Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasida: molekulyar-genetik tadqiqotlar va ularning ahamiyati

Bugungi kunda molekulyar genetika sohasining jadal rivojlanishi sud-biologik ekspertiza imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda. Xususan, inson DNKsini o‘rganishga asoslangan zamonaviy tadqiqot usullari biologik izlarning kelib chiqishini aniqlash, noma’lum shaxslarni identifikatsiya qilish, qarindoshlik munosabatlarini belgilash hamda jinoyatlarni tergov qilish jarayonida muhim ilmiy dalillarni taqdim etishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
DNK (dezoksiribonuklein kislota) — organizmning irsiy axborotini saqlovchi molekula bo‘lib, insonning genetik xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadi. Har bir insonning DNKsi o‘ziga xos genetik xususiyatlarga ega bo‘lib, aynan shu xususiyatlar molekulyar-genetik ekspertiza orqali shaxsni identifikatsiya qilish imkonini beradi.

Sud-biologik ekspertizasida amalga oshiriladigan asosiy DNK tadqiqotlari

  1. Shaxsni identifikatsiya qilish (DNA profiling)

Ushbu tadqiqot biologik namunalardan ajratib olingan DNKning genetik profilini shakllantirish va uni taqqoslashga asoslanadi. Qon, so‘lak, soch ildizi, yumshoq to‘qimalar, suyak va boshqa biologik obyektlardan olingan namunalar tekshirilishi mumkin. Olingan DNK profili noma’lum shaxsni identifikatsiya qilish yoki tekshirilayotgan biologik izning muayyan shaxsga tegishliligini baholashda qo‘llaniladi.

  1. Otalik va onalikni aniqlash

Otalik yoki onalikni aniqlashda taxmin qilinayotgan ota, ona va bolaning DNK profillari o‘zaro taqqoslanadi. Tahlil natijasida bolaning genetik belgilarining ota-onadan meros bo‘lib o‘tish qonuniyatlariga muvofiqligi tekshiriladi. Statistik hisob-kitoblar asosida biologik qarindoshlik ehtimoli baholanadi.

  1. Qarindoshlik munosabatlarini aniqlash

DNK tahlili nafaqat ota-onalikni, balki aka-uka, opa-singil, bobo-buvi, nabira va boshqa qarindoshlar o‘rtasidagi biologik munosabatlarni ham o‘rganish imkonini beradi. Bunday tadqiqotlar bevosita ota-onalikni aniqlash imkoniyati bo‘lmagan holatlarda, shuningdek, qarindoshlik munosabatlarini tasdiqlash yoki istisno qilish zarur bo‘lganda qo‘llaniladi.

  1. Autosomal STR-markerlar asosida tadqiqot

Autosom STR-markerlar — inson xromosomalarida joylashgan, qisqa tandem takrorlanishlardan tashkil topgan genetik hududlardir. Ular shaxsning individual DNK profilini shakllantirishda eng ko‘p qo‘llaniladigan molekulyar-genetik markerlar hisoblanadi.

Bir nechta STR-lokuslar bo‘yicha olingan genetik belgilar majmuasi shaxsni yuqori darajada aniqlik bilan identifikatsiya qilish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu markerlar asosida biologik iz va taqqoslash namunalari o‘rtasidagi genetik moslik statistik jihatdan baholanadi.

  1. Y-STR tahlili

Y-STR tadqiqotlari Y-xromosomada joylashgan STR-markerlarni o‘rganishga asoslanadi. Ushbu markerlar, odatda, otadan o‘g‘il farzandga nasldan naslga o‘tadi. Mazkur usul aralash biologik namunalarda erkak DNK komponentini aniqlash, erkaklar avlodiga mansub genetik belgilarni o‘rganish hamda ayrim qarindoshlik munosabatlarini baholashda muhim ahamiyatga ega. Biroq Y-STR profili bir ota nasliga mansub erkaklarni har doim ham bir-biridan individual tarzda farqlay olmaydi.

  1. Mitoxondrial DNK (mtDNA) tahlili

Mitoxondrial DNK hujayra mitoxondriyalarida joylashgan bo‘lib, asosan ona orqali nasldan naslga o‘tadi. Ushbu tadqiqot yadroviy DNK yetarli darajada saqlanmagan yoki ajratib olish murakkab bo‘lgan biologik obyektlarni tekshirishda alohida ahamiyatga ega. Xususan, qadimiy suyaklar, tishlar va uzoq vaqt davomida tashqi muhit ta’sirida qolgan biologik namunalarda mtDNA tahlilidan foydalanish mumkin.

  1. X-STR tahlili

X-STR tadqiqotlari X-xromosomada joylashgan qisqa tandem takrorlanish markerlarini o‘rganishga asoslanadi. Ushbu markerlar ayrim murakkab qarindoshlik munosabatlarini, jumladan, otalik, opa-singillik va boshqa genetik bog‘liqliklarni baholashda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Xususan, standart autosomal STR tahlili yetarli ma’lumot bermagan ayrim holatlarda X-STR markerlari qo‘shimcha genetik axborot olish imkonini beradi.

  1. Aralash DNK profillarini tahlil qilish

Ba’zi hollarda biologik izlar bir emas, balki bir nechta shaxsga tegishli hujayralar va biologik materiallardan tashkil topgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar aralash DNK profillari deb yuritiladi. Aralash profillarni tahlil qilishda genetik komponentlarning soni, ularning allel tarkibi va statistik xususiyatlari o‘rganiladi. Maxsus dasturiy vositalar va statistik modellar yordamida tekshirilayotgan shaxsning aralash profilga qo‘shgan ehtimoliy hissasi baholanadi.

  1. Yangi avlod sekvenslash texnologiyasi — NGS

Molekulyar-genetik tadqiqotlarning zamonaviy rivojlanish bosqichida NGS (Next Generation Sequencing) — yangi avlod sekvenslash texnologiyasi alohida o‘rin egallaydi. NGS texnologiyasi DNK molekulasidagi nukleotidlar ketma-ketligini yuqori samaradorlikda o‘rganish imkonini beruvchi zamonaviy usullardan biridir. An’anaviy STR tahlilidan farqli ravishda, ushbu texnologiya genetik axborotni yanada keng qamrovda tahlil qilish imkoniyatini yaratadi. Sud-ekspertlik faoliyatida NGS texnologiyasidan foydalanish orqali voqea joyidan olingan biologik izlar asosida ularning egasiga tegishli ayrim tashqi fenotipik belgilarni, jumladan, soch va ko‘z rangini, teri rangini hamda yoshga oid ayrim genetik ko‘rsatkichlarni bashorat qilish istiqbollari mavjud. Shuningdek, NGS texnologiyasi murakkab biologik namunalarni, genetik jihatdan o‘zgaruvchan hududlarni va ayrim hollarda an’anaviy molekulyar-genetik usullar bilan to‘liq o‘rganish qiyin bo‘lgan namunalarni tadqiq etishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasida ham ushbu ilg‘or texnologiyani sud-ekspertlik amaliyotiga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PQ-270-son qarorida voqea joyida qoldirilgan biologik izlar asosida ularning egasining ayrim fenotipik belgilarini aniqlash imkonini beruvchi NGS texnologiyasini sud-ekspertiza faoliyatiga joriy etish vazifasi belgilangan. Mazkur yo‘nalishning rivojlanishi kelgusida sud-biologik ekspertizasining ilmiy-texnik imkoniyatlarini kengaytirish, genetik tadqiqotlar ko‘lamini oshirish va xalqaro tajribani milliy ekspertiza amaliyotiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

  1. Markaz hududiy filiallari faoliyatining kengayishi

Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini rivojlantirishda nafaqat zamonaviy laboratoriya uskunalari, balki hududiy filiallar faoliyatini kengaytirish ham muhim omillardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida so‘nggi yillarda hududiy bo‘limlar tarmog‘ini kengaytirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda yangi ekspertiza turlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda hududiy bo‘limlar faoliyatining kengayishi sud-tergov organlariga ekspertiza xizmatlarini hududlarda tashkil etish, biologik namunalarni yetkazish bilan bog‘liq vaqt va tashkiliy xarajatlarni kamaytirish hamda ekspertiza imkoniyatlaridan foydalanish qulayligini oshirishga xizmat qiladi.

Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi laboratoriyalarining hududlarda tashkil etilishi ham ushbu jarayonning muhim tarkibiy qismidir. Xususan, Markazning Samarqand, Xorazm, Farg‘ona, Surxondaryo va Toshkent viloyatlari hududiy bo‘limlaridagi DNK laboratoriyalari salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy laboratoriya jihozlari, malakali mutaxassislar va ilg‘or tadqiqot usullari bilan ta’minlash natijasida sud-biologik ekspertizasi xizmatlarining geografik qamrovi va samaradorligini yanada oshirish imkoniyati yaratilmoqda. Bu esa mamlakatimizda sud-ekspertlik tizimini markazlashgan imkoniyatlar bilan bir qatorda hududiy darajada ham rivojlantirish, ilmiy-texnik taraqqiyot yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish va odil sudlovni ta’minlashga munosib hissa qo‘shadi.

Istiqboldagi rivojlanish yo‘nalishlari

Kelgusida odam DNKsi sud-biologik ekspertizasini rivojlantirish quyidagi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi:

– NGS kabi yangi avlod genetik texnologiyalarini ekspertiza amaliyotiga joriy etish;

– STR-markerlar paneli va molekulyar-genetik tadqiqotlar imkoniyatlarini kengaytirish;

– hududiy laboratoriyalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

– ekspertlarning kasbiy malakasini oshirish va xalqaro tajribani o‘rganish;

– zamonaviy dasturiy ta’minot va statistik tahlil vositalaridan foydalanishni rivojlantirish;

– laboratoriya tadqiqotlarida sifat menejmenti va xalqaro standartlar talablariga rioya etish.

Ushbu yo‘nalishlarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekistonda sud-biologik ekspertizasining yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarilishiga xizmat qiladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, DNK tahlili natijalarini baholashda biologik namunaning sifati, DNK miqdori, saqlanish holati, laboratoriya tadqiqotlarining ishonchliligi va tegishli statistik hisob-kitoblar muhim o‘rin tutadi. DNK profillarining mos kelishi o‘z-o‘zidan biologik iz aynan muayyan shaxsga tegishli ekanini mutlaq isbotlamaydi. Shu sababli ekspert xulosasi ilmiy asoslangan statistik baholash va ish holatlari bilan birgalikda talqin qilinishi lozim.

Xulosa o‘rnida  aytish mumkinki, molekulyar-genetik tadqiqotlar zamonaviy sud-biologik ekspertizasining eng muhim va istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir. STR, Y-STR, X-STR, mitoxondrial DNK hamda NGS tahlillari kabi usullar biologik obyektlarni chuqur o‘rganish, shaxsni identifikatsiya qilish va qarindoshlik munosabatlarini aniqlashda keng ilmiy imkoniyatlar yaratmoqda. Laboratoriya texnologiyalarining takomillashuvi, yangi genetik markerlar va statistik tahlil usullarining joriy etilishi esa ekspertiza tadqiqotlarining axborot imkoniyatlarini yanada oshirmoqda.

DNK — biologik izlar ortidagi genetik ma’lumot. Uni ilmiy tahlil qilish esa haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi.

X.Sulaymonova nomidagi RSEM Farg‘ona viloyat bo‘limi Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi  laboratoriyasi katta eksperti  M.Nosirova