Bugungi globallashuv davrida sud ekspertizasi tizimida ilmiy asoslangan yondashuv, xalqaro standartlar va yuqori ishonchlilik sud-tergov faoliyatining ajralmas tarkibiy qismiga aylandi. Shu maqsadda Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi Markazi oʻz faoliyatini zamonaviy innovatsion texnologiyalar va jaxon talablariga toʻla mos ravishda rivojlantirib bormoqda. Markazning strategik maqsadlaridan biri — laboratoriyalarni OʻzDst ISO/IEC 17025:2019 “Tadqiqot va kalibrlash laboratoriyalarining vakolatliligiga qoʻyiladigan umumiy talablar” standartlari asosida xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish va ularning salohiyatini jahon mezonlari bilan uygʻunlashtirishdir.
Akkreditatsiya – laboratoriya faoliyatida ishonchlilik va xalqaro e’tirof garovi
Sud ekspertizasi sohasida akkreditatsiya:
- tadqiqot natijalarining uzluksiz ishonchliligini taʼminlaydi;
- ekspert xulosalarining sud-tergov jarayonlarida shubhasiz qabul qilinishiga xizmat qiladi;
- ilmiy-texnik jarayonlarni yaxlit, tizimli va standartlashtirilgan holga keltiradi;
- milliy va xalqaro sud jarayonlarida xulosalarni qoʻllash imkoniyatini yaratadi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya — bu sifat, vakolatlilik, xolislik va ilmiy-texnik barqarorlik bilan e’tirof etilgan muassasa hisoblanadi.
Markaz faoliyatida xalqaro standartlarga mos sifat boshqaruv tizimini shakllantirish
Markazda ISO standartlarini joriy etish jarayoni 2015-yildan boshlanib, dastlab ISO 9001:2015 standarti boʻyicha xalqaro sertifikat olindi. Bu esa keyinchalik ISO/IEC 17025 talabi boʻyicha toʻliq qoʻllab-quvvatlangan, ilm-fan asosida tashkil etilgan laboratoriya tizimini shakllantirishga zamin yaratdi.
2017-yildan boshlab Markaz laboratoriyalarini ISO/IEC 17025 talablariga mos holda jahon standartlariga chiqazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Jarayon doirasida:
- Sifat sohasidagi Siyosat va Sifat qo‘llanmalari ishlab chiqildi;
- Laboratoriya jarayonlarining barcha bosqichlarini tartibga soluvchi SOP va yo‘riqnomalar yaratildi;
- Moddiy-texnik baza to‘liq modernizatsiya qilindi;
- Xodimlar xalqaro treninglarda tayyorlandi;
- Xalqaro provayderlarning CTS, ICE, ILC sinovlarida ishtirok etildi.
Bu ishlar Markazni xalqaro mezonlar asosida faoliyat yurituvchi zamonaviy ekspertiza tizimiga aylantirishda muhim rol o‘ynadi.
ISO/IEC 17025 bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya – Markaz faoliyatida yangi bosqich
2020-yilda Markazning birinchi laboratoriyalari Qozog‘iston Milliy Akkreditatsiya Markazi tomonidan ISO/IEC 17025 bo‘yicha xalqaro akkreditatsiya oldi. 2022-yilda O‘zbekiston Akkreditatsiya Markazining ILAC MRAga qo‘shilishi esa Markaz tomonidan olingan akkreditatsiyaning butun dunyo bo‘yicha tan olinishiga yo‘l ochdi.
2023-yilda Markazning:
- Odam DNKsi sud biologik ekspertizasi;
- Narkotik moddalar kriminalistik ekspertizasi;
- Sud fonografiyasi;
- Hujjatlar kriminalistik ekspertizasi
kabi muhim yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Bugungi kunda Markaz – xalqaro standartlashtirish talablariga to‘liq javob berishga intilayotgan yetakchi muassasa
Markaz bugungi kunda o‘z faoliyatini:
✔ xalqaro akkreditatsiya talablari
✔ xalqaro standartlashtirish mezonlari
✔ ISO standartlari asosidagi sifat menejmenti tizimi
bo‘yicha to‘liq uyg‘unlashtirish ustida ishlamoqda.
Xususan, Markazda bir qator yangi ISO standartlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar boshlangan:
- laboratoriyalar faoliyatida riskga asoslangan fikrlashni joriy etish,
- natijalarni xalqaro qiyoslash tizimlari orqali barqaror tasdiqlash,
- raqamlashtirilgan laboratoriya jarayonlariga o‘tish,
- izchillik, shaffoflik va hujjatlashtirish talablarini kuchaytirish,
- xodimlar malakasini ISO standartlari asosida muntazam baholash va oshirib borish.
Mazkur jarayonlarning barchasi Markazning xalqaro standartlarga to‘liq mos, raqobatbardosh, ilmiy asoslangan sud ekspertiza xizmatlarini ko‘rsatish borasidagi strategik maqsadlariga xizmat qiladi.
Istiqboldagi rejalar – xalqaro maydonda kengaygan akkreditatsiya doiralari
2026-yilga kelib Markaz O’zDSt ISO/IEC 17025:2019 standart talablari bo‘yicha akkreditatsiya doiralarini yanada kengaytirishni rejalashtirgan. Jumladan:
- Sud ballistikasi va izshunoslik laboratoriyasi – VIN kodlarni aniqlash.
- Sud kompyuter-texnik ekspertizasi – raqamli tashuvchilarni diagnostika qilish.
- Xorazm viloyati bo‘limi DNK laboratoriyasi – otalik/onalikni aniqlash bo‘yicha tadqiqotlar.
Bu rejalar Markazni mamlakatdagi barcha hududlar bo‘yicha xalqaro akkreditatsiyaga ega keng tarmoqli ekspertiza muassasalariga aylantirishga xizmat qiladi.
Xulosa
Respublika sud ekspertizasi Markazining ISO standartlari asosida rivojlanishi – bu:
- xalqaro e’tirofga ega bo‘lgan ishonchli ekspertiza tizimi,
- jahon standartlariga javob beradigan ilmiy-tadqiqot salohiyati,
- zamonaviy texnologiyalarga asoslangan laboratoriya faoliyati,
- sud-tergov organlari uchun yuqori aniqlikdagi, xolis va ishonchli ekspertiza natijalari demakdir.
Markaz bundan buyon ham xalqaro akkreditatsiya va standartlashtirish talablariga to‘liq javob beradigan, innovatsion, zamonaviy va ishonchli sud ekspertizasi tizimini shakllantirish yo‘lidagi faoliyatni izchil davom ettiradi.
Sifat menedjment boʼlimi
boshligʼi D.M.Tosheva