Genetik modifikatsiyalangan organizm ya’ni GMOlarni yaratish zamonaviy biotexnologiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llanilib kelinmoqda. GMO-bu gen muhandisligi usullari yordamida DNKsi o‘zgartirilgan o‘simlik, hayvon yoki mikroorganizmlar bo‘lib, ular orqali mahsulot sifati, hosildorlik va chidamlilik xususiyatlari yaxshilanadi. Bugungi kunda GMO texnologiyalari global oziq-ovqat tizimining ajralmas qismiga aylangan.
Oziq-ovqat sanoatida GMOlar asosan o‘simlik mahsulotlari orqali kirib keladi. Eng ko‘p genetik modifikatsiyalangan ekinlarga soya, makkajo‘xori, paxta va raps kiradi. Ushbu ekinlardan olinadigan xomashyo ko‘plab tayyor oziq-ovqat mahsulotlarining tarkibida mavjud hisoblanadi. Masalan, soya oqsili va soya yog‘i go‘sht va kolbasa mahsulotlari, yarim tayyor mahsulotlar va bolalar ovqatida ishlatiladi, makkajo‘xoridan olinadigan kraxmal va sirop esa ichimliklar, shirinliklar va chips mahsulotlarida keng qo‘llaniladi. Shu sababli, iste’mol qilinayotgan mahsulotlarning katta qismi bevosita yoki bilvosita GMO komponentlarini o‘z ichiga olishi mumkin [2,3].
GMO mahsulotlari oziq-ovqat tarkibiga turli shakllarda kiradi:
- Bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri)- yangi meva va sabzavotlar (masalan, genetik o‘zgartirilgan pomidor yoki kartoshka) orqali;
- Qayta ishlangan mahsulotlar orqali – yog‘lar, siroplar, kraxmal, oqsil qo‘shimchalari orqali;
- Qo‘shimcha moddalar sifatida — stabilizatorlar, emulgatorlar va fermentlar orqali.
Masalan, oziq-ovqat sanoatida keng qo‘llaniladigan letsitin (E322) ba’zan genetik modifikatsiyalangan soya asosida ishlab chiqariladi. Shuningdek, glyukoza-fruktoza siropi GMO makkajo‘xoridan olinishi mumkin va gazli ichimliklar hamda shirinliklarda ham ishlatiladi [3].
GMOlarning oziq-ovqat tarkibida qo‘llanilishi ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Ular uzoq muddat saqlanish, tashishga chidamlilik va tashqi omillarga bardoshlilik kabi xususiyatlarga ega bo‘lib, oziq-ovqat isrofini kamaytiradi. Bundan tashqari, genetik modifikatsiya yordamida oziq-ovqat mahsulotlarining ozuqaviy qiymatini oshirish ham mumkin. Masalan, vitaminlarga boyitilgan ekinlar yaratish orqali aholi o‘rtasida mikroelement yetishmovchiligini kamaytirish maqsad qilingan [1].
Shu bilan birga, oziq-ovqat tarkibidagi GMO komponentlari bilan bog‘liq muammolar ham mavjud. Eng muhim masalalardan biri-mahsulotlarni markirovka qilish va iste’molchini xabardor qilishdir. Ko‘plab mamlakatlarda GMO mavjud bo‘lgan mahsulotlar maxsus yorliq bilan belgilanadi. Lekin ayrim qayta ishlangan mahsulotlarda GMO komponentlari aniqlanishi qiyin bo‘lishi mumkin, chunki qayta ishlash jarayonida DNK miqdori kamayadi yoki yo‘qoladi.
Sog‘liqni-saqlash nuqtai nazaridan, hozirgi kunga qadar GMO mahsulotlarining inson organizmiga zararli ta’siri aniq va yakdil ilmiy isbotini topmagan [3]. Ammo ayrim tadqiqotlarda allergik reaksiyalar ehtimoli, antibiotiklarga chidamlilik genlarining o‘tishi va uzoq muddatli ta’sirlar ehtimoli haqida fikrlar mavjud [1]. Shu sababli, GMO mahsulotlarini muntazam monitoring qilish va ilmiy tadqiqotlarni davom ettirish zarur hisoblanadi.
Ekologik jihatdan esa GMO ekinlari pestitsidlar qo‘llanilishini kamaytirish orqali ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Biroq ular tabiiy ekotizimga ta’sir etib, yovvoyi o‘simliklar bilan gen almashinuvi orqali bioxilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli ham mavjud [1].
Bugungi kunda ko‘plab xorijiy davlatlarda GMO mahsulotlarini nazorat qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekistonda ham oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida bunday tizimni joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada tegishli qonunchilik bazasini yaratish, eksport va import qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazish hamda ularning tarkibida GMO aniqlangan taqdirda zarur choralarni ko‘rish muhim vazifalar qatoriga kiradi [4].
Xulosa qilib aytganda, oziq-ovqat tarkibidagi GMO komponentlari zamonaviy oziq-ovqat sanoatining muhim elementi hisoblanadi. Ular ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Shu bilan birga, ularning inson salomatligi va ekologiyaga uzoq muddatli ta’sirini chuqur o‘rganish, oziq-ovqat tarkibida bor yo‘qligini aniqlash, shuningdek, iste’molchilarni to‘g‘ri xabardor qilish hamda ularni qonuniy taraflama nazorat qilish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar
- Maghari BM, Ardekani AM. Genetically modified foods and social concerns. Avicenna J Med Biotechnol. 2011 Jul;3(3):109-17. PMID: 23408723; PMCID: PMC3558185.
- GMO Research ilmiy maqolalari va tahlillari.
- https://www.nongmoproject.org
- Umarov A. OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARINI XAVFSIZLIGINI TA’MINLASHNING DOLZARBLIGI VA GENI MODIFIKATSIYALANGAN ORGANIZM (GMO) MAHSULOTLARINI CHEKLASHNING AHAMIYATI. //Scientific Journal of Academic Research in Educational Sciences 2021. – № 5. – B.868-878.
Eshmatov Nodirjon Ne’matjon o‘g‘li
RSEMning Iste’mol mahsulotlari va ichimlik suvi tarkibini tahlil qilish ekspertizasi laboratoriyasi eksperti