Bugungi kunda inson hayoti texnologiyalar bilan chambarchas bog‘liq holda rivojlanmoqda. Kundalik faoliyatimiz tezkor, raqamlashtirilgan va ko‘p hollarda murakkab qarorlar qabul qilishni talab etadi. Ayniqsa, shaxsni aniqlash, oilaviy aloqalarni tasdiqlash va huquqiy masalalarni hal qilishda aniqlik va ishonchlilik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hozirga kelib barcha sohada bo‘lgani kabi sud ekspertiza sohasida ham ko‘plab yangiliklar aholi va jamoatchilikka yetkazilib, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilib kelmoqda.
Zamonaviy sud ekspertiza turlaridan biri bo‘lmish DNK ekspertizasi jamiyatda eng ishonchli ilmiy vositalardan biri sifatida maydonga chiqdi. DNK (dezoksiribonuklein kislota) har bir insonning noyob genetik “pasporti” bo‘lib, u orqali shaxsni aniqlash yoki qarindoshlik darajasini aniqlash yuqori aniqlik bilan amalga oshiriladi. Ma’lumki, DNK asosidagi qarindoshlik testlarining aniqlik darajasi 99,9 foizgacha yetadi. Bu esa otalikni aniqlash, yo‘qolgan qarindoshlarni topish yoki meros bilan bog‘liq bahsli holatlarni hal etishda juda muhim ahamiyatga ega. Ko‘plab mamlakatlarda sud qarorlari aynan DNK ekspertizasi natijalariga asoslanadi.
Xususan, otalikni aniqlash masalalarida DNK ekspertizasi natijasi eng asosiy dalil sifatida qabul qilinadi. Statistikaga ko‘ra, dunyo bo‘yicha har yili millionlab odamlar otalik yoki qarindoshlikni aniqlash uchun DNK tekshiruvidan o‘tadi. Bu esa nafaqat oilaviy nizolarni hal qilish, balki bolalarning huquqlarini himoya qilishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Bundan tashqari, DNK tadqiqotlari shaxsni identifikatsiya qilishda ham keng qo‘llanilmoqda. Jinoyatchilikka qarshi kurashda DNK bazalari orqali jinoyatchilarni aniqlash samaradorligi sezilarli darajada oshgan. Tadqiqotlarga ko‘ra, DNK dalillari qo‘llanilgan jinoyat ishlarining ochilish darajasi an’anaviy usullarga nisbatan ancha yuqori.
Shuningdek, tabiiy ofatlar, aviahalokatlar yoki boshqa favqulodda vaziyatlarda halok bo‘lgan shaxslarni aniqlashda ham DNK tahlili muhim vosita hisoblanadi. Bu jarayon ko‘plab oilalarga yaqinlari haqida aniq ma’lumot olish imkonini beradi.
Rivojlangan davlatlarda DNK ma’lumotlar bazalari shakllantirilgan bo‘lib, ular orqali shaxsni aniqlash jarayoni yanada tez va samarali amalga oshirilmoqda. Bu esa xavfsizlikni ta’minlash va jinoyatchilikni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. DNK ma’lumotlar bazasining mavjudligi surishtiruv va tergov harakatlari davomida hodisa joyidan olingan biomaterialni gumondorlarsiz identifikatsiya qilish imkonini beradi, shu sababli ushbu bazani yaratilishini juda muhim va diqqatli jarayon deb aytish mumkin.
Hozirgi kunda mamlakatimizda inson va hayvon biomateriallari bilan DNK ekspertiza tadqiqotlarini olib borish Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida va uning Samarqand, Xorazm, Farg‘ona hamda Surxondaryo viloyat bo‘limlarida amalga oshirilib kelinmoqda.
Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi ekspertlari tomonidan beriladigan ekspertiza xulosalari va mutaxassis fikrlarini katta qismini sud va tergov organlarining qaror va ajrimlari asosida berilgan xulosalar tashkil qiladi.
Bugungi kunga kelib, DNK ekspertizasining zamonaviy imkoniyatlarini, yangi joriy qilingan tadqiqot turlarini aholi va jamoatchilikka yetkazishda soha mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan targ‘ibot tadbirlari, OAV orqali qilinayotgan lavhalar, gazeta va jurnallardagi maqolalar orqali fuqarolar ongida ko‘proq tushunchalar hosil qilish va huquqlarini himoya qilish, shuningdek, shaxsiy va oilaviy munosabatlarda ishonchni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, DNK testlari bugungi kunda nafaqat ilmiy yangilik, balki ijtimoiy va huquqiy hayotning muhim vositasiga aylangan. Ayniqsa, qarindoshlikni aniqlash va shaxsni identifikatsiya qilishda uning ahamiyati beqiyosdir. Zamonaviy jamiyatda adolatni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda DNK texnologiyalarining o‘rni tobora ortib bormoqda.