O‘tgan asrning oxirida rivojlangan sud lingvistik ekspertizasi instrumentariumi haqorat va sha’n, qadr-qimmat va ishonchli obro‘ni himoya qilish ishlari materiallari asosida shakllandi. Insonning sha’ni, qadr-qimmati va nomiga oid bunday moddiy bo‘lmagan manfaatlarni huquqiy himoya qilish bilan bog‘liq ishlar kategoriyalarining mazmun jihatdan yagonaligi, shubhasiz, lingvist-ekspertlar jamiyati tomonidan lingvistik ekspertizaning ilk rivojlanish bosqichlaridan e’tirof etilgan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-siyosiy hayot va axborot makonining jadal rivojlanishi, so‘z erkinligi hamda ommaviy axborot vositalari va virtual muloqotning keng ommalashishi natijasida sud amaliyotida shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obroʻsiga tajovuz bilan bog‘liq huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Bunday holatlar matn va nutq birliklarini lingvistik jihatdan baholash, xususan, ularda haqoratning mavjudligi yoki mavjud emasligini lingvistik ekspertiza doirasida aniqlashga bo‘lgan ehtiyotni kuchaytirmoqda. Natijada XXI asr boshlaridan shaxsni haqorat qilish, uning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq ish materiallari asosida sud-lingvistik ekspertizaning nazariy va amaliy vositalari shakllandi. Sud jarayonlarida til va huquqshunoslik kesishgan nuqtalarda tilshunos-ekspertlarning roli alohida ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda fuqarolarni kommunikativ muloqot mazmunini ixtiyoriy talqin etish natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan qoidabuzarliklar ta’siridan huquqiy himoyalash choralari ta’minlanganligiga qaramay, haqorat holatlarida ekspert oldiga qo‘yiladigan lingvistik vazifalar doirasi huquq-tartibot idoralari tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni hal qilishda yagona mezonlarni ishlab chiqish zaruratini talab qiladi. Aynan, ekspert vazifalarining lingvistik xususiyatlari shaxsning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish holatlaridagi vazifalarning o‘ziga xos xususiyatlari asosida lingvistik ekspertiza tadqiqotlarida haqoratli holatlarni mustaqil toifa sifatida ajratish imkonini bermoqda. Ya’ni, ekspertlik vazifalarining lingvistik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, shaxsning sha’ni, qadr-qimmati hamda ishchanlik obro‘sini himoya qilishga oid ishlar doirasida hal etiladigan vazifalar bilan to‘liq mos kelmasligi, haqorat qilishga oid ishlarni alohida, mustaqil toifaga ajratish uchun asos bo‘lmoqda.
Asosiy Qomusisiz hisoblanmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasidan “inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat” kabi O‘zbekiston Respublikasida Insonga bo‘lgan ehtirom va e’tiborda ekanligining yaqqol misolida ko‘rishimiz mumkin.
Konsitiutsiyaning Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari bo‘limi V bobi, 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart deb belgilangan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 26-mioddasiga ko‘ra, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi ta’kidlangan.
Mamlakatimizda sud-lingvistik ekspertiza tadqiqotlariga bo‘lgan talabning ortib borishi bilan sud amaliyotida ushbu tadqiqotlarni o‘tkazishning nazariy va tashkiliy-huquqiy asoslariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortdi. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida sud ekspertizasi sohasidagi munosabatlar “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi[1] qonun bilan tartibga solinadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi PF–6256-son farmoni[2] hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi 73-son qarori bilan tasdiqlangan “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida namunaviy Nizom”[3] sud-lingvistik ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazishda huquqiy bazani tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 41-moddasi[4]ga ko‘ra, “Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish – bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi[5]ga ko‘ra, “Haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi[6] ikkinchi qismiga ko‘ra, “nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish orqali haqorat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatdan uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi[7] uchinchi qismida qayd etilishicha,
“Haqorat qilish:
- a) jabrlanuvchini oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bogʻliq holda;
- b) xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan boʻlsa, – bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi”.
Mazkur huquqiy normalar doirasida sud-lingvistik ekspertiza tayinlashning umumiy (protsessual) asosi sodir etilgan harakatning huquqiy darajasini belgilash, jinoyat motivlari hamda ish bo‘yicha ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa holatlarni aniqlash zarurati bilan izohlanadi. Ushbu holatlar dastlab tergov organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi, keyinchalik esa sud tomonidan ish bo‘yicha to‘plangan materiallar majmuyi asosida baholanadi.
Aynan, lingvistik ekspertiza xulosasi haqorat holatlariga oid ishlar bo‘yicha sudning protsessual harakatlari doirasida muhim dalillardan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Shu nuqtayi nazardan haqorat bilan bog‘liq holatlarda sud-lingvistik ekspertiza tergov yoki sud jarayonida baholanayotgan nutqiy materiallarda haqoratli mazmunga ega bo‘lgan leksik birliklarning mavjudligi, ularning leksik-semantik mazmuni, nutqiy ifoda shakli hamda kommunikativ yo‘nalishini aniqlash zarurati yuzaga kelganda tayinlanadi.
Mazkur holatlarga aniqlik kiritish maqsadida olib borilishi talab etiladigan haqorat bo‘yicha lingvistik ekspertiza metodlari deganda, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bo‘yicha o‘tkaziladigan lingvistik ekspertizaning spetsifik (o‘ziga xos) bosqichli metodologiya usullari tushuniladi. Bu jarayonda ekspert shunchaki “yomon so‘z”ni topmaydi, balki uning huquqiy mezonlarini tahlil qiladi. Haqorat bo‘yicha lingvistik ekspertizada semantik, pragmatik, “nomaqbul shakl”ni aniqlash, kommunikativ, grammatik tahllillar ustuvor sanaladi. Lingvistik nuqtayi nazardan taqdim etilgan ma’lumot (xabar, matn va sh.k.)ning tahlili leksik, semantik, stilistik, morfologik, sintaktik, grammatik sathlarda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi
X. Sulaymonova nomidagi RSEM SLPE bo‘limi mudiri
N. Nishanova
[1] O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyundagi “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘RQ–249-son Qonuni; https://lex.uz/mact/-1633102.
[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasida sud-ekspertlik tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6256-son Farmoni; https://lex.uz/ru/docs/-5491507.
[3] Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 21-fevraldagi “Sud ekspertizasi tadqiqotlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 73-son qarori; https://lex.uz/docs/-6388692.
[4] Izoh: 41-moddaning sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda – Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son.
[5] Izoh: 140-modda birinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi
OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda – Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son.
[6] Izoh: 140-modda ikkinchi qismining dispozitsiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi
OʻRQ-658-sonli Qonuni tahririda – Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2020-y., 03/20/658/1670-son; 140-modda ikkinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 3-dekabrdagi
OʻRQ-586-sonli Qonuni tahririda – Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 04.12.2019-y., 03/19/586/4106-son.
[7] Izoh: 140-modda uchinchi qismining sanksiyasi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 25-dekabrdagi
OʻRQ-658-sonli Qonuni tahririda – Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2020-y., 03/20/658/1670-son.