Sud ekspertizasini ekspertlar komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi– tadqiqot o‘tkazishda bir necha ekspertlar ishtirok etishini taqozo etadi. Ushbu komissiya faoliyati komissiyaviy ekspertiza yoki kompleks ekspertiza shaklida o‘tkazilishi mumkin hisoblanadi .
Kompleks sud ekspertizalar uchun esa o‘ziga xos xususiyatlar mavjud, ya’ni: – kompleks ekspertiza doirasida tadqiqotlarni o‘tkazayotgan sud ekspertlari bir vaqtni o‘zida turlicha ob’ektlarni tadqiq qiladilar. Bunda asosiy omil bo‘lib ekspertiza oldiga qo‘yilgan savollarga umumiy xulosalarni shakllantirish hisoblanadi;
– turli fan sohalaridagi bilim va tadqiqot usulidan foydalaniladi;
– kompleks ekspertizada yagona tadqiqot predmetining mavjud bo‘ladi, ya’ni turli fan soha mutaxassislari ular uchun yagona tadqiqot predmetini o‘rganadilar;
– turli soha ekspertlarining bilimlaridan yagona xulosa chiqarishda foydalaniladi.
Bunda bir ob’ekt yuzasidan berilgan savollarga turli ekspertlar o‘z sohasi yutuqlaridan foydalanib xulosa beradilar.
Kompleks ekspertizaning huquqiy tabiati to‘g‘risida olimlarning fikrlarini shartli ravishda quyidagi ikki guruhga bo‘lish mumkin:
Birinchi guruhga tegishli mualliflar, kompleks ekspertiza bu– huquqiy tushuncha deb hisoblashadi, chunki kompleks ekspertiza o‘tkazish uchun asoslar, o‘tkazish tartibi, shuningdek, uning natijalari – ekspert xulosasini rasmiylashtirish va foydalanish tartibni tegishli qonun va sohaviy kodekslarda belgilab qo‘yilganligi muhimdir.
Boshqa yondashuv mualliflari kompleks ekspertizani protsessual va gnoseologik tusdagi tushuncha deb bilishadi Masalan, R.S. Belkin shunday deb yozgan edi: “Gnoseologik jihatdan, bir sud eksperti tomonidan kompleks (zamonaviy ma’noda) ekspertizani o‘tkazish e’tirozlarni keltirib chiqara olmaydi, chunki, umuman olganda bilish jarayoni bilish sub’ektlarining soniga bog‘liq emas; u bilish sub’ektining sifati va bilish vositalarining tegishli imkoniyatlari bilan belgilanadi.
Protsessual jihatdan, masalaning bunday yechimi (kompleks ekspertizani bir sud eksperti tomonidan o‘tkazilishi) uchun hech qanday to‘siqlar yo‘q, chunki ekspertning (ekspertlarning) har qanday xulosasi tergovchi va sud tomonidan majburiy baholanadi va faqat ulargina bu hujjatdan ko‘rilayotgan ishda foydalanish masalasini hal qiladilar. Biroq, ekspertiza xulosasini baholash nuqtai nazaridan, odatda bitta ekspert tomonidan kompleks ekspertiza o‘tkazilishiga nisbatan e’tirozlar bildiriladi”.
Ko‘pgina mualliflarning fikricha, kompleks ekspertizada jinoyat ishi uchun ahamiyatga molik holatlar turli ilm sohalaridan foydalanib, bir necha tadqiqotlar o‘tkazish orqali aniqlanadi. Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilib, “kompleks ekspertizani ko‘plab mualliflar tomonidan yetarli darajada farqlab berilgan, boshqa hodisalardan ajratib olishga imkon beradigan quyidagi belgilarini ko‘rsatish mumkin – kompleks tadqiqot, ekspertizalar majmui”.
Kompleks ekspertiza – unda ko‘rilayotgan ishi uchun ahamiyatga molik holatlar turli ilm sohalaridan foydalanib, bir necha tadqiqot o‘tkazish orqali aniqlanadi.
Kompleks ekspertiza – turli fan sohalari mutaxassislarining tadqiqot ob’ektini o‘z faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiq etib, yagona xulosaga kelishiga qaratilgan ekspertiza tadqiqoti tushuniladi. Ya’ni, kompleks ekspertizada tadqiqot bir necha bosqichlarni o‘z ichiga olib har bir bosqichda alohida xulosaga kelinib, so‘ngra ular umumlashtiriladi. Bu ekspertizada turli texnologiyalardan foydalaniladi va ulardan ketma-ket foydalanish tizimi ishlab chiqiladi. Bir ekspert tomonidan foydalanilgan usul boshqasi uchun noqulayliklar yuzaga keltirmasligi lozim. Bu holat esa, o‘z navbatida, ekspertlardan nima qilish kerakligini oldindan rejalashtirish va tizimli ishlashni talab qiladi, chunki kompleks tadqiqot bir tarafdan xulosa berishni osonlashtirsa, boshqa tomondan katta mas’uliyatni talab qiladi, chunki ish murakkabligi va o‘tkaziladigan har bir tadqiqot natijaviy xulosada aks etishi va bir tadqiqotning noto‘g‘ri olib borilishi ishning yakuniy natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olib alohida e’tiborni talab qiladi.
Yuqoridagilarga binoan, kompleks ekspertiza uchun xos bo‘lgan xususiyatlar sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatishimiz mumkin: bir necha ekspertiza ob’ektlarini o‘rganishga qaratilgan bo‘ladi; bir vaqtning o‘zida yoki ketma-ket bir necha soha mutaxassislarining ekspertiza ob’ektlarini o‘rganishini nazarda tutadi. Bunda ekspertlar birgalashib umumiy xulosaga kelgan taqdirda, xulosani birgalikda imzolaydilar.
Bundan tashqari kompleks ekspertizani tavsiflovchi quyidagi xususiyatlar ham ko‘rsatish mumkin: turli fan sohalaridagi bilim va tadqiqot usulidan foydalanish (bunda ekspertiza o‘z ichiga bir necha ekspertiza turlari yordamidan foydalanishni taqozo qiladi); yagona tadqiqot predmetining mavjudligi, bu shu bilan izohlanadiki, turli fan soxa mutaxassislari ular uchun yagona tadqiqot predmetini o‘rganadi; turli soha ekspertlarining bilimlaridan yagona xulosa chiqarishda ifodalanadi. Bunda bir ob’ekt yuzasidan berilgan savollarga turli ekspertlar o‘z sohasi yutuqlaridan foydalanib xulosa beradi.
Kompleks ekspertizada turli fan sohalari tadqiqot usullaridan foydalanilganligi bois, har bir tadqiqot natijasini umumiy xulosada aks ettirish va har bir ekspert o‘zi bergan fikri aks etgan yozuv ostiga imzo qo‘yishi talab qilinadi.
Kompleks ekspertiza o‘tkazishda qatnashayotgan har bir ekspert ularning har biri o‘zi aniqlaydigan holatlar hajmi va majmuidan qat’i nazar, tadqiqotni mustaqil amalga oshiradi, buning uchun shaxsan javobgar bo‘ladi va faqat o‘z vakolati doirasida xulosa beradi. Har bir ekspert JPKning 178-moddasiga asosan, o‘z harakati va o‘z tadqiqoti qismi uchun shaxsan javob beradi.
Bu ekspertiza turida har bir ekspert fikri ma’lum bir bosqich uchun yakunlovchi ahamiyatga ega bo‘lib, yakuniy xulosa uchun muhim ma’lumot yig‘ib beradi. Mazkur ekspertizaning muhim bosqichlaridan biri ekspertlarning umumiy muhokamasi bo‘lib, unda har bir ekspert tadqiqot ob’ekti yuzasidan o‘z fikrini bildiradi. Bu holatda kompleks ekspertizada xulosa yuzasidan tafovutlarni bartaraf etish bo‘yicha ovozga qo‘yishda betaraflar bo‘lishi mumkin emas hisoblanadi. Chunki har bir ekspert o‘z xulosasiga ishonch hosil qilgan bo‘lishi darkor.
Kompleks ekspertizada ekspertlar orasidan eng tajribali bir ekspert tanlanib, u tadqiqotda qatnashayotgan barcha ekspertlar faoliyatini yo‘naltirib turishi va umumiy xulosa uchun mas’ul bo‘lishi lozim. Agar ekspertlar komissiyasi yakuniy fikri yoki uning bir qismi ekspertlardan birining fikriga asoslanadigan bo‘lsa, unda bu haqda xulosada ko‘rsatilishi talab qilinadi. Chunki ekspertlarni xulosa yuzasidan so‘roq qilishda avvalo ushbu ekspert chaqirilib, xulosa, unda qo‘llanilgan usullar haqida aniq ma’lumot berishi mumkin bo‘lgan shaxsni aniqlashga vaqt sarflamasdan tezda ma’lumot olish imkoni paydo bo‘ladi.
Ekspertlar o‘rtasida tadqiqot jarayoni usuli yoki yakuniy natija yuzasidan kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar bo‘yicha o‘zi tadqiqot o‘tkazib alohida xulosa berishi lozim. Ekspertiza tayinlagan shaxs ushbu usullarni o‘rganib, xulosasi asos qilib olinadigan xulosani va noto‘g‘ri yo‘nalishda shakllantirilgan xulosani aniqlash imkoni paydo bo‘ladi.
Kompleks ekspertizani o‘tkazish davlat sud-ekspertiza muassasasiga topshirilgan bo‘lsa, ushbu ekspertizani tashkil qilish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi. Muassasa rahbari kompleks ekspertizani o‘tkazuvchi ekspertlar komissiyasiga qaysi ekspertlarni jalb qilish kerakligi, ularni huquqlarini tushuntirish, ekspertizani o‘tkazish muddatlarini belgilash kabi huquqlardan foydalanadi.
Ta’kidlash joizki, hozirgi kunda kompleks ekspertizalar o‘tkazishning huquqiy tartibga solinishi turlicha savollarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘plab mutaxassislarning kompleks ekspertizani huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan ko‘plab takliflari qo‘llab-quvvatlanmayapti, bu esa kriminalist olimlar va amaliyotchi xodimlarni ushbu mavzuni qayta-qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda.
Shu munosabat bilan, kompleks ekspertizalarni tasniflash uchun asoslarni qayta ko‘rib chiqish talab etilmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, fikrimizcha, bu turdagi ekspertizalarni amaldagi, ijrochilar soni va tarkibi bo‘yicha tasniflash asoslari, ya’ni kompleks ekspertizaniturli mutaxassislikdagi ekspertlar ishtirokidagi komissiyaviy ekspertiza sifatida ajratilishi har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi bo‘la olmaydi. Ko‘pchilik soha mutaxassislari kompleks ekspertizalarni bir ekspert tomonidan o‘tkazish imkoniyati (va qonun asosida mustaxkamlshni) haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Fikrimizcha, kompleks ekspertizalarni tadqiqotlarni o‘tkazishdagi maxsus bilimlarning ahamiyatiga ko‘ra quyidagi turlarga ajratishni taklif qilish mumkin:
1) tadqiqot jarayonida maxsus bilimlarning integratsiyasi bo‘yicha
–bir xil ahamiyatli kompleks ekspertizalar , bunday ekspertizada har bir muayyan mutaxassislik bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida, ekspert xulosasi uchun mustaqil ahamiyatga ega natijalar olinadi;
– turdosh (teng huquqli) kompleks ekspertizalar , bunday ekspertizalar yakuniy xulosa chiqarish uchun zarur axborotlar bir turdagi mutaxassislikka oid maxsus bilimlardan foydalanib olinadi, biroq, o‘tkazilayotgan ekspertizaning predmeti to‘liq qamrab olinmaydi va binobarin boshqa turdagi maxsus bilimlardan foydalanish talab etiladi. O‘z navbatida bu turdagi ekspertizalarni o‘tkazishdagi foydalanilmaydigan boshqa turdagi maxsus bilimlar asosiy maxsus bilimlarga turdosh (teng huquqli) hisoblanadi;
– kombinatsiyalangan kompleks ekspertizalar , bunday turdagi ekspertizalar bir xil ahamiyatli va turdosh kompleks ekspertizalar xususiyatlariga ega bo‘ladi. Bunday holatda ekspertiza oldiga qo‘yilgan savol bir necha mutaxassislikka tegishli maxsus bilimlarning yig‘indisi yordamida hal qilinadi, shuningdek bu jarayonda qo‘shimcha ma’lumotlardan ham foydalaniladi.
2) tadqiqotlarni o‘tkazuvchi mutaxassislar soniga ko‘ra: – individual va komissiyaviy.
Bu kabi yondashuv tabiatan o‘xshash bo‘lmagan komissiyaviy ekspertizalar va kompleks ekspertizalarni o‘zaro farqlash imkonini beradi va shu bilan birga bu turdagi ekspertizalarni aniqroq tasniflashga imkon beradi.
Afsuski, bugungi kunga qadar “Sud ekspertizasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yoki sohaviy kodekslarda individual kompleks tadqiqotlarni o‘tkazish imkoniyati ko‘zda tutilmagan. Xususan, kompleks ekspertizalarni o‘tkazishda o‘ziga xos bir xususiyat inobatga olinmagan. Bir sud eksperti bir turdagi ekspertizalarni o‘tkazishda yuqorida sanab o‘tilgan kompleks tadqiqotlarni barchasini bitta o‘zi o‘tkazishi mumkin. Chunki, juda ko‘plab davlatlarning, jumladan O‘zbekistonning ham, sud ekspertiza muassasalarida faoliyat yuritadigan bir sud ekspertida bir necha turdagi (turli mutaxassislik bo‘yicha) sud ekspertizani mustaqil o‘tkazish huquqi bor.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi RSEMning har bir viloyatda filiali bor, bu filiallarda 3ta yoki 4 ta sud eksperti ishlaydi. Xizmat ko‘rsatish mintaqasining sud ekspertizalariga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu xodimlar bir vaqtni o‘zida bir necha turdagi sud ekspertizalarni o‘tkazadi. Bunday muammo boshqa mamlakatlar sud ekspertlik faoliyatida ham mavjud. Shu sababli, Rossiya Federasiyasi Oliy sudi Plenumi “Jinoiy ishlar bo‘yicha sud ekspertizasi to‘g‘risida” 2010 yil 21 dekabrdagi 28-sonli qarorining 12-bandida bitta ekspert tomonidan kompleks ekspertiza o‘tkazishning qonuniy amaliyotini tan olgan.
Xulosa sifatida ta’kidlash mumkinki, sud eksperti tomonidan turlicha (bir necha) mutaxassisliklarga oid metod va metodikalarni qo‘llab o‘tkazilgan ekspertizani kompleks ekspertiza deb hisoblash mumkin bo‘ladi. Ya’ni, kompleks ekspertiza va tadqiqotlar komissiyaviy asosida ham, individual ravishda (bir sud eksperti tomonidan) ham o‘tkazilishi mumkin. Kompleks ekspertizaning tabiati (indiqidual yoki komissiyaviy) – har xil turdagi ekspertizalarga oid maxsus bilimlarni uyg‘unlashtirish yoki bo‘lmasa, tegishli mutaxassisliklar bo‘yicha maxsus bilimlarga ega bo‘lgan yagona sud eksperti tomonidan shu bilimlardan foydalangan holda sud ekspertlarining ishtirokida umumiy xulosa shakllantirishda aniqlanadi. Kompleks sud ekspertizasini o‘tkazish va uning natijalarini isbotlov jarayonida foydalanish amaliyotini takomillashtirish uchun, kompleks ekspertizani tartibga soluvchi nazariy, me’yoriy va tashkiliy qoidalarni birlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha harakat qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
X.Sulaymonova nomidagi RSEMning Samarqand viloyat bo‘limi yetakchi eksperti A.M.Djuraev