Imzo – sud-xatshunoslik ekspertizasi obyekti

Sud-xatshunoslik ekspertizasi bugungi raqamlashtirish va elektron hujjatlar davrida ham o‘z dolzarbligini mutlaqo yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, firibgarlik usullarining rivojlanishi va iqtisodiy munosabatlarning takomillashishi bu sohaga bo‘lgan ehtiyojni yanada oshirmoqda.
Ushbu ekspertizaning bugungi kunda g‘oyat dolzarb ekanliginining asosiy omillari:

– moliyaviy va mulkiy nizolarning ko‘payishi. Yirik biznes shartnomalari, bank kredit hujjatlari, vasiyatnomalar, oldi-sotdi va hadya shartnomalari haligacha ko‘p hollarda qog‘oz variantda va an’anaviy imzo bilan tasdiqlanadi. Mulk yoki katta mablag‘ bilan bog‘liq nizolar kelib chiqqanda, “Bu imzo meniki emas” yoki “imzoni boshqa shaxs bajargan” degan vajlarni tekshirishning yagona ishonchli usuli – sud-xatshunoslik ekspertizasidir.

– firibgarlik texnikasining rivojlanishi. Zamonaviy printerlar, nusxa ko‘chirish uskunalari va gologramma texnologiyalari soxta hujjatlarni juda yuqori sifatda tayyorlash imkonini beradi. Biroq, firibgarlar imzo shaklini o‘xshatishi mumkin, lekin undagi ayrim belgilarni mukammal soxtalashtira olmaydi. Ekspertiza aynan shu yashirin belgilarni aniqlab beradi. Sud-xatshunoslik ekspertizasi shunchaki “harflarni solishtirish” emas. Bu – tibbiyot, psixologiya va kriminalistika tutashgan nuqtadagi murakkab ilmiy tahlildir.

Sud-xatshunoslik ekspertizasining amaliyotida eng ko‘p uchraydigan va o‘ziga xos murakkablikka ega bo‘lgan obyektlardan biri bu – shaxsning imzosi hisoblanadi. Imzo fuqarolik, jinoiy, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy munosabatlarni tasdiqlovchi asosiy rekvizitlardan biri bo‘lib, shaxsni identifikatsiya qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shartnomalar, moliyaviy hujjatlar va vasiyatnomalarning haqiqiyligini aniqlash ko‘p holatlarda aynan imzoning ijrochisini aniqlashga borib taqaladi.

Imzo qo‘lyozma obyektlar orasida alohida o‘rin tutadi. U oddiy matnli yozuvdan farqli o‘laroq, yuqori darajada avtomatlashgan dinamik-stereotip hisoblanadi. Imzo – murakkab kriminalistik obyekt bo‘lib, uni tadqiqot qilish ekspertning yuqori malakasini, chuqur nazariy bilimini va zamonaviy texnik vositalardan samarali foydalanishini talab qiladi. Sud-xatshunoslik ekspertizasida imzoning umumiy va xususiy belgilarini chuqur qiyosiy tahlil qilish sud va tergov organlariga ishning haqiqiy holatini xolis aniqlashda hamda adolatni ta’minlashda muhim ilmiy-amaliy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Inson yillar davomida bir xil harakatni takrorlayverib, o‘ziga xos noyob imzo uslubini shakllantiradi. Bu imzo shunchaki harflar yig‘indisi emas, balki uning tarkibida an’anaviy harflar, ular qisqartirilgan elementlari hamda harflarga kirmaydigan turli ilmoqlar, to‘lqinsimon chiziqlar o‘zaro uyg‘unlashib ketadi. Uni boshqa bir shaxs tomonidan to‘liq, mukammal takrorlash amalda juda qiyin.

Xo‘sh, oddiy fuqarolar o‘zlarini aldashlaridan yoki imzolari soxtalashtirilishidan qanday saqlanishi kerak? Fuqarolarimiz o‘z huquqlarini va moliyaviy xavfsizligini ta’minlash uchun quyidagi oddiy qoidalarga amal qilishlari maqsadga muvofiq:

– shaxsiy imzongiz imkon qadar murakkab tuzilishga ega bo‘lsin, o‘zgaruvchanligi kam bo‘lgan individual shtrixlarni o‘z ichiga olsin. O‘ta sodda (faqat bitta oddiy chiziq yoki bosh harfdangina iborat) imzolarni qalbakilashtirish juda oson. Hech qachon shartnoma yoki hujjatlarga shoshilib, shunchaki bitta chiziqcha yoki bitta harf shaklidagi oddiy imzo qoʻymang. Imzongiz qanchalik murakkab, uzun va ism-sharfingiz harflarini oʻz ichiga olgan boʻlsa, uni soxtalashtirish shunchalik qiyin boʻladi va siz oʻzingizni firibgarlardan himoya qilgan boʻlasiz.

– agar biron hujjatdagi imzoning haqiqiyligiga shubhangiz bo‘lsa, o‘zboshimchalik qilmang, balki rasmiy ravishda ekspert-xatshunosga murojaat qiling. Bu sizning huquqlaringizni ishonchli himoya qilishga yordam beradi.

Sud-xatshunoslik ekspertizasi imzo aynan da’vo qilinayotgan shaxs tomonidan qoʻyilganmi yoki yoʻqligini ilmiy asosda isbotlaydi.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi
markazi HKE laboratoriyasi eksperti
 A.Muxammadiyev