Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi

Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi

Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi hodisa jarayoni yoki uning alohida tomonlarini tadqiq qilishga qaratilgan.

           Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi predmeti: jinoyat ishi materiallarida huquqiy baholashni talab qilmaydigan ma’lumotlar, yo‘l transport hodisasining faktik (haqiqiy) holatlari, transport vositalarning (TV) texnik holati, voqea joyidagi yo‘l harakati holati, hodisa ishtirokchilarining harakatlari va ularning texnik imkoniyatlari, yo‘l-transport hodisasi (YTH) mexanizmi to‘g‘risidagi haqiqiy ma’lumotlar, shuningdek ekspert-avtotexnik tomonidan uning maxsus bilimlari va jinoiy (fuqarolik) ishi materiallari yoki ma’muriy materiallar asosida aniqlangan jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan holatlar tashkil qiladi.

Sud avtotexnika ekspertizasi transport-muhandislik ekspertizasining bir turi sifatida predmet, ob’ektlar va xususiy usullar bilan farq qiluvchi turlarga va turostilarlarga bo‘linadi. Isbotlash predmeti va maxsus bilimlarning mazmunini hisobga olgan holda sud avtotexnika ekspertizasi quyidagi turostilarga ajratiladi:

  • yo‘l-transport hodisasini holatlarini sud ekspertizasi;
  • transport vositasining texnik holatini sud ekspertizasi;
  • transport vositalaridagi va yo‘l-transport hodisasi joyidagi izlarni sud ekspertizasi (transport-trasologik tadqiqotlar);
  • transport vositalarni va ularga tegishli ehtiyot qismlarni baholash tadqiqotlari;
  • yo‘lning texnik holatini sud ekspertizasi, yo‘l-transport hodisasi joyidagi yo‘l sharoitlarini tekshirish tadqiqotlari.

           Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi ob’ektlari: voqea sodir bo‘lgan holatlar, avtomobilning texnik holati, yuklanganligi, uning tezligi, yo‘lning qamrovi, uning holati, yo‘lning bo‘ylama va ko‘ndalang profillari, avtomobilni haydash rejimi va boshqalar haqidagi haqiqiy ma’lumotlar.

Yo‘l-transport hodisasi mexanizmini matematik uslublar bilan tadqiq etish ekspertizasi vazifalariga quyidagilar kiradi:

– transport vositalarining harakat tezliklarini aniqlash;

– transport vositasini to‘xtatish va tormozlanish masofalarini aniqlash;

– yo‘l-transport hodisasining turli vaqtlarda transport vositalarining o‘zaro yaqinlashib kelish holatlarini aniqlash;

– transport vositasining ma’lum masofani bosib o‘tish uchun sarflaydigan vaqtini aniqlash;

– haydovchining yo‘l-transport hodisasini bartaraf etish uchun oxirgi imkoniyati qolgan vaqtda transport vositasi bilan hodisaning ikkinchi ishtirokchisini o‘zaro (masofa bilan ifodalanuvchi) holatlari qanday bo‘lganligini aniqlash;

– yo‘l-transport hodisasini qayd etgan video yozuvlardan uning ishtirokchilari joylashuvi va harakatining parametrlarini aniqlash;

Shuningdek, yo‘l-transport hodisasi ishtirokchilarining harakatini quyidagi maqsadlarda tadqiq qilish:

– mazkur vaziyatda harakat havfsizligining texnik talablariga va transportdan foydalanish qoidalariga muvofiq hodisa ishtirokchilari qanday harakat qilishlari lozimligini;

– haydovchi havfsizlikni ta’minlash uchun ushbu vaziyatda qanday harakat qilishi lozimligini;

– harakat uchun xavf tug‘ilganda haydovchining qanday harakatlari yo‘l-transport hodisasini bartaraf etilishiga olib kelishini va bu harakatlar yo‘l harakati qoidalarining qaysi bandlarida nazarda tutilganligini;

– haydovchining yo‘l harakati qoidalarining tegishli talablarini bajarish uchun texnikaviy imkoniyati bor-yo‘qligini;

– haydovchining tergov organi tomonidan aniqlab berilgan, xavfli vaziyat paydo bo‘lgan vaqtda yo‘l-transport hodisasi oldini olish uchun texnik imkoniyati bor-yo‘qligini;

– haydovchining transport vositasini boshqarish bo‘yicha harakatlari bilan texnikaviy dastlabki ma’lumotlar asosida hamda ob’ektiv qonuniyatlarni hisobga olgan holda kelib chiqqan oqibatlarning texnik tomoni o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish bor-yo‘qligini.

Yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan joydagi vaziyatni ekspertiza tayinlagan idora vakili ishtirokida quyidagilarni aniqlash maqsadida tekshirish:

– transport vositalari yoki boshqa ob’ektlar harakatiga ta’sir etuvchi parametr va koeffitsientlarni (ishqalanish, sekinlanish, harakatga
qarshilik) qiymatlarini;

– yo‘ldagi holat va voqea joyini ko‘zdan kechirish natijalariga ko‘ra haydovchi o‘rnidan oldi va yon-atrofni ko‘rish sharoitini;

– yo‘l-transport hodisasidan oldin mavjud bo‘lgan yo‘ldagi sharoitga tegishli vaziyatlarning hodisa kelib chiqishiga sababchi bo‘lganligini yohud bo‘lishi mumkinligini.

Shuningdek, avtotexnik ekspertining vakolatiga harakat havfsizligi va mexanik transport vositalarini (avtomobil, traktor, elektr transporti va boshqa o‘ziyurar mexanizmlar)ni ishlatishga (ekspluatatsiyasi) tegishli bo‘lgan savollar ham kiradi.

Yo‘l-transport hodisasi holatlari ekspertizasini o‘tkazish uchun yo‘lning qatnov va yoqa qismlari qoplami (asfalt, beton va h.k.); qatnov qismining holati (quruq, xo‘l, loy, qor, muz va h.k.); qatnov qismi va yoqasining kengligi;yo‘lning shu joyida harakat qanday tashkil etilganligi (bir qator,ikki qator, bir tomonga va h.k.); yo‘l belgilari mavjudligi va ularning joylashishi; yo‘lning old va yon tomonlaridagi ko‘rinish masofalari; transport vositasining texnik holati (rul boshqaruvi, tormoz tizimi, yoritish tizimi va h.k); transport vositasining yuklanish darajasi (yengil avtomobil, motosikllar uchun yo‘lovchilar soni); tormoz izlari yoki transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar yo‘q bo‘lganda, uning harakat tezligi; transport vositasining harakatlanishini bildiruvchi izlar bo‘lganda, ularning uzunligi va transport vositasining qaysi qismlaridan qoldirilganligi (masalan, tormoz, izlari oldi, orqa yoki hamma g‘ildiraklaridan qolgan, ishqalanish izlari yon tomoni bilan sirpanish vaqtida qolgan);hodisa sodir bo‘lgan nuqtaning yo‘lning qatnov qismi chetlariga nisbatan joylashgan masofalari kabi ma’lumotlar taqdim etiladi.

Transport vositasi piyodani ochiq, ya’ni piyodani ko‘rishga xalaqit beruvchi to‘siq bo‘lmagan joyda urib yuborgan bo‘lsa, ekspert ixtiyoriga quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:

– haydovchining harakati uchun xavf tug‘ilgan vaqt;

– harakat uchun xavf tug‘ilgandan co‘ng voqea joyigacha qancha masofani qanday tezlik bilan yoki qancha vaqt ichida bosib o‘tganligi;

– piyodaning voqea joyiga qarab harakatlanishidan oldingi harakatlarining tafsiloti;

– transport vositasining voqeadan keyin to‘xtaguncha bosib o‘tgan masofasi (tormoz izi mavjud bo‘lsa, uning uzunligi);

– transport vositasining qaysi qismi bilan piyodani urganligi, agar oldi qismidan boshqa joyi bilan urgan bo‘lsa, oldi qismidan o‘sha joygacha bo‘lgan masofa;

– transport vositasi yo‘lning qatnov qismi chetlaridan qancha masofada harakatlanganligi;

– agar harakatdagi piyoda harakat tezligini yoki yo‘nalishini o‘zgartirgan bo‘lsa yoki to‘xtasa, har bir tezlik bilan bosib o‘tilgan masofalar haqidagi ma’lumotlar bo‘lmasa har bir tezlikda harakatlangan va to‘xtash vaqtlari.

Piyodaning bosib o‘tgan masofasi, tezligi yoki harakat vaqtini aniq bilish maqsadida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘rsatmalarni tekshirish, tergov eksperimentlari o‘tkazish tavsiya etiladi. Bu masalada piyodalarning harakat tezliklari haqidagi jadvallar haqiqiy ma’lumotlarni bermasligi mumkin. Agar piyoda to‘siq orqasidan chiqqan bo‘lsa, yuqorida aytib o‘tilgan ma’lumotlardan tashqari ekspertga qo‘shimcha quyidagilar ma’lumotlar taqdim etish  kerak bo‘ladi:

– to‘siqning qatnov qismiga nisbatan joylashuvi, ya’ni qatnov qismidan necha metr chekkada uning qanchasini egallab turganligi;

– to‘siqning o‘lchamlari (balandligi, uzunligi);

– to‘siqdan piyodaning harakat yo‘ligacha bo‘lgan masofa;

– to‘siq bilan transport vositasi o‘rtasidagi yon oraliq masofa.

Piyoda qarama-qarshi harakatlanayotgan trans­port vositasi orqasidan chiqsa, qo‘shimcha quyidagi ma’lumotlar taqdim etish zarur bo‘ladi:

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining harakat tezligi;

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasi yo‘l qatnov qismini chetlariga nisbatan qanday masofada harakatlanganligi;

– qarama-qarshi harakatlanayotgan transport vositasining orqa qismidan harakatdagi piyodagacha bo‘lgan masofa.

Yo‘l-transport hodisasini qayd etgan video yozuvlardan uning ishtirokchilari joylashuvi va harakatining parametrlarini aniqlash uchun tergov tomonidan yo‘l-transport hodisasini qayd etgan video yozuv asl nusxasi elektron ma’lumotni tashuvchi moslamada (disk, flesh-xotira va x.k.) qadoqlangan va muxrlangan holda taqdim  etilishi zarur bo‘ladi.

 

Skip to content