Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini oʻtkazish tartibi va unda hal etiladigan masalalar

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi ko‘p qirrali va murakkab texnik tadqiqot turi bo‘lib, unda qurilish obyektlari bilan bog‘liq nizolarni texnik jihatdan hal qilish uchun maxsus bilimlar qo‘llaniladi. Ushbu maqolada sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining o‘tkazish tartibi va unda yechiladigan masalalar yoritiladi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining mohiyati va dolzarbligi

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi quyidagi holatlarda qo‘llaniladi:

– nizoli bino-inshootlarning bahosini aniqlash,

– ko’chmas mulk obyektlarini qayta tuzish imkoniyatlarini aniqlashda (ulushlarga bo’lish, ajratish hamda foydalanish tartibini belgilashda);

– uy-joylarni baholash yuzasidan mustaqil baholovchi tashkilotlar tomonidan tuzilgan baholash hisobotlarining ilmiy asoslanganligini aniqlashda;

– ta’mirlash-tiklash yuzasidan tuzilgan smeta hujjatlarini hamda bajarilgan ishlar bo‘yicha nazorat o‘lchov dalolatnomalarining ilmiy asoslanganligini aniqlash;

– qurilish obyektlarining shaharsozlik va texnik me’yorlarga mos kelishi yoki mos kelmasligini aniqlashda;

– qurilish obyektlari yoki konstruksiyalarining ekspluatatsion yoki funksional sifatlarini qisman yoki to’liq yo’qotishi sabablarini aniqlash.

Yuqoridagi holatlarda sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining o’tkazilishi sud ekspertizasini tayinlovchi organ (shaxs)ning hal qiluv qarorida, jinoyat ishi doirasida tergov hamda surishtiruv mobaynida zarur dalillar sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining tadqiqot obyektlari:

Binolarni loyihalashtirish, qurilish va ekspluatatsiya bo’yicha loyiha-smetalari va ishlab chiqarish-texnikaviy hujjatlari, turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, muhandislik tarmoqlari hamda shu bino va qurilmalarning o’zi sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining tadqiqot obyektlaridir.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasini oʻtkazish tartibi:

Ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazish uchun asosning taqdim etilishi lozim. Bunda tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini o‘tkazish asoslaridir. Sud ekspertizasi tegishli qaror yoki ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran tayinlangan hisoblanadi.

Shuningdek advokatlik so’rovi asosida sud ekspertizasi tayinlash to’g’risidagi so’rovnoma ham ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazish uchun asos hisoblanadi. Bunda sud ekspertlik faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi. Advokat so‘roviga ko‘ra tadqiqotlar iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy ish yuritilayotganda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chog‘ida yoki sud muhokamasi jarayonida davlat sud-ekspertiza muassasalari va nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida ishonch bildiruvchi shaxs roziligi bilan amalga oshiriladi.

Ekspertiza tadqiqotlarini o’tkazish uchun asos hamda u bilan birga taqdim etilgan hujjatlar o’rganib chiqilib, dastlabki tahlil amalga oshiriladi. Shundan so’ng, zaruriy qo’shimcha ish materiallarini taqdim etish, tadqiqotlarni o’tkazish uchun to’lovni amalga oshirish (iqtisodiy, fuqarolik va ma’muriy sudlarga taalluqli ishlar bo‘yicha) hamda ajrim yoki qarorda ko’rsatilgan obyektlarni ko’zdan kechirishni tashkil etish haqida sud ekspertizasi tayinlovchi organ (shaxs)ga iltimosnoma yuboriladi.

Zaruriy qo’shimcha ish materiallari, to’lov amalga oshirilganligi haqidagi to’lov pattasi (kvitansiyasi) taqdim etilib, qurilish obyekt(lar)i ko’zdan kechirilgandan so’ng barcha yig’ilgan hujjatlar va ma’lumotlar tahlil qilinib, ishning murakkablik darajasidan kelib chiqib, belgilangan muddatda xulosalar tayyorlanadi.

Sud qurilish-texnikaviy ekspertizasining hal qiladigan masalalari

– turar joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan bino (bino qismlari) va inshootlarni me’yoriy hujjatlar asosida hisob usuli bilan bozor narxini aniqlash;

– yer maydonlarini yerdan foydalanish huquqining qiymatini aniqlash;

– ko’chmas mulk obyektlarini baholash bo’yicha tuzilgan baholash hisobotlarining ilmiy asoslanganligini tekshirish;

– ta’mirlash-tiklash va qurilishda bajarilgan ishlar yuzasidan tuzilgan smeta hujjatlari va nazorat o’lchov dalolatnomalarining ilmiy asoslanganligini aniqlash;

– turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan binolarni (bino qismlarini) ulushlarga bo’lish, ajratish va foydalanish tartibini belgilash imkoniyatlarini aniqlash;

– turar-joy, jamoat va ishlab chiqarishga mo’ljallangan binolarning (konstruksiya yoki elementlarining) Shaharsozlik me’yorlari va qoidalari, texnikaviy ekspluatatsiya me’yorlari va qoidalari talablariga javob berishi yoki bermasligini aniqlash;

– qurilgan yoki qayta qurilgan bino-inshootlarni, bajarilgan qurilish, ta’mirlash yoki qayta qurish ishlarini loyihaga to’g’ri kelishi yoki kelmaslgini aniqlash;

– avariya holatlari sabablari bo’yicha – binolarning cho’kishi, namlanishi, ishlarning noto’g’ri bajarilishi oqibatida bino va inshootlarni (konstruksiya yoki elementlarini) qulashi, ko’p qavatli uylardagi xonadonlarga suv toshishining texnik sabablarini va buning oqibatida pardozlash ishlarining shikastlanishi hamda qurilish ishlarini amalga oshirishda baxtsiz hodisalarning sabablarini aniqlash

– qurilishda mansabdor shaxslar tomonidan talon-tarojlikka yo’l qo’yilishining sabablari va sharoitlarining kelib chiqishi hamda bino va inshootlarning texnik holatiga ta’sir qiluvchi avariya holatlarini aniqlash.

Xulosa qilib aytganda, sud qurilish-texnikaviy ekspertizasi sudlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fuqarolar hamda jamiyat manfaatlarini himoya qilishda, nizoli obyektlarda yuzaga kelgan muammolarni o’z vaqtida hamda adolatli bartaraf etishda sohaning o’rni, ahamiyati beqiyosdir. Ushbu ekspertiza sohasini yanada rivojlantirish uchun davlatimiz tomonidan berilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda malakali kadrlarni yetishtirish, ularni malakasini xorijiy tashkilotlar tajribasi asosida doimiy oshirib borish hamda zamonaviy texnologiyalar asosida moddiy texnik bazasini takomillashtirish, yetarli adabiyotlar va uslubiy qo’llanmalar bilan ta’minlash hamda ularni yangilab borish muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Sud qurilish – texnikaviy ekspertizalar bo‘limi
eksperti U.Abdusalomov

Skip to content