Sud qurilish-texnik ekspertizasi muhandis-texnikaviy ekspertiza turlaridan biri hisoblanadi.
Sud qurilish-texnik ekspertizasi predmetini ish bo‘yicha faktik malumotlarni aniqlashga qaratilgan texnik masalalar tashkil etadi (Qurilish obektlarining shaxarsozlik va texnik meyorlarga mos kelishi yoki mos kelmasligi).
Binolarni loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya (foydalanish) bo‘yicha loyiha smetalari va ishlab chiqarish texnikaviy hujjatlari, turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, muhandislik tarmoqlari hamda shu bino va qurilmalarning o‘zi sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi tadqiqot obektlaridir.
Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini o‘tkazish tartibi:
Ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun asos taqdim yetilishi lozim. Bunda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.
Shuningdek advokatlik so‘rovi asosida sud ekspertizasi tayinlash to‘g‘risidagi so‘rovnoma ham ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun asos hisoblanadi. Bunda sud ekspertlik faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi. Advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda va mamuriy huquqbuzarlik tug‘risidagi ishlar bo‘yicha ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ekspertiza tadqiqotlarini o‘tkazish uchun asos hamda u bilan birga taqdim yetilgan hujjatlar o‘rganib chiqilib, dastlabki tahlil amalga oshiriladi. Shundan so‘ng, zaruriy qo‘shimcha ish materiallarini taqdim yetish, tadqiqotlarni o‘tkazish uchun to‘lovni amalga oshirish (iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha) hamda ajrim yoki qarorda ko‘rsatilgan obektlarni ko‘zdan kechirishni tashkil etish haqida sud ekspertizasi tayinlovchi organ (shaxs)ga iltimosnoma yuboriladi.
Zaruriy qo‘shimcha ish materiallari, to‘lov amalga oshirilganligi haqidagi to‘lov pattasi (kvitansiyasi) taqdim etilib, qurilish obekt(lar)i ko‘zdan kechirilgandan so‘ng barcha yig‘ilgan hujjatlar va ma’lumotlar tahlil qilinib, ishning murakkablik darajasidan kelib chiqib, belgilangan muddatda xulosalar tayyorlanadi.
Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining hal qiladigan masalalari – turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan bino (bino qismlari) va inshootlarni me’yoriy hujjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash;
– ko‘chmas mulk obektlarini baholash bo‘yicha tuzilgan baholash hisobotlarining ilmiy asoslanganligini tekshirish;
– ta’mirlash-tiklash va qurilishda bajarilgan ishlar yuzasidan tuzilgan smeta hujjatlari va nazorat o‘lchov dalolatnomalarining ilmiy asoslanganligini aniqlash;
– turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binolarni (bino qismlarini) ulushlarga bo‘lish, ajratish va foydalanish tartibini belgilash imkoniyatlarini aniqlash;
– turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binolarning (konstruksiya yoki yelementlarining) Shaharsozlik me’yorlari va qoidalari, texnikaviy ekspluatatsiya me’yorlari va qoidalari talablariga javob berishi yoki bermasligini aniqlash;
– qurilgan yoki qayta qurilgan bino-inshootlarni, bajarilgan qurilish, ta’mirlash yoki qayta qurish ishlarini loyihaga to‘g‘ri kelishi yoki kelmaslgini aniqlash;
– avariya holatlari sabablari bo‘yicha – binolarning cho‘kishi, namlanishi, ishlarning noto‘g‘ri bajarilishi oqibatida bino va inshootlarni (konstruksiya yoki yelementlarini) qulashi, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga suv toshishining texnik sabablarini va buning oqibatida pardozlash ishlarining shikastlanishi hamda qurilish ishlarini amalga oshirishda baxtsiz hodisalarning sabablarini aniqlash.
Xulosa qilib aytganda, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi sudlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fuqarolar va jamiyat manfaatlarini himoya qilishda, nizoli obektlarda yuzaga kelgan muammolarni o‘z vaqtida hamda adolatli bartaraf etishda sohaning o‘rni, ahamiyati beqiyosdir. Sud qurilish-texnik ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan berilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda malakali kadrlarni yetishtirish, ularni malakasini xorijiy tashkilotlar tajribasi asosida doimiy oshirib borish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida moddiy texnik bazasini takomillashtirish, yetarli adabiyotlar va uslubiy qo‘llanmalar bilan ta’minlash hamda ularni yangilab borish muhim ahamiyat kasb yetadi.
RSEM Sirdaryo viloyat bo‘limi eksperti
B.Jabbarbergenov