan yong‘inlar bilan bo‘lgan jinoyat ishlarini tergov qilishda Materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyasida:

  • neft maxsulotlari va yonilg‘i-moylash materiallari
  • tolali materiallar va ulardan tayyorlangan buyumlar ekspertizasi o‘tkaziladi.

Sud-fonografiya ekspertizasi nima?

Sud-fonografiya ekspertizasi tadqiqotlari jinoyatga tayyorgarlik ko‘rayotgan yoki qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shahslarni fosh etishda isbotlovchi va guvohlik beruvchi sifatida yashirin ravishda yozib olingan so‘zlashuvlar, audio-video materiallar mavjud hollarda, ularning qilgan jinoyatlarini ochish maqsadida o‘tkaziladi.

Tergov idoralari tomonidan qonunda belgilangan tartibda yashirin ravishda yozib olingan fonogrammalar ashyoviy dalil sifatida mavjud bo‘lganda, tergovchi, sud fonografiya ekspertizasini tayinlaydi.

Sud-fonografiya ekspertizasi Markazda qachondan va kimning tashabbusi bilan o‘tkazila boshlangan?

1992 yilda Adliya vazirligining X.Sulaymonova nomidagi Respublika ilmiy-tadqiqot kriminalistika markazi (hozirgi RSEM)da, yuridik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Boris Ilich Pinxasov tashabbusi bilan Sud-fonografiya ekspertizasi o‘tkazila boshlandi. Bu tashabbusni amalga oshirishda yuridik fanlari nomzodi S.A.Otaxo‘jaev, Markazning sobiq ilmiy kotibi T.A.Sarkisovalarning xizmati bekiyosdir.

Identifikatsion tadqiqot nima?

Identifikatsion tadqiqot inson ovozi va nutqining asosiy shart-sharoit va identifikatsion xususiyatlari, lingvistik, leksik va instrumental guruh belgilari orqali shaxsni aniqlashga qaratilgan tadqiqot turidir.

Sud-fonografiya ekspertizasi hal etadigan masalalar qanday?

Sud-fonografiya ekspertizasi quyidagi masalalarni hal etadi:

  • identifikatsion, diagnostik va klassifikatsion masalalar;
  • ekspertizaga taqdim etilgan stenogrammaning tadqiq qilinuvchi fonogramma mazmuniga mos kelishi yoki mos kelmasligi;
  • ekspertizaga taqdim etilgan yozuv sifati past bo‘lganda suhbat stenogrammasini tuzish;
  • ekspertizaga taqdim etilgan suhbatda nechta shaxs ishtirok etganligini, ularning jinsini, suhbat qaerda (xonada, ko‘chada, avtomashina salonida va k.) yozib olinganligiii aniqlash;
  • suxbat yozib olingan kompakt diskda mexanik yoki elektro­akustik montaj belgilari mavjudligi yoki mavjud emasligini aniklash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammaning asli yoki nusxaligini aniqlash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan fonogrammadagi ovoz va nutqning kimga tegishli ekanligini aniqlash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan tadqiq qilinishi lozim bo‘lgan fonogramma aynan qaysi moslamada yozib olinganligini aniqlash;
  • ekspertizaga taqdim etilgan videotasma va videofonogrammalarni tadqiq qilish va x.k.

Diagnostik tadqiqot nima?

Ovoz va nutqning diagnostik tadqiqotlari suhbat yozilgan audio-video materialda qayd etilgan vaziyat va holatlarning taxminiy ko‘rinishi, muloqotning o‘ziga xos holati, suhbat olib borilgan sharoitlari, tashqi shovqinning, suhbat olib borilgan texnik holatlar, shaxsning individual xususiyatlarini, ovoz va nutqdan so‘zlovchi haqidagi umumiy ma’lumotlarni aniqlash (jinsi, nutqiy ko‘nikmalari, nutq ko‘nikmalarining shakllanishi muhiti, ruhiy-hissiy holati va b.), ovozli va ovoz va nutqning diagnostik belgilar tizimi, og‘zaki nutqning yozma mazmuni va uning xususiyatlarini aniqlash.

DNK ekspertizasi so‘lak namunasi topshirgan yaxshimi yoki qon namunasimi?

O‘zi aslida odam bitta otalangan tuxum xujayradan paydo bo‘ladi. Shu sababli insonning barcha xujayralaridagi DNK bir xil va umri davomida o‘zgarmas bo‘ladi. Shuning uchun qon topshirasizmi yoki so‘lak buning umuman axamiyati yo‘q. Dunyoning aksariyat mamlakatlarida tirik shaxslardan DNK uchun so‘lak namunasi olinadi.

Soch tolasidan xam DNK o‘tkazsa bo‘ladimi?

Soch tolasi xam DNK ob’ekti hisoblanadi. Ammo soch tolasi ildiz qismi bilan bo‘lishi lozim. Qirqib olingan soch tolasida yadro DNKsi yo‘q. Soch tolasini olish “invaziv” ya’ni og‘riq berib olish usuli hisoblanadi. Shu sababdan DNK laboratoriyada solishtirma namuna sifatida shaxslardan soch tolasi olinmaydi. Ammo jinoyat ishlarida voqea joyidan topilgan soch tolalari bo‘yicha ekspertiza ko‘p tayinlanadi. Aksariyat xolatlarda ildiz qismi bo‘lsa albatta yaroqli natija beriladi va ushbu soch tolasini kim tomonidan qoldirilganligini identifikatsiya qilinadi.

DNK taxlili qanchalik darajada to‘g‘ri?

DNK taxlili juda yuqori aniqlik darajasiga ega. Ba’zi laboratoriyalar 99.99% da bersa, ba’zilari 100% aniqlik darajasida xulosalar beradi. Xammaga ma’lum, nasliy ma’lumotlar DNKda joylashgan bo‘ladi, ularning ketma-ketligi genlar deb ataladi. Ushbu genlarning majmuasi genom deb ataladi. Odam 23 ta xromasomalar juftligiga ega. Xar bir odam ushbu juft xromasomalardan birini otasidan, birini onasidan oladi. DNK tadqiqotlari aynan shu qonuniyatga asoslangan. Ya’ni, bolaning har bir tekshirilayotgan gen uchastkasidagi bitta ma’lumot, yoki boshqacha qilib aytganda allel otasiga to‘g‘ri kelsa, ikkinchi allel onasiga tug‘ri kelishi kerak. Ikki va undan ortiq allellarda moslik ko‘zatilmaganda otalik yoki onalik tasdiqlanmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki qanchalik ko‘p lokuslar, ya’ni gen uchastkalari tekshirilsa, shunchalik aniqlik darajasi oshib boradi. Ma’lumot uchun yaytib o‘taman, aynan 99.99% aniqlikda xulosa berish uchun 8 ta lokus tekshirilsa yetadi. Xozirgi kunda laboratoriyada 16 tadan 28 tagacha lokuslarni tekshiruvchi maxsus reagentlar to‘plamlari bilan ishlanadi.

DNK taxlilini necha yoshdan boshlab tekshirsa bo‘ladi?

DNK taxlili umuman yoshga bog‘liq emas. Tuxumxujayra otalangandan boshlab, unda qanday xromasomalar juftligi tiklangan bo‘lsa, bola rivojlanish davrida, tug‘ilganida, yoshi ulug‘ keksa xolati, ba’zi bir xujayralar masalan, suyak tuqimalari uning vafot etganidan keyin ham ancha vaqtgacha aynan usha xromasomalar juftligiga ega bo‘ladi. Shu sababdan DNK laboratoriyasida bola tug‘ilishi bilan uni DNK taxlilini o‘tkazsa bo‘ladi.

Tug‘ilmagan bolaning DNK taxlilini o‘tkazsa bo‘ladimi?

Bo’ladi albatta, lekin boladan nanamuna olish zarur bo‘ladi. Ushbu jarayonda bola tushub qolish xavfi bo‘lganligi sababli, bizning amaliyotimizda bu qo‘llanilmaydi. Ba’zi bir chet el laboratoriyalarida “noinvaziv prenatal diagnostika” nomini olgan usul qo‘llaniladi. Ushbu usul tug‘ilmagan bolaning “fetal DNK”si onaning qonidan ajratib olib taxlil qilishga asoslangan. Ammo ushbu usul uchun maxsus, juda qimmat uskunalarni talab qilganligi, taxlilni tan narxi juda qimmatga aylanishi va amaliyotda ko‘p talab qilinmasligi bois bizning laboratoriyamizda bajarilmaydi.

Biologik otalikni otaning namunasisiz ham tekshirsa bo‘ladimi?

Biologik otalikni qat’iy belgilash uchun taxmindagi otaning namunasi zarur. Ammo, ba’zi bir xolatlarda, masalan biologik ota vafot etgan bo‘lishi mumkin, chet elda bo‘lganligi yoki boshqa bir sabablarga ko‘ra namuna topshirishning imkoniyati yo‘q xolatlarda uning yaqin qarindoshlari namunalari orqali biologik otalikni tekshirib ko‘rsa bo‘ladi. Misol uchun uning ota-onasi, aka ukalari, opa-singillari namunalari topshirilganda qarindoshlikni ma’lum bir miqdorda aniqlash mumkin. Qarindoshlarning soni qancha ko‘p bo‘lsa, ushbu turdagi tadqiqotlarning aniqlik darajasi oshadi.

Otalikni aniqlash uchun ona ham namuna topshirishi zarurmi?

Bola xar bir gen uchastkasidagi, xar bir lokusidagi allellardan birini onasidan olgan bo‘lsa, ikkinchisini otasidan olgan bo‘ladi. Bolaning aynan shu onadan tug‘ilganligi shubhada bo‘lmagan xolatlarda, bu qo‘shimcha ravishda otalik faktini qat’iyligini oshiradi. Bu bilan faqat ota va bola tekshirilganda notug‘ri natija beriladi degani emas. Shunchaki, gumonda taxmindagi otaning akasi, ukasi yoki biror bir yaqin qarindoshi bo‘lsa, genlarning tasodifiy mos kelib qolishi havfi mavjud. Onaning namunasi ham tadqiq qilinganda bunday moslik ko‘zatilishi deyarli yo‘qqa teng.

Sud-avtotexnika ekspertizasida xal etiladigan masalalar va kanday murojaat qilish tug‘risida tushuntirish bersangiz?

Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markazida sud avtotexnika ekspertizasi laboratoriyasida transport-izshunoslik, transport vositalarini texnik holatini tadqiqot qilish, transport baholash va YTX mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiqot qilish bo‘yicha ekspertizalar o‘tkaziladi.

Transport izshunoslik ekspertizasida transport vositalarini qaysi qismlari bilan bilan dastlab to‘qnashganligi, necha marta to‘qnashganligi, transport vositalarini  bo‘ylama o‘qlari orasidagi burchak kattaligini,  to‘qnashuv vaqtida TV harakatda bo‘lgan yoki to‘xtab turganligi, TV orqaga harakatlangan yoki harakatlamaganligi fakti, qaysi avtomobil yo‘nalishini o‘zgartirganligi, to‘qnashuv joyi kabi savollar hal etiladi.

Transport vositalarini texnik holatini tadqiqot etish ekspertizasida transport vositalarini harakat xavfsizligiga ta’sir etuvchi qism va agregatlarini texnik holati tekshiriladi, ya’ni rul boshqarmasi, tormoz tizimi, yoritish chiroqlari, yurish qismi, g‘ildiraklarini soz yoki nosozligini aniqlash, nosozlik qachon vujudga kelganligini, ya’ni YTXdan oldinmi yoki YTX vaqtidagi. Agar nosozlik YTXdan avval vujudga kelgan  bo‘lsa uni haydovchi aniqlash imkoniyatiga ega edimi yoki yo‘qmi kabi savollar hal etiladi.

Transport baholash ekspertizasida transport vositalarini va ularning alohida qism va agregatlarini bugungi kundagi bozor bahosi, transport vositalariga YTX natijasida yetkazilgan moddiy zarar miqdori, transport vositalarini tiklash uchun sarflanadigan harajatlar miqdorini  aniqlash

YTX mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiqot qilish ekspertizasida  transport vositalarini tezliklari, xaydovchilarning to‘qnashuvda, piyodalarni urib yuborishda tormoz berish yoki aylanib o‘tish yo‘li bilan hodisani oldini olish texnik imkoniyatlari, haydovchilarning amaldagi YXQga asosan qanday harakatlanishlari lozimligi ularning harakatlari YXQ talablariga  mos bo‘lgan yeki bo‘lmaganligi kabi savollardir.

Sud avtotexnika ekspertizasi bo‘yicha tadqiqotlar jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatiga binoan yoki tergovchi, prokuror, surishtiruvchining qarori va sudning ajrimi asosida o‘tkaziladi.

Birinchi holatda fuqarolar o‘z xohishiga ko‘ra Markazga ariza bilan o‘zlarini qiziqtirgan masalada savol bilan murojaat qilish tadqiqotlar uchun tarifda belgilangan to‘lovni amalga oshiradi. Ushbu tadqiqotlar natijasi bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarga mutaxassis fikri  beriladi.

Transport vositalarining tezliklari qanday aniqlanadi?

Transport vositalarining tezliklari, agar voqea joyida tormoz izlari qoldirilgan bo‘lsa ushbu tormoz izlari asosida matematik hisoblar orqali aniqlanadi. Bunda albatta yo‘lning qoplamasi, ya’ni yo‘lning quruq, nam ekanligi, transport vositalarini yuklanganligi, yukning miqdori va yo‘lovchilar soni zarur bo‘ladi.

Shuningdek agar hodisa videotasvirga tushgan bo‘lsa yoki videoregistrator orqali yozilgan bo‘lsa, ushbu taqdim etilgan videolar bo‘yicha ham aniqlanadi. Bunda albatta video yozib olingan qurilma yoki diskka ushbu qurilmadan yozib olingan bo‘lishi lozim. Videotasvirlangan ekrandan telefon orqali yozib olingan video bo‘yicha tezlikni aniqlab bo‘lmaydi. Ushbu masalada fuqarolarimiz vidoetasvirni taqdim etib ariza bilan Markazga murojaat qilishlari mumkin. Surishtiruv yoki tergov harakatlari olib borilayotgan bo‘lsa sud-tergov idorasiga transport vositasini tezligini aniqlash masalasida murojaat qilishlari mumkin. Va sud tergov idorasining qarori yoki ajrimi asosida ushbu masala xam hal etiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda transport vositalarini o‘zining texnik xarakateristikasiga mos bo‘lmagan tezlikda harakatlanganligi yuzasidan jarimalar kelmoqda. Bu masalada Sizning Markazda qandaydir xulosa olish mumkinmi?

Haqiqatdan ham ijtimoiy tarmoqlarda transport vositalarini yukori tezlikda, ya’ni texnik xarakteristikasiga mos bo‘lmagan tezliklarda harakatlanganligi yuzasidan jarima qarorlarini kelganligini ko‘rdik. Bunday masalalar yuzasidan Markazimizga, YXXB ma’muriy amaliyot bo‘limidan, yuridik va jismoniy shaxslardan murojaatlar kelmoqda. Bu masalada Markaz ekspertlari tomonidan pullik to‘lov asosida mutaxassis fikri berilmoqda xamda ushbu mutaxassis fikrlari asosida fuqarolarimiz o‘zlarining  buzilgan xuquqlarini tiklashmoqda.

Суд–сиёсатшунослик–лингвистик экспертизасида ҳал этиладиган саволлар:

– матнда (Ф.И.Ш., юридик шахснинг номи) ҳақида, унинг фаолияти ҳамда шахсий, касбий ёки аҳлоқий сифатлари ҳақида негатив маълумотлар мавжудми? Агар мавжуд бўлса, бу маълумотлар айнан қандай фикр ва мулоҳазаларда мавжуд ва уларнинг маъноси қандай?
– агар юқоридаги сўз ва ибораларда (Ф.И.Ш., юридик шахснинг номи) ҳақида негатив маълумотлар мавжуд бўлса, бу маълумотлар айнан қандай шаклда ифодаланган: тасдиқ, тахмин, савол?
– тақдим этилган матннинг лингвистик таҳлиллари, бу матнда фуқаро (Ф.И.Ш.) томонидан амалдаги қонунчилик, умумқабул қилинган аҳлоқий қоида ва тамойилларни бузганлиги ҳақидаги маълумотларни тасдиқлаш шаклидаги сўз ва иборалар мавжудми?
– нашр матнидаги сўз (сўз бирикмаси, ибора, гап) қандай маънода ишлатилган?
– мақола(лар)даги матннинг композицион тузилиши қандай, муаллиф айнан қандай стилистик усуллардан фойдаланган ва улар нашр (мақола) қаҳрамонларини қандай характерлайди (ифодалайди)?
– матнда баён қилинган маълумотлар бирор бир фактни (ҳолат) тасдиқлайдими, агар тасдиқласа, айнан қандай фактларни тасдиқлайди ёки улар нашр муаллифининг шахсий фикри, баҳоловчи мулоҳазаларими?

*Суд–сиёсатшунолик–лингвистик экспертизаларини ўтказишда тил ва нутқ воситалари ёрдамида, тасдиқ шаклидаги маълумотлар ва баҳоловчи фикр–мулоҳазаларни, шунингдек, фактик (аниқ бир ҳолат ҳақидаги) маълумотлар билан матн муаллифининг субъектив фикрларини ўзаро фарқлаш муҳим аҳамият касб этади.

Skip to content