Sud qurilish texnikaviy ekspertiza muxandis texnikaviy ekspertiza turlaridan biridir.
Loyihalash, qurilish, bino va inshootlardan foydalanish bo‘yicha bilimlar ushbu eksperiza ilmiy asoslarining poydevorini tashkil qiladi.
Sud qurilish texnikaviy ekspertiza predmetini ish bo‘yicha faktik ma’lumotlarni aniqlashga qaratilgan texnik masalalar tashkil qiladi.
Tadqiqotlar faqat ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan, protsessual qonunga, ushbu Nizomga muvofiq rasmiylashtirilgan ish materiallari Markazga taqdim etilgan taqdirdagina o‘tkaziladi.
Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) tomonidan tadqiqotlarga sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim), tadqiqot ob’yektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar Markazga taqdim etilishi kerak.
Advokatlar tomonidan sud ekspertizasini o‘tkazish tayinlanganda sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi advokatlik so‘rovi, ishonch bildiruvchi shaxs roziligini tasdiqlovchi hujjat, ish bo‘yicha order, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot obyektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan Markazga tadqiqotlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi murojaat, to‘lov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat, tadqiqot obyektlari va ish materiallari, shuningdek, tadqiqotlarni o‘tkazish va mutaxassis fikri berilishi uchun sud ekspertiga zarur bo‘lgan ekspertiza predmetiga taalluqli ma’lumotlarga ega bo‘lgan hujjatlar taqdim etilishi kerak.
Tadqiqotlar o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha ish materiallari va tadqiqot obyektlarini hamda qo‘shimcha hujjatlarni taqdim etish lozim bo‘lganda sud eksperti tomonidan ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy va yuridik shaxsga 3 ish kunida yozma yoki elektron iltimosnomalar yuboriladi.
Iltimosnomani belgilangan muddatda elektron shaklda yuborish imkoniyati bo‘lmaganda, bu haqda dalolatnoma tuziladi va kuzatuv materiallariga qo‘shib qo‘yiladi.
Markaz advokatning so‘rovi hamda jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘rganadi va ularga 3 ish kuni ichida shartnoma rasmiylashtirish uchun taqdim etiladi.
Sud ekspertizalarini tayinlash to‘g‘risidagi hujjatlarning faksimil va yorug‘ sezgir qog‘ozga ko‘chirilgan nusxalarini taqdim etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Sud ekspertiga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari, taqqoslovchi ish materiallari, ma’lumotlarning ishonchliligi uchun ekspertizani tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat va tadqiqot o‘tkazish uchun murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs javob beradi.
Sud ekspertizasini tayinlash to‘g‘risidagi bitta qaror (ajrim) yoki murojaat bilan ko‘p miqdordagi obyektlar taqdim etilganda Markazda direktorning o‘rinbosari laboratoriya (bo‘lim) mudirlari bilan birgalikda, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri bir qator alohida-alohida tadqiqotlar o‘tkazilishini tashkil etishi mumkin.
Sud ekspertizasini o‘tkazish ikki va undan ko‘p ekspertiza tashkilotlariga topshirilgan taqdirda ularni tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da mazkur sud ekspertizasining qanday mutaxassisliklarga ega bo‘lgan sud ekspertlari tomonidan o‘tkazilishi kerakligi, komissiya faoliyatini tashkil etishning qaysi ekspertiza tashkilotiga yuklanayotganligi hamda tekshiriladigan obyektlar va boshqa ish materiallari qaysi ekspertiza tashkilotiga yuborilganligi ko‘rsatiladi.
Bunda ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim) har bir ekspertiza tashkilotiga asl nusxada yuboriladi.
Qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror (ajrim)da uni tayinlashning sabablari va asoslari ko‘rsatilishi shart.
Qo‘shimcha yoki qayta ekspertiza tayinlangan taqdirda Markazga oldingi xulosa yoki xulosasini berishning imkoni yo‘qligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma barcha ilovalar (fotojadvallar, eksperimental ish materiallari va shu kabilar) bilan birga taqdim etiladi.
Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs) nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti sud eksperti tomonidan o‘tkazilgan sud ekspertizasi xulosasiga qo‘shilmagan taqdirda, qayta sud ekspertizasi faqat davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan amalga oshirilgan birlamchi sud ekspertizasi xulosasi bo‘yicha qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasi, shu jumladan, komissiyaviy va kompleks sud ekspertizasi nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti hamda ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot) tomonidan o‘tkazilishi mumkin.
Tadqiqotlar materiallar to‘liq bo‘lgandan so‘ng ko‘zdan kechiruv o‘tkaziladi va 30 kun ichida xulosa rasmiylashtiriladi.
Agar, bir vaqtning o‘zida ham qo‘shimcha, ham qayta sud ekspertizasini tayinlash uchun asoslar yuzaga kelgan hollarda qayta sud ekspertizasi tayinlanadi.
Sud eksperti ish materiallarini olgan kundan boshlab uch ish kunida taqdim etilgan ish materiallari rasmiylashtirish qoidalariga (tadqiqot o‘tkazish imkonini berilishiga) rioya etilganligi yoki rioya etilmaganligini aniqlashi lozim. Agar rioya etilmaganligi aniqlanganda yoki tadqiqotlar o‘tkazish davomida aniqlanganda keyingi ish kunidan kechiktirmasdan Markazda direktor yoki uning o‘rinbosari, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri bu haqda ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs)ga, advokat yoki jismoniy yoxud yuridik shaxsga ularni bartaraf etish haqida iltimosnoma yuboradi.
Ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxs kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur chora-tadbirlarni ko‘rmasa Markazda direktor yoki uning o‘rinbosari, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri tomonidan 30 kun o‘tgach unga keyingi ish kunida ish materiallarini sud ekspertizasini o‘tkazmasdan qaytaradi.
Ish materiallari yuzasidan tadqiqotlarni o‘tkazish boshlanmasdan ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs), advokat, jismoniy yoki yuridik shaxsning tadqiqotlarni o‘tkazmasdan ish materiallarini qaytarish haqidagi murojaatiga asosan ular Markazda direktor yoki uning o‘rinbosari, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri tomonidan qaytariladi.
Tadqiqotlar o‘tkazilmaganda amalga oshirilgan to‘lov shartnomada ko‘rsatilgan tartibda qaytariladi.
Rasmiylashtirishning protsessual tartibi buzilgan holda qayta, shuningdek, komission yoki kompleks sud ekspertizasi o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallari ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga yoki advokatga 3 kun muddatda Markazda direktor yoki uning o‘rinbosari, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri tomonidan qaytariladi.
Quyidagi hollarda ish materiallari ijro etilmasdan ekspertiza tayinlashga vakolatli organ (shaxs), advokat yoki jismoniy va yuridik shaxsga qaytariladi:
tadqiqotlarni Markazda o‘tkazish nazarda tutilmagan bo‘lsa;
Markaz tegishli mutaxassislarga yoki asbob-uskunalarga ega bo‘lmasa;
ekspertiza tayinlashga vakolati bo‘lmagan organ (shaxs) tomonidan yoxud vakolatli organ (shaxs) tomonidan ekspertiza tayinlash vakolatiga kirmaydigan ishlar yuzasidan tadqiqotlar tayinlanganda.
Bunda, Markazda direktor, uning o‘rinbosari, hududiy bo‘limlarda esa hududiy bo‘lim mudiri tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish uchun taqdim qilingan ish materiallarini 3 kun muddatda tadqiqotlar bajarilmaganligi sabablari ko‘rsatilgan holda ekspertizani tayinlagan vakolatli organ (shaxs)ga, advokatga, jismoniy yoki yuridik shaxslarga qaytariladi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEM Farg’ona viloyat bo‘limi mudiri
A.T.Xaydarov