Korrupsiya – jamiyatning eng katta kemiruvchisi!

Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurganligini oxirgi yillarda ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.

Ma’lumki, o‘z vaqtida oldi olinmagan kasallik keyinchalik davosi yo‘q dardga aylanishi mumkin. Ish jarayonida ham shunday: aniqlangan kamchiliklarga ko‘z yumilsa, u vaqti kelib jiddiy muammolarga olib keladi, korrupsiya holatlari ro‘y berishiga sabab bo‘ladi.

Korrupsion ko‘rinishdagi har qanday holatning salbiy oqibati nafaqat ayrim kishilar, katta-kichik tashkilotlar, hatto davlatlar, jamiyatlarning taraqqiyotiga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi omil ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Shu bois, butun jahonda, jumladan, yurtimizda ham ushbu illatga qarshi murosasiz kurashib kelinmoqda.

Mamlakatimizda xalqimiz xohish-istaklarini nazarda tutgan holda bu illatni jilovlashga qaratilgan ta’sirchan, samarali choralar belgilab borilmoqda. Oxirgi yillarda ushbu holatning oldini olish, unga qarshi kurashishni pirovard maqsad qilib olingan dasturlar ishlab chiqildi, tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa mutasaddi tashkilotlar tarkibida alohida bo‘g‘inlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, mavjudlari takomillashtirildi. Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash umumxalq, umumdavlat ishi qilib belgilandi. Ayni paytda davlat organlari zimmasiga ham alohida muhim hamda ustuvor vazifalar yuklandi. Endilikda mas’ullar oldida turgan dolzarb vazifa – amaliy sa’y-harakat orqali uning samarasiga erishishdan iboratdir.

Yurtimizdagi xalqqa xizmat ko‘rsatuvchi idoralarda har doim halolik, shaffoflik, oshkoralik hukm surishi, nopok niyatli kimsalardan holi bo‘lishi lozim.

Shu o‘rinda Adliya vazirligi tizimi tashkilotlari, xususan, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi fuqarolarning mushkulini-oson etish bilan bilan bir qatorda, huquqni muhofaza qilish hamda sud tizimining ajralmas qismi hisoblanib, adolatli sudlov jarayonini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Ekspert xulosalari jinoyat, ma’muriy, iqtisodiy yoki fuqarolik ishlari bo‘yicha dalil sifatida qimmatga ega bo‘lgani sababli, ushbu sohada sodir etiladigan har qanday korrupsion holat jamiyatda adolat va qonuniylikka bo‘lgan ishonchni izdan chiqarishi barchamizga ma’lum. Shu bois sud-ekspertiza muassasalarida shaffoflik, xolislik va kasb etikasi ustuvorligini ta’minlash korrupsiyaga qarshi kurashning eng muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Shunday ekan, odamlar ushbu maskanda hamisha ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik hamda qulay muhit hukumron ekanligini chuqur idrok etishlari kerak. Ta’bir joiz bo‘lsa, korrupsiya va byurokratiya kabi illatni jilovlashga qaratilgan sa’y-harakatlarda Markaz tizimi xodimlari ham o‘z hissasini qo‘shayotganligini butun xalqimiz dildan his etmog‘i zarur.

Shuni ta’kilab o‘tish joizki, Markaz tizimida ham korrupsiya kabi salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan birqator ishlar amalga oshirlib, ushbu sa’y-harakatlar o‘zining ijobiy samarasini berib kelayotganligi quvonarli hol.

Shu bilan birga, adliya vazirining korrupsiyaga qarshi siyosatini, tizimda korrupsiyaga qarshi asosiy yo‘nalishlarni amalga oshirish va muvofiqlashtirish uchun Markaz tizimida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha shtat joriy etilgan bo‘lib, ushbu lavozimga tayinlangan xodimga ushbu yo‘nalishda birqator vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, davlat xizmatiga ishga qabul qilingan davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, bilimlarni muntazam va tizimli ravishda oshirib borish, xodimlarning amaliyotda qo‘llaniladigan zamonaviy anti-korrupsion mexanizmlar bilan tanishtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 iyundagi «Aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 228-son qaroriga asosan «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasining maxsus-o‘quv kurslarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida malakasini oshirishbelgilab qo‘yildi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunga qadar Markazning qariyib 70 nafarga yaqin xodimlari «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» elektron platformasining maxsus-o‘quv kurslarida malakasini oshirdi.

Shu bilan birga, Yuridik kadrlar malakasini oshirish institutida Adliya tizimi xodimlari uchun tashkil etilgan vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus o‘quv kursi joriy etilgan bo‘lib, Markaz barcha xodimlarining ushbu illatga qarshi kurashish sohasida malakasi oshirib kelinmoqda.

Bundan tashqari, sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida 2026 yilning yanvar oyidan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan tadqiqotlarni o‘tkazishda Markaz sud ekspertlari ob’ektlarni ko‘zdan kechirish joylariga chiqqanda majburiy ravishda mobil videokameralardan (bodikamera) foydalanishini yo‘lga qo‘yildi.

Tizim tashkilotlari faoliyatini tizimli nazorat qilish, qayd etilayotgan salbiy holatlarni aniqlash hamda tegishli choralarni ko‘rib borish maqsadida “Situatsiya markaz”lari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, Markaz va uning hududiy bo‘limlari binolarida mavjud kuzatuv kameralari orqali jarayonlarni nazorat qilish imkoni yaratildi. Bu orqali quyi tizimda aholi va tayinlovchi organlarga xizmat ko‘rsatishda sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishga erishilmoqda.

Shuningdek, tizimga nomzodlarni ishga qabul qilishda tanish-bilishchilik, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, unga shart-sharoit yaratilishining oldini olish hamda tizimda halol-pok xodimlar faoliyat yuritishini, salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirishda shaffof tizim yo‘lga qo‘yildi. Ochiq, oshkoralik va shaffoflikka asoslangan ushbu jarayon ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatilib, istagan kishi uni duyoning istalgan nuqtasidan turib ham kuzatish imkoniga ega bo‘ldi.

Aholi va tayinlovchi organlarga xizmat ko‘rsatishda Markaz va uning hududiy bo‘limlarida turli sansolarliklar hamda korrupsiya holatlari yuzasidan ma’lumotlarni telefon aloqa raqamlari, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar va elektron pochta tizimi orqali qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish tartibi joriy etildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarishga qarata vebinar va treninglar o‘tkazish, shu asnoda xodimlarning sohaga oid bilimlarini mustahkamlash ishi eng muhim va dolzarb vazifalar qatoridan o‘rin olgan.

Sud ekspertiza sohasida korrupsiyaning oldini olish — faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar emas, balki butun jamiyat manfaatlarini himoya qilishdir. Tizimda shaffoflikni oshirish, ekspertlar malakasini yuksaltirish, hujjatlarni taqdim qilish jarayonlarni raqamlashtirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish orqali korrupsiya xavfini sezilarli darajada kamaytirish mumkin. Adolatli va ishonchli sud ekspertizasi — qonun ustuvorligining asosiy tayanchlaridan biri hisoblanadi.

Turli salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan choralar tizimda korrupsiya va byurokratik to‘siqlarni ishonchli hamda kafolatli tarzda bartaraf etish hamda kutilgan natijani berishi shak-shuhasiz. Korrupsiyasiz hayot davlat va jamiyat hayotining yanada muhim hamda jozibador jihatiga aylanadi.

 

A.K.Jumaniyozov
Respublika sud ekspertiza markazi Tashkiliy nazorat va tahlil bo‘limi bosh mutaxassisi