Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi amalda

O‘zbekistonda 2017-yilda qabul qilingan Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi davlat boshqaruvini takomillashtirish, funksiyalarning takrorlanishini bartaraf etish, shaffoflikni oshirish va fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni soddalashtirishga qaratilgan. Konsepsiya «Xalq davlat idoralariga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak» tamoyili asosida amalga oshirilmoqda.

Konsepsiyada professional davlat xizmatining samarali tizimini shakllantirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etishda quyidagilar nazarda tutilganligi belgilab qo‘yildi:

– davlat xizmatchilarining professional korpusini yaratish maqsadida davlat xizmatini tashkil etish, shu jumladan, huquqiy maqomi, davlat xizmatchilarining klassifikatsiyasi, xizmatga qabul qilishning shaffof mexanizmlari (tanlov asosida), kadrlar zaxirasini shakllantirish, xizmatni o‘tash, axloq normalariga rioya etilishini ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish;

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida yagona davlat kadrlar siyosatini amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan ixtisoslashtirilgan organni tashkil etish;

– davlat boshqaruvi sohasida mutaxassislar tayyorlashning va davlat xizmatchilari malakasini oshirishning maxsus ta’lim yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shaxsiy yutuq, bilim va kasb mahorati asosida ularning faoliyati samaradorligini baholashning zamonaviy uslublarini joriy etish;

– davlat xizmatining jozibadorligini oshirish, korrupsiyaning yuzaga kelish xavfi va mansab suiiste’molchiligini kamaytirish imkonini beradigan davlat xizmatchilari mehnatiga haq to‘lash va ijtimoiy ta’minotining zamonaviy tizimini yaratish;

– ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va ochiqligini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarga axborot taqdim etishning zamonaviy shakllarini joriy qilish, jamiyat va biznes bilan o‘zaro hamkorlik qilishda ortiqcha ma’muriy sarf-xarajatlarga barham berish lozimligi ta’kidlangan.

2022 yildagi PF-269-son Farmon bilan islohotlarning yangi bosqichi boshlandi va bugungi kunga qadar sezilarli natijalarga erishildi.

Asosiy natijalar va statistik ko‘rsatkichlar:

  1. Davlat organlari tuzilmasini optimallashtirish va ixchamlashtirish.

2017-2024 yillar davomida 100 dan ortiq davlat organi va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyati qayta ko‘rib chiqildi.

Vazirliklar va idoralarda o‘rinbosarlar soni qisqartirildi, funksiyalarning takrorlanishi kamaytirildi.

12 ta yangi organ tashkil etildi, 20 ta organning funksiyalari qayta taqsimlandi. Natrijada boshqaruv apparati ixchamlashdi va samaradorlik oshdi.

  1. Davlat xizmatlarini soddalashtirish va raqamlashtirish.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) va birdarcha.uz orqali ko‘plab xizmatlar onlayn ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Biznesni ro‘yxatga olish muddatlari bir necha barobar qisqardi. Masalan, yakka tartibdagi tadbirkorlarni onlayn ro‘yxatga olish imkoniyati yaratildi.

Birdarcha.uz statistikasiga ko‘ra, 2017-yildan boshlab millionlab tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan (onlayn va offlayn). Xususan, onlayn ro‘yxatdan o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar soni sezilarli o‘sdi.

100 dan ortiq davlat xizmatining muddatlari qisqartirildi (2025-2026-yillarda yanada 50% ga qisqartirish rejalashtirilgan).

Elektron hukumatning rivojlanish indeksi (UN E-Government Development Index) 2024 yilda 63-pozitsiyani egalladi (kelajakda 30-pozitsiyaga chiqish maqsadi qo‘yilgan).

  1. Litsenziya va ruxsatnomalarning qisqartirilishi.

Ko‘plab turdagi litsenziya va ruxsatnomalar soni qisqartirildi.

Tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun talab qilinadigan hujjatlar va muddatlar kamaytirildi. Bu biznes muhitini yaxshilashga va yangi korxonalar sonining o‘sishiga hissa qo‘shdi (2026-yil aprel holatiga 577 mingdan ortiq korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda).

  1. Detsentralizatsiya va mahalliy boshqaruvni kuchaytirish.

Mahalliy hokimiyatlarning vakolatlari va moliyaviy mustaqilligi kengaytirildi.

Mahalla instituti jamoatchilik boshqaruvining asosiy bo‘g‘iniga aylantirildi. Mahalliy budjetlarning mustaqilligini oshirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida mahalliy hokimliklarning roli ortdi.

  1. Davlat xizmati va kadrlar siyosati.

Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi.

Kadrlarni tanlash, baholash va tayyorlashning shaffof mexanizmlari joriy etilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirildi.

Mavjud muammolar va qiyinchiliklar.

Islohotlar samarador bo‘lishiga qaramay, quyidagi muammolar saqlanib qolmoqda:

Mahalliy organlarning moliyaviy mustaqilligini to‘liq ta’minlash.

Kadrlar malakasini oshirish va korrupsiyaning qoldiqlari.

Funksiyalarning to‘liq ajratilishi va boshqaruvning raqamlashtirilishini yanada chuqurlashtirish zarur.

Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi amalda samarali ijro etilmoqda. Davlat organlari sonini qisqartirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, biznesni ro‘yxatga olishni soddalashtirish va detsentralizatsiya yo‘nalishida erishilgan statistik natijalar (millionlab onlayn xizmatlar, qisqartirilgan muddatlar, YaIM o‘sishi) islohotlarning ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Yangi O‘zbekiston – 2030 strategiyasi doirasida islohotlarning ikkinchi bosqichi davom ettirilishi, elektron hukumat indeksini yanada yuksaltirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali “Xalqparvar davlat” g‘oyasini to‘liq ro‘yobga chiqarish mumkin.

Ma’muriy islohotlarni amalga oshirish:

– ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va samarali hal etishga qodir bo‘lgan, innovatsion rivojlanishning umumjahon tendensiyalariga javob beradigan davlat boshqaruvi tizimini yaratish;

– ortiqcha va o‘ziga xos bo‘lmagan vazifa, funksiya va vakolatlarni bartaraf etish, takrorlash va parallelizmni tugatish hisobiga davlat boshqaruvi tizimini optimallashtirish hamda nomarkazlashtirish;

– davlat boshqaruvini byurokratiyadan xoli qilish va uning sarfxarajatlarini pasaytirish, boshqaruv qarorlari qabul qilish tizimining faoliyat samaradorligini va shaffofligini oshirishga erishilishi kutilmoqda.

Qolqanov Nuriddin,
X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Sud-lingvistik-psixologik ekspertiza bo‘limi eksperti