Kompyuter texnikalarining texnik xususiyatlarini aniqlash tadqiqoti: Davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari va korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash mexanizmlari
Raqamli iqtisodiyot sharoitida davlat organlari va byudjet tashkilotlari faoliyatida kompyuter texnikalar(kompyuterlar, monobloklar, interaktiv sensorli doskalar va h.k) muhim infratuzilma elementi hisoblanadi. Shu sababli ularni davlat xaridlari orqali sotib olish jarayonida shaffoflikni, raqobatni va samaradorlikni ta’minlash alohida dolzarb masalaga aylanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni (O‘RQ‑684, 2021 yil yangi tahrir) ushbu jarayonni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat bo‘lib, unda ochiqlik, teng raqobat va mablag‘lardan oqilona foydalanish prinsiplari mustahkamlangan.
Mazkur maqolada kompyuter texnikalarining texnik xususiyatlarini aniqlash ekspertizasining ahamiyati, qonunchilikda belgilangan normalar hamda amaliyotda uchraydigan korrupsion sxemalar chuqur tahlil qilinadi.
Mazkur qonunga ko‘ra davlat xaridlari quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:
- Ochiq va shaffof raqobatni ta’minlash
- Diskriminatsiyaga yo‘l qo‘ymaslik
- Mablag‘lardan samarali foydalanish
- Korrupsiyaga qarshi kurashish
Qonunchilikka muvofiq, buyurtmachi texnik topshiriqni shunday shakllantirishi kerakki, u barcha potensial yetkazib beruvchilar uchun teng imkoniyat yaratishi lozim. Aynan shu bosqichda texnik ekspertiza hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Buyurtmachi (davlat xaridlarida tashkilot) texnik topshiriqni shakllantirishda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-684, 2021 yil yangi tahrir) va unga oid amaldagi normativ talablarga tayangan holda quyidagi asosiy tamoyillarga qat’iy rioya qilgan holatda shakillantirish lozim bo‘ladi. Ushbu jarayon huquqiy va harid qilinishi lozim bo‘lgan qurilma(lar) bo‘yicha maxsus malakaga ega bo‘lgan mutahassislar ishtirokida amalga oshirish lozim bo‘ladi.
Qonunchilikka ko‘ra kompyuter texnikalariga qo‘yiladigan normativ talablar va texnik spetsifikatsiyalar:
- Aniq va tushunarli bo‘lishi
- Ortiqcha cheklovlar kiritmasligi
- Muayyan brend yoki ishlab chiqaruvchini ko‘rsatmasligi yoki ( “yoki unga teng” iborasi bilan berilishi)
- Faqat funksional va texnik talablar asosida shakllantirilishi kerak
Shuningdek, texnik talablar real ehtiyojdan kelib chiqishi lozim. Masalan, oddiy ofis ishlari uchun yuqori darajadagi grafik karta, yuqori hajimli doimiy xotira hamda vaqtinchalik xotiralar talab qilish iqtisodiy jihatdan asossiz hisoblanadi.

Hozirgi kunda amaliyotda uchraydigan asosiy qonun buzilish holatlari quyidagilardan iborat: Eng keng tarqalgan buzilishlardan biri — texnik spetsifikatsiyani sun’iy ravishda toraytirishdir. Bu quyidagi shakllarda namoyon bo‘ladi:
- Faqat bitta modelga mos keladigan parametrlar kiritish bu — texnik parametrlarni sun’iy ravishda toraytirish orqali faqat bitta model yoki ishlab chiqaruvchiga moslashtirish hisoblanadi. Mazkur holat amaliyotda “yashirin diskriminatsiya” yoki “spetsifikatsiyani moslashtirish (tailoring)” deb yuritiladi.
Ushbu buzilishning mohiyati shundan iboratki, buyurtmachi texnik topshiriqni umumiy bozor taklifiga moslab emas, balki oldindan tanlangan mahsulot xususiyatlariga moslab tuzadi. Natijada, hujjat tashqi ko‘rinishda ochiq va qonuniy bo‘lib tuyuladi, lekin amalda boshqa yetkazib beruvchilar uchun ishtirok etish imkoniyati yo‘qoladi.
Amalga oshirish mexanizmi:

Birinchidan, buyurtmachi yoki mas’ul shaxs ma’lum bir yetkazib beruvchi tomonidan taqdim qilingan modelni oldindan tanlaydi.
Ikkinchidan, aynan o‘sha modelning texnik hujjatlari o‘rganiladi va undan muhim bo‘lmagan, lekin noyob bo‘lgan parametrlar ajratib olinadi.
Uchinchidan, texnik topshiriqqa shu parametrlar majburiy talab sifatida kiritiladi. Bu parametrlar odatda boshqa ishlab chiqaruvchilarda aynan takrorlanmaydi.
To‘rtinchidan, natijada spetsifikatsiya shaklan umumiy bo‘lib ko‘rinsa-da, amalda faqat bitta mahsulot mos keladigan holat yuzaga keladi.
Amaliyotda quyidagi usullar ko‘p uchraydi:
- Juda aniq va tor diapazondagi ko‘rsatkichlar (masalan, aniq o‘lcham, portlar soni yoki kombinatsiyasi)
- Bir-biriga bog‘langan murakkab parametrlar (faqat ma’lum konfiguratsiyada mavjud bo‘ladi)
- Keraksiz, lekin noyob xususiyatlar (masalan, kam uchraydigan texnologiya yoki interfeys)
- Modelga xos dizayn yoki konstruktiv elementlar
Masalan, oddiy ofis kompyuteri uchun:
- “aynan 6 ta USB port (shu tartibda joylashgan)”
- “faqat ma’lum chipset bilan ishlovchi anakart”
kabi talablar berilishi — bu texnik zarurat emas, balki moslashtirish belgisi bo‘lishi mumkin.
- Noaniq yoki cheklangan texnik talablar berish:
Davlat xaridlarida texnik topshiriqni shakllantirishda uchraydigan eng muhim tizimli muammolardan biri — bu talablarning noaniq (aniq mezonsiz) yoki cheklangan (raqobatni toraytiruvchi) tarzda berilishidir. Ushbu ikki holat ko‘pincha birgalikda qo‘llanilib, tender jarayonini yashirin boshqarish vositasiga aylanadi.
- Keraksiz yuqori talablar qo‘yish kompyuter texnikalari bo‘yicha texnik topshiriqni shakllantirishda uchraydigan muhim buzilishlardan biri — bu real ehtiyojdan asossiz ravishda yuqori texnik parametrlar belgilash hisoblanadi. Ushbu holat ko‘pincha ochiq cheklov emas, balki “sifatni oshirish” niqobi ostida amalga oshiriladi, ammo amalda raqobatni toraytirish va narxni sun’iy oshirishga xizmat qiladi.
Shunday qilib, kompyuter va kompyuter qurilmalarining texnik xususiyatlarini aniqlash ekspertizasi davlat xaridlarida korrupsiyaga qarshi kurashning muhim vositasi hisoblanadi. U orqali:Qonun buzilish holatlari aniqlanadi, raqobat muhiti tiklanadi hamda davlat mablag‘larining samarasiz sarfi oldi olinadi. Shu bois texnik ekspertizani tizimli ravishda joriy etish va mustaqil nazorat mexanizmlarini kuchaytirish davlat xaridlari tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi
Respublika sud ekspertiza markazining Sud-kompyuter-texnikaviy
ekspertiza bo‘limi yetakchi eksperti,
2-darajali yurist
Abdukarimov Johongir Zokir o’g’li.