Sud-tovarshunoslik ekspertizasi – mahsulotlarning tovar (iste’mol) xususiyatlarining muayyan sifatini aniqlash maqsadida maxsus bilimlar asosida o‘tkaziladi. Sanoat tovarlari (mebel, to‘qimachilik, trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari), iste’mol tovarlari, sanoat, attorlik (galantereya) mahsulotlari, maishiy xo‘jalik mollari (yoritish asboblari va moslamalari), maishiy xo‘jalik tovarlari, orgtexnika va ularning jamlanmalari (komplektlari), ishlab chiqarish liniyalarining alohida qismlari ushbu ekspertizaning obyektlari sirasiga kiradi.
Sud-tovarshunoslik ekspertizasining mazmuni mahsulotlarning haqiqiy sifatini aniqlash uchun maxsus bilimlar vositasida ularning tovar (iste’mol) xususiyatlarini aniqlashdan iborat. Ishning aniq holatlarini aniqlash tovarshunos ekspertning imkoniyatlari hamda vakolatlari chegarasini belgilab beradi.
Tovarshunoslik ilmiy sohasida keltirilgan nazariy va uslubiy asoslar ob’ektning holatini uning iste’iol (tovar) xususiyatlari hamda sifatini o‘rganishni, shuningdek, atrof-muhit bilan o‘zaro aloqaga kirishish natijasida tovarning xususiyatlarida o‘zgarishlar paydo bo‘lgan aniq sharoitlarni o‘rganishni nazarda tutadi.
Tovarshunoslik ekspertizasi tadqiqoti obyektlariga diagnostik vazifalarni hal etishda har qanday xalq iste’moli mollari (shu qatorda foydalanishdagi mahsulotlar ham) bo‘lishi mumkin, bevosita obyekt bo‘lib esa tovarning kelib chiqishini tavsiflovchi va tadqiqot jarayoniga muayyan klassifikatsiyalash xususiyatlarga kompleks xususiyatlarni kirituvchi, tovarlarni tashkil etuvchi sifat va miqdoriy birligining doimiy va barqaror belgilar tizimi (xususiyatlar yig‘indisi) hisoblanadi.
Bular:
- turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan mebel jihozlari va interer buyumlari;
- tekstil, tikuv, trikotaj mahsulotlari (kiyim, shu jumladan mo‘ynali, poyabzal, bosh kiyimlar);
- bijuteriya (qimmatbaho bo‘lmagan metallardan, plastmassa, rangli shisha va sh.k.lardan tayyorlangan uzuklar, ziraklar, bilakuzuklar, kulonlar, munchoqlar, zaxllagichlar, broshlar va h.k.);
- attorlik, parfyumeriya va kosmetika tovarlari;
- maishiy tovarlar (elektr asboblar va anjomlar);
- xo‘jalik-maishiy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar;
- radio-, video- va teleapparatura;
- orgtexnika (ofis texnikasi) va komplektni tashkil etuvchi buyumlar;
- aloqa vositalari (statsionar va uyali aloqa telefonlari);
- tikuv, to‘quv, yozuv va hisoblash mashinalari, telefon apparatlari;
- musiqa asboblari;
- foto- kino- video apparatura, optiki predmetlari, soatlar;
- gilamlar, gilam mahsulotlari, yopinchiqlar, dasturxonlar, pardalar;
- idishlar va stolni tuzash buyumlari;
- xo‘jalik va uy-joy ashyolari, xo‘jalik va sport inventari;
- stol o‘yinlari: bilyard, shaxmat, shashka, fikrlashni o‘stirish uchun ta’lim o‘yinlar, domino, badminton, stol tennisi va h.k..
- bolalar va kattalar o‘yinchoqlari;
- tasviriy san’at va amaliy bezak san’ati namunalari (antiqa buyumlardan tashqari), haykallar, haykalchalar, figuralar, dekorativ vazalar, panno, shkatulkalar, shamdonlar, patnislar, suvenir qo‘g‘irchoqlar, dekorativ gullar;
- kanselyariya tovarlari va yozuv anjomlari;
- sifat va miqdor ko‘rsatkichlari qayd etilgan hujjatlar va texnik pasportlar, fotosuratlar, sizmalar, bojxona deklaratsiyasi va tovarga oid hujjatlar;
- turli maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan jihozlar va ularning ehtiyot qismlari;
- ishlab chiqarish va texnologiya tarmoqlari;
- boshqaruv elementlari mavjud bo‘lmagan temiryo‘l transporti (turli marka va modeldagi vagonlar).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, sud tovarshunoslik ekspertizasi zamonaviy sud-ekspertlik faoliyatining ajralmas qismiga aylandi. U nafaqat moddiy obyektlarning xususiyatlarini aniqlash, balki odil sudlovni ta’minlashda ob’ektiv dalillar bazasini yaratishning muhim mexanizmidir. Bozor munosabatlari rivojlanib borayotgan bugungi kunda, ekspertiza usullarini takomillashtirish va raqamli texnologiyalarni ushbu sohaga tatbiq etish, fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning Surxondaryo viloyat bo‘limi eksperti M.M.Qobilov