Bugungi kunda sud-huquq tizimida adolatni taʼminlashning eng muhim shartlaridan biri — bu dalillarning ilmiy asoslanganligidir. Zamonaviy texnologiyalar asrida sud ekspertizasi sohasi tubdan yangilanib, nafaqat jinoyatlarni ochishda, balki fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda ham asosiy boʻgʻinga aylandi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda sud-ekspertiza faoliyatini rivojlantirish, sohani raqamlashtirish va ekspert xulosalarining xolisligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Endilikda ekspertiza faqatgina tergov organi yoki sudning qarori bilan emas, balki fuqarolarning toʻgʻridan-toʻgʻri murojaatlari asosida ham oʻtkazilmoqda.
Zamonaviy laboratoriyalar eng soʻnggi rusumdagi texnik vositalar bilan jihozlangani natijasida ilgari imkonsiz boʻlgan tadqiqotlarni oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi:
Jumladan DNK genotipik ekspertizasi shaxsni identifikatsiya qilish, otalikni belgilash va biologik ashyolardan jinoyatchini aniqlashda 99,9% aniqlikka erishilmoqda;
Kibertexnika va raqamli ekspertiza kompyuterlar, mobil qurilmalar va ijtimoiy tarmoqlardagi oʻchirib yuborilgan maʼlumotlarni tiklash, kiberjinoyatlarni fosh etish imkoniyati kengaymoqda;
Fonoskopiya va yuz qiyofasi ekspertizasi ovoz yozuvlari va videotasvirlar orqali shaxsni tanish, yozuvning haqiqiyligini yoki montaj qilinganligini aniqlash mumkin;
Oziq-ovqat va tovarshunoslik ekspertizasi isteʼmol tovarlarining sifati va bozor qiymatini aniqlashda yuqori aniqlikdagi tahlillar yoʻlga qoʻyilgan.
Sud ekspertizasi tizimidagi eng katta ijobiy oʻzgarish — bu sohaning “yopiq tizim”dan ochiq va xalqchil tizimga aylanganidir.
Ilgari ekspertiza faqat davlat muassasalarida oʻtkazilgan boʻlsa, endilikda fuqarolar xususiy (nodavlat) sud-ekspertiza tashkilotlariga ham murojaat qilish huquqiga ega. Bu sohada raqobatni yuzaga keltirib, xizmat sifatini oshirish va muddatlarni qisqartirishga xizmat qilmoqda.
Fuqarolar sudgacha boʻlgan bosqichda yoki fuqarolik nizolarida (masalan, meros ishlari, mulkni baholash, otalikni tasdiqlash) oʻz tashabbuslari bilan mutaxassis xulosasini olishlari mumkin. Bu esa sud ishlarining tezroq va adolatli hal boʻlishiga yordam beradi.
Raqamlashtirish jarayonlari sud ekspertizasi tizimiga ham izchil joriy etilmoqda. Elektron hujjat aylanmasi, onlayn tarizda ekspertizalar tayinlash, ekspertiza natijalarini elektron shaklda olish imkoniyatlari ish taynlovchi organlar uchun katta qulaylik yaratmoqda.
Shu bilan birga:
- ekspertiza tayinlash va oʻtkazish muddatlari qisqarmoqda;
- inson omili bilan bogʻliq ortiqcha byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilmoqda;
- jarayon shaffofligi oshmoqda.
Sud ekspertizasi faqat sud va tergov organlari uchun emas, balki keng jamoatchilik uchun ham katta ahamiyatga ega. U:
- fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi;
- nizolarni adolatli hal etishga xizmat qiladi;
- jamiyatda qonun ustuvorligi va ishonchni mustahkamlaydi.
Shu bilan birga sud ekspertizasi nafaqat aybdorni jazolash, balki beayb insonni himoya qilish uchun ham xizmat qiladi.
Masalan:
Yoʻl-transport hodisalarida ekspert xulosasi haydovchining aybi bor-yoʻqligini fizik qonuniyatlar asosida isbotlab beradi.
Xatshunoslik ekspertizasi soxta imzolar tufayli mulkidan ayrilishi mumkin boʻlgan fuqarolar huquqlarini tiklaydi.
Zamonaviy ekspertiza xulosasi sudda eng ishonchli dalil sifatida qabul qilinadi, chunki u inson omiliga emas, balki ilmiy tajriba va aniq hisob-kitoblarga asoslanadi.
Sud-ekspertiza sohasidagi islohotlarning bosh maqsadi — fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirishdir. Yuqori texnologiyalar va sohaning erkinlashtirilishi har bir fuqaroga oʻz haqiqatini ilmiy asosda isbotlash imkonini beradi.
RSEMning Navoiy viloyat boʻlimi mudiri
1-darajali yurist F.A.Ochilov